Xorazmda maktablar toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi
Toza ichimlik suvi inson salomatligini ta’minlashda muhim omildir. Shu bois umumta’lim muassasalarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
— Joriy o‘quv yili boshida “Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Xorazm viloyatidagi Bog‘ot, Gurlan, Hazorasp, Xiva, Qo‘shko‘pir, Shovot hamda Yangiariq tumanlarida joylashgan jami 37 ta maktab toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, — deydi Xorazm viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli bino va inshootlardan foydalanishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Gulbahor Abdullayeva. — Tumanlardagi toza ichimlik suviga ehtiyoji yuqori bo‘lgan maktablar o‘rganishlar asosida tanlab olindi va rejaga kiritildi. Bu ishga jamg‘arma hisobidan jami 4 milliard 370 million 400 ming so‘m sarflandi. Har bir maktab hududiga kichik suv inshooti qurilib, unga maxsus moslama o‘rnatildi. Bunda artezian quduq yordamida yer tagidan suv tortib olinadi va iste’molga tayyor holatga kelgunga qadar 3 ta filtrdan o‘tkaziladi. Nasos orqali 500 litrdan 800 litrgacha suv chiqariladi. Barcha ishlar yakunlangach, Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan suvning iste’mol talablariga javob berishi tasdiqlandi. 2019-yilda yana 7 ta tumandagi 28 ta maktabga ham toza ichimlik suvi inshootini qurish rejalashtirilmoqda.
Bog‘ot va Shovot tumanidagi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan maktablar hayotini o‘rgandik.
— Tumanimizda jami 54 ta maktab bor. Shulardan 5 tasi — 7-, 10-, 12-, 24-, 39-umumta’lim maktablari dastur asosida toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, — deydi Shovot tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maxsus ta’mirlash va ekspluatatsiya xizmati boshlig‘i Elyor Boltaboyev. — Maktablarga jamg‘arma hisobidan 572 million 400 ming so‘m ajratildi va toza ichimlik suvi inshootlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Qurish ishlari “Binokor” MChJ tomonidan amalga oshirildi. Endi tumanimizdagi jami 34 ta maktabda toza ichimlik suviga ehtiyoj yo‘q. Qolgan 20 ta maktabda o‘quvchilarga quduq suvi qaynatib berilmoqda.
O‘rganishlar davomida shunga amin bo‘ldikki, toza ichimlik suvi muammosi tumandagi qator maktablarni qiynab kelgan. Endi bu muammolar birma-bir bartaraf etilmoqda.
— Tumanimizdagi 6 ta maktabga jamg‘arma hisobidan 687 million 200 ming so‘m ajratildi, — deydi Bog‘ot tuman xalq ta’limi bo‘limi maxsus ta’mirlash va ekspluatatsiya xizmati boshlig‘i Farhod Matyoqubov. — Nayman qishlog‘idagi 21-, Qajiqqal’a qishlog‘idagi 14-, Oltinqum mahallasidagi 2-, Gulshan mahallasidagi 18-, To‘qchi mahallasidagi 13- hamda tuman markazidagi 7-maktablarga toza ichimlik suvi inshooti qurib berildi. Tumanda jami 49 ta maktab bo‘lib, shu kunga qadar ularning barchasida suv qaynatilgan holda iste’mol qilingan. 28 ta maktab vodoprovod quvuri orqali suv ichgan bo‘lsa, endi shundan 6 tasida toza ichimlik suvi mavjud, qolganlari esa artezian quduqlari suvidan foydalanadi. 2019-yilda chekka hududlardagi yana 5 ta maktabda toza ichimlik suvi inshooti qurilishi rejalashtirilgan.
Maktab hovlisining markazida qad rostlagan ixchamgina ichimlik suvi binosi tanaffusda bolalar bilan gavjum. Endi o‘quvchilar sog‘lig‘i uchun bezarar ichimlik suvidan ichmoqda. Maktab rahbarlari ham yelkasidagi tog‘ ag‘darilganidan mamnun.
— 2018-yil sentabr oyidan boshlab maktabimizda toza ichimlik suvi chiqayotganidan butun jamoa xursand, — deydi Bog‘ot tumanidagi 7-maktab direktori Go‘zal Rahimova. — Oldinlari maktabimizda qo‘lbola quduq bo‘lib, undan chiqqan suv o‘quvchilarga har doim qaynatib berilardi. O‘tgan yili bahorda ota-onalar yordami bilan maxsus suv quvurini torttirgan edik. Bu suv ham talabga javob bermas edi. Har bir sinfga suv qaynatadigan elektr choynaklar qo‘yib, imkon darajasida suvni qaynatib, sovitib qo‘yishga harakat qilardik. Baribir bola bola-da, soviq suv ichib qo‘ygan paytlari ham bo‘lardi. Ularning salomatligidan xavotir olardik. Mana endi suv bilan bog‘liq muammolarimiz kamayadi. Endi o‘quvchilar suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ichishyapti. Har bir o‘quvchi o‘z idishidan foydalanishi nazoratga olingan. Qo‘shni maktablar ham katta-katta idishlarda toza suvimizdan olib ketishmoqda.
Bu yangilikdan ota-onalar ham xursand.
— Ikki farzandim 7-maktabda o‘qiydi, — deydi Muqaddas Egamova. — Toza suv masalasi meni doim o‘ylantirib kelardi. Chunki bola yuguradi, dars davomida ko‘p chanqaydi. Har kuni farzandlarimga suv qaynatib berib yuborardim. Lekin ba’zida quduq suvidan ham ichgan paytlari bo‘lardi. U suv turli kasalliklar keltirib chiqarishidan xavotir olardim. Endi maktabda toza ichimlik suvi mavjud. Bundan barcha ota-onalar kabi men ham juda xursand bo‘ldim. Bolalarimga bittadan stakan berdim. Endi ular xohlagan payti o‘z idishlarida suv ichishadi. Sovuq kunlari suv katta idishlarda xonalarga kiritib qo‘yiladi. Barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri