Tadbirkor dars o‘tdi
Quva tumani xalq ta’limi bo‘limi ijtimoiy fanlar metodisti Ahrorjon Rahmonov tadbirkorlik yo‘nalishida ochiq darslar festivali o‘tkazdi. Festival 9 ta hududda 25 ta noodatiy dars tarzida tashkil etildi. Birinchi hududda 1-, 2-, 9-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tarix, iqtisodiy bilim asoslari, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari fani darslarini hunarmand usta xonadoni, Quva shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy majmuasi hamda “FOOL makaron” oilaviy korxonasida o‘tkazdi. tc " Zomin tumanidagi 64- maktab direktorining ma ’ naviy - ma ’ rifiy
ishlar bo ‘ yicha o ‘ rinbosari "
— Tumanimizda tarixiy joylar ko‘p, — deydi maktabning tarix fani o‘qituvchisi Sayyora Salimjonova. — Bugun sinfxonani tark etib, Ahmad al-Farg‘oniy majmuasiga keldik. 9-sinf o‘quvchilari buyuk ajdodlarimizdan birining hayoti va faoliyati bilan shu yerda tanishdilar.
Milliy cholg‘ular ustasi, hunarmand usta Mamasoli Xolbekov 1-maktabning 8-sinf o‘quvchilariga peshvoz chiqdi. Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari darsi ustaning uyida o‘tkazilishi o‘quvchilarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
— Milliy cholg‘u asboblari yasaydigan ustalar ancha kamayib ketdi. Chunki bu hunar juda mashaqqatli, insondan iroda talab etadi. Bitta torni yasash uchun yillab vaqt ketadi. Tol daraxti kesilgandan so‘ng uch yil quritilishi kerak. Yetti-sakkiz oy tor yasash jarayoniga ketadi. Bitta “qulog‘i”ni haftada tayyorlayman. Xullas, bitta tor besh yilda tayyor bo‘ladi. Uni 3-3,5 million so‘mga sotish mumkin. Agar tor, rubob, dutor, doira kabi musiqa asboblarining yasalish jarayoniga qiziquvchilar bo‘lsa, marhamat, o‘rgatganim bo‘lsin, — deydi usta.
1-maktab o‘quvchisi Dilbaroy Ismoilova tumandagi 13-musiqa va san’at maktabining dutor yo‘nalishida ta’lim oladi. U ustaxonada dutorning qanday yasalishi, qanday bezak berilishi bilan tanishdi. Sozanda qiz dutorda milliy kuylardan chalib berdi.
2-maktabning 9-sinf o‘quvchilari iqtisodiy bilim asoslari darsini makaron ishlab chiqaruvchi tadbirkor Qahramon Salimovning oilaviy korxonasida o‘tkazdilar. “Tadbirkorlik sinoatlari va saboqlari” deb nomlangan mashg‘ulotda tadbirkor ichki bozorda o‘zining muqim o‘rnini topib olgan korxona faoliyati xususida so‘zlab berdi.
— Oilaviy korxonamizning ochilganiga besh yil bo‘ldi, — deydi Qahramon Salimov. — 8 ta ish o‘rni yaratdik. Bir kunda 2,5 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga egamiz. 10 xil makaron mahsuloti iste’molchilarga tortiq etilmoqda.
Tadbirkor bilan savol-javob boshlandi. U o‘quvchilarning “Bu sohaga sizni kim yo‘naltirgan?”, “Tadbirkor bo‘lish uchun maktabda hamma fanlardan a’lo o‘qish kerakmi?”, “Kelgusida yana qanday mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchisiz? Bozordagi raqobatdan qo‘rqmaysizmi?” kabi savollariga javob qaytardi. O‘quvchilarda biznes reja tuzish g‘oyasi paydo bo‘ldi.
Sharifa MADRAHIMOVA