Sherzod Shermatov Prezident qarori yuzasidan o‘z fikrini bildirdi
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi prezident qarori bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda u Facebook’dagi o‘z sahifasida yozgan.
«Prezident maktablarini tashkil etish bo‘yicha kuni kecha qabul qilingan qaror yoshlarimiz orasida o‘ziga xos iqtidorga ega bo‘lganlari uchun kelgusida o‘z iste'dodlarini namoyon etishga juda katta imkoniyatlar ochib beradi.
Bu jarayonni olmosni brilliantga aylanish jarayoniga o‘xshatsa bo‘ladi. E'tibor qaratilmasa, olmos ham oddiy toshga o‘xshab qadrsizdek ko‘rinishi mumkin, lekin haqiqiy ustasining qo‘lida u juda qimmatbaho brilliantga aylanadi.
Hozirgi kunda, mamlakatimizning turli chekka yerlarida yashayotgan yoshlar orasida iqtidorli o‘quvchilarimiz ko‘p. Prezident maktablarining maqsadi esa ana shunday o‘ziga xos iqtidorli yoshlarni vaqtida tanlay olish va ularga yuqori malakali mutaxassislar tomonidan maqsadli ta'lim va tarbiya berilishidir.
Shu maqsadda, Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan eng asosiy va eng qiyin vazifa ham aynan tanlov jarayonini xolis va to‘g‘ri tashkil qilishdir. Albatta, zamonaviy bino va o‘quv jihozlar bilan ta'minlash, o‘quv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish ham juda muhim vazifadir. Lekin tanlov to‘g‘ri tashkil etilmas ekan, katta mablag‘ sarf qilinadigan bunday ishlarning ham samarasi yuqori bo‘lmasligi aniq.
Tanlovni to‘g‘ri va xolis tashkil etish uchun nufuzli xorijiy hamkor tashkilotni jalb etish rejalashtirilgan va hozirda qator tashkilotlar bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinmoqda», — deb yozadi Sh.Shermatov.