O‘qituvchilar fikri inobatga olinmadi
Yaqinda mahalladoshim O‘roqboy aka o‘g‘li Boburjonning elektr simlaridagi nosozlikni tuzatish bo‘yicha maktabda olgan bilimi hayotda asqotganini aytib, minnatdorlik bildirdi. Ota-onalardan bunday e’tirofni eshitish o‘qituvchi uchun katta rag‘bat. Bundan o‘z faoliyatim, bolalarga berayotgan sabog‘im qanchalik muhimligini yanada chuqur his etdim. Texnologiya fanini o‘quvchi shunchaki o‘rganmaydi, balki olgan bilimini amaliy mashg‘ulotda mustahkamlaydi. Kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalari shakllanadi.
Ammo ba’zi sinflarda bu fanning o‘rni, nufuzi ko‘zga ko‘rinmayotgandek, nazarimda.
Xalq ta’limi vazirligining 2017-yil 16-maydagi 165-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan tayanch o‘quv rejaning 14-bandiga ko‘ra, o‘quvchilar soni 25 nafardan kam bo‘lgan sinf ikki guruhga bo‘linmaydi. Ya’ni, o‘g‘il va qiz bolalar texnologiya fanini bir sinfda o‘qishiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘z navbatida boshqa muammoni keltirib chiqaradi. Agar fan o‘qituvchisi erkak kishi bo‘lsa, u o‘g‘il bolalarga duradgorlikni o‘rgatsa, qizlar nima qiladi? Yoki ayol ustoz tikuvchilikni o‘rgatsa, o‘g‘il bolalar nimani o‘rganadi? Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bu muammoni bartaraf etish uchun maxsus o‘quv dasturi bosqichma-bosqich tayyorlanyapti. Hozircha faqat 6-7-sinflar uchun umumlashgan maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Qolgan sinflarda esa eski dastur va darslik bo‘yicha o‘g‘il-qizlar bir sinfda o‘qitilmoqda.
O‘g‘il bolalar guruhida 7-sinfda “Yog‘ochga ishlov berish texnologiyasi”, “Asbob-uskunalar, moslamalar va ulardan foydalanish”, “Mashina, mexanizm, stanoklar va ulardan foydalanish”, “Mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologiyasi”, “Polimer material-larga ishlov berish texnologiyasi”, “Metalga ishlov berish texnologiyasi”, “Asbob-uskunalar, moslamalar va ulardan foydalanish”, 9-sinfda “Elektrotexnika asoslari”, “Xalq hunarmandchiligi texnologiyasi”, 8-sinfda “Xalq hunarmandchiligi texnologiyasi”, “Elektrotexnika asoslari” kabi qizlarga xos bo‘lma-gan mavzular qamrab olingan. Qizlar guruhiga esa servis xizmati, pazandalik, tikuvchilik, to‘qish, tikuv mashinalaridan foydalanish kabi hayot uchun muhim hunarlar o‘rgatiladi. Ammo bu mavzular o‘g‘il bolalarga qiziq emas. Oqibatda o‘quvchi soni 25 nafardan kam bo‘lgan sinflarda texnologiya darslari bo‘linmay o‘tilayotgani tufayli fanga qiziqish so‘nib boryapti.
Birinchidan, o‘g‘il va qiz bolalar qo‘shib o‘qitilganda, amaliy mashg‘ulotlarga vaqt yetmayapti. O‘quvchilar ikki guruhga bo‘linib qolgan. Ba’zi o‘g‘il bolalar texnologiya darsiga kirishni o‘ziga or bilib: “Salat tayyorlashni o‘rganamizmi, ko‘ylak tikamizmi?” degan masxaraomuz gaplar bilan fanga e’tiborsiz qaramoqda. O‘smir psixologiyasidan kelib chiqilsa, bunday reaksiya tabiiydir. Ikkinchidan, bu jarayonda turli chalkashliklar ham kelib chiqyapti. Masalan, 24 nafar o‘quvchi bo‘lsa, bo‘linmay o‘qitilayotgan sinfga bir nafar yangi o‘quvchi kelib qo‘shilsa, darslar uchinchi chorakdan bo‘lib o‘tiladi. Bu o‘quvchilarga ham, o‘qituvchiga ham qiyinchilik tug‘diradi.
Nega vazirlik mutasaddilari fanga kiritilayotgan yangiliklarning amaliyotga qanday ta’sir ko‘rsa-tayotganini o‘rganmayapti? Axir, har bir yangilikning ijobiy yoki salbiy ta’siri haqida eng to‘g‘ri bahoni o‘qituvchi beradi-ku! Bu o‘zgarishni texnologiya o‘qituvchilari yoqlamasa-da, ularning fikri inobatga olinmadi. Eng yomoni, masalani o‘qituvchi emas, maktabdagi mavjud vaziyatdan mutlaqo bexabar bo‘lganlar hal etyapti.
Bu fan ikki guruhga bo‘lib o‘tilishi shart. Negaki, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan qizlar o‘z yumush-larini, o‘g‘il bolalar o‘z vazifasini maktabdayoq anglab yetishi kerak.
G‘ayratjon QORABEKOV, tc "G‘ayratjon QORABEKOV," Bulung‘ur tumanidagi 11-maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi