Ko‘nglimdan joy olgan til — nemis tili
“Ma’rifat” gazetasida chop etilgan “Jahonga yo‘l faqat ingliz tili orqali emas” nomli maqolada anchadan beri ko‘nglimda yig‘ilib yotgan so‘zlarni o‘qidim.
Prezidentimizning shu yil yanvar oyida Germaniyaga rasmiy tashrifi oldidan yurtimizdagi 3 ta maktabga nemis olimi va mutafakkirlarining nomi berilishi nemis tili o‘qituvchilari uchun bayramdek bo‘ldi. O‘zbek-nemis hamkorligi mustahkamlanishiga oid xushxabarlarni eshitib behad quvondik. Chunki o‘tgan o‘n yillikda ahvol shu darajaga yetdiki, 5—9-sinflarda nemis tilini o‘rgangan o‘quvchilar kollej va litseylarda ixtiyoriy-majburiy tarzda ingliz tiliga jalb qilindi. O‘quvchilarda boshlang‘ich fundamental bilim bo‘lmasa-da, darslar reja asosida davom etaverdi, ular qaysi tilni o‘rganishgan, hozir o‘qiyotgan tilini o‘zlashtirishyaptimi-yo‘qmi, bu bilan hech kimning ishi bo‘lmadi.
10–11-sinflarning ochilishi bu jihatdan bizga munosib sovg‘a bo‘ldi. Mehnatimiz mevasi o‘zimizga qaytdi. Hech qanaqasiga inkor eta olmaymiz, hamon ota-onalar nemis tili o‘qiyotgan farzandi orqasidan kelib, ular nazdida “keraksiz xorijiy til”ni o‘rgatayotganimizni(!) sovuqqina norozi nigohlari bilan bo‘lsa-da, bildirib ketishardi. Biz o‘ta mas’uliyat bilan, kerak bo‘lsa, hadik bilan faoliyat yurita boshlagandik so‘nggi paytlarda.
Ovozimizni balandroq ko‘tarsak, eng past o‘zlashtiruvchi o‘quvchi ham “ingliz” guruhida o‘qishni istab qolardi. E’tibor qilaman, aksariyat ota-onalar til ajratmaydi, farzandi kelajagida asqotishi mumkin bo‘lgan xorijiy tilni o‘rgatayotganingizga ishonchi komil. Lekin masalaning yana bir tomoni meni qiynaydi: jahonda o‘zining munosib o‘rnini topayotgan mustaqil O‘zbekistonda Germaniya, Avstriya, Shveysariyadek davlatlarning tili bo‘lgan nemis tilini o‘qitishning inqirozi ilm cho‘qqilarini tobora egallab, dunyoni anglab borayotganimizdan darakmi yoki qandaydir noto‘g‘ri targ‘ibotga ko‘r-ko‘rona ergashishmi?
Shu dam “O‘tkan kunlar” qahramoni Yusufbek hojining bir gapi xayoldan o‘tadi: “Bu dargohdan hech kim norizo bo‘lib ketgan emas?”. Men nemislar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan “Lehrertag” nomli seminarda muntazam qatnashib kelaman. Ular bu seminarda bizni sovg‘alar bilan kutib olishadi, darslariga taklif qilishadi, bizning nimadir o‘rganib ketishimizni chin dildan istashadi. Ammo yurtimizda bir jahoniy tilning nufuzi pasayib ketayotganini ich-ichimizdan sezib turganmiz.
Nemis tilini o‘rganganimga 20 yildan oshibdi. Hayotim mazmuniga aylangan ilmim, 20 yillik mehnatim inkor etilib tursa, dardimni kimga aytay?! Shukrki, mutaxassisligimiz bilan bir qatorda qayta tayyorlov kurslarini o‘tagan holda ingliz, rus tillaridan ham dars beryapmiz. Lekin negadir ular yuragimga singib ketmaydi, mehr uyg‘onmaydi. Ko‘nglimda o‘zbek tilidan keyingi o‘rinni band etgan nemis tiliga ham hurmat va e’tibor berilishi haqidagi gaplar menga taskin berdi.
Marhabo SATTOROVA, tc "Marhabo
SATTOROVA," Nurota shahridagi tc "Nurota shahridagi" 54-maktab o‘qituvchisi