Yana konspekt yozyapmiz!
Avvallari pedagoglardan ortiqcha hujjatlar talab qilinishi ish sifatiga salbiy ta’sir etmay qolmasdi. Hozir fan o‘qituvchilaridan dars jarayoni bilan bog‘liq turli hisobotlar talab qilish ancha kamaydi. Biroq to‘garaklar uchun konspekt yozdirish haligacha barham topgani yo‘q. Ba’zida fan o‘qituvchilarining qo‘shimcha to‘garak uchun “Yana konspekt yozamizmi?”, “Daftarni tasdiqlatishim kerak!” degan tashvishlariga guvoh bo‘lamiz.
O‘quvchilarga bo‘sh vaqtlarida qo‘shimcha o‘tiladigan bepul fan to‘garaklari aslida ijodiy mashg‘ulot sanaladi. Bu fursat o‘g‘il-qizlarning o‘z bilimini mustahkamlashi, tushunmagan mavzularini puxta o‘zlashtirishi va ijodiy g‘oyalar berishi uchun imkoniyat. Har bir mashg‘ulotda bola o‘z tashabbusi bilan o‘rganishni istagan g‘oyalarini havola etishga, dars mazmunini tashkil etuvchi mavzuni tanlashga haqli. Qaysi mavzuni o‘zlashtirishda qiynalsa, shuni takroran tushuntirishni o‘qituvchisidan so‘rashi mumkin.
Darsni qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib o‘quvchining o‘zi ham tashkil qilib berishi mumkin. Shunda o‘qituvchi konspekt asosidagi mavzuni o‘tmay, o‘quvchilarning xatti-harakati va bahsini kuzatib boradi. Bunday tajriba o‘g‘il-qizlarning o‘z bilim va ko‘nikmalarini hayotga tatbiq etishiga ko‘mak beradi. Shuning uchun ham to‘garaklar uchun konspekt yozish talab etilishi mantiqan to‘g‘ri emas, nazarimda.
O‘quv yili davomida qo‘shimcha to‘garaklarda o‘qitiladigan dars mavzulari bo‘yicha umumiy yillik hisobot bo‘lishiga qarshimasmiz, ammo kunlik reja asosida mavzu bayonini tayyorlash va tasdiqlatish qog‘ozbozlik emasmi? Bu holat o‘qituvchining vaqti besamar ketishiga sabab bo‘ladi.
To‘garak mashg‘ulotlari haftada ikki marta o‘tilishini talab qilish ham ayrim muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, yuqori sinflarda 10—15 ta fan o‘tilsa, bu fanlar bo‘yicha har bir to‘garakda ishtirok etish uchun o‘quvchining vaqti yetmaydi. Keyin u bir yoki ikki fan to‘garagiga qatnab, shu darslar bilan cheklanib qoladi. Barcha fanlardan yaxshi o‘zlashtirishni istagan o‘quvchi mashg‘ulotlarga qatnashishga ulgurgan taqdirda ham hammasini qorishtirib yuboradi. Shu bois, vaqt samaradorligi va mashg‘ulot sifati uchun to‘garaklarning haftada bir marta o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.
Zulayho QURBONOVA, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi