Maktabga erkak muallimlar qaytyapti(mi?)
Bugun xalq ta’limi tizimini tubdan isloh qilish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz.
Ammo sohada hali-hamon og‘riqli masalalar borki, aslo undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ulardan biri – erkak o‘qituvchilarni maktablarga qaytarish, ta’lim-tarbiya jarayoniga ko‘proq jalb etish masalasi. Xo‘sh, umumta’lim maktablariga erkak o‘qituvchi nega kerak? Shahar va tumanlarda erkak o‘qituvchilarni maktabga qaytarish, ta’lim jarayonida ularning o‘rnini to‘ldirish borasidagi ishlar ahvoli qanday?
Barkamol avlod tarbiyasida o‘qituvchilarning rolini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Mamlakatimizda o‘tgan davrda ta’lim-tarbiya sohasini yanada rivojlantirish, o‘qituvchi nufuzini oshirishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ta’lim xodimlarining oylik maoshi oshirildi, ularga turli imtiyozlar berildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni kunlarda "Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi"? asosida salmoqli ishlar bajarilmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi qat’iy nazoratga olingan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, bugungi kunda umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan 45 ming 205 nafar pedagogning 11 ming 61 nafari erkak o‘qituvchilardir. 1 ming 275 nafari joriy o‘quv yilida ishga qabul qilingan. Bu mutaxassislarning aksariyati maktablarda “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani kiritilgani hisobiga amalga oshirilgan. Albatta, maktablarga erkak o‘qituvchilar qaytayotgani yaxshi, ammo bu ishlar ko‘ngildagidek, degani emas.
Darhaqiqat, maktabda erkak o‘qituvchining o‘z o‘rni bor. Ta’lim maskanida tartib-intizomni saqlash, darsni tushuntirish-u o‘quvchining o‘zlashtirishida ham ularning ta’siri kuchli.
– Erkaklar ijtimoiy hayotda muhim o‘rin tutadi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi, psixologiya fanlari nomzodi Muazzamxon Isoqova. – Ular barcha sohalarda samarali faoliyat olib boradi. Shunday kasblar borki, biz bu yo‘nalishlarni erkaklarsiz tasavvur qila olmaymiz. Aynan ta’lim tizimi xuddi shu sohalar qatorida turadi. Chunki kelajagimiz egalarining ta’lim-tarbiyasi, kelgusi taqdirida, ayol o‘qituvchilarni hech kamsitmagan holda, aytish kerakki, erkak o‘qituvchilarning o‘rni nihoyatda muhim. Biroq ma’lum sabablarga ko‘ra tizimda erkak o‘qituvchilar soni kamayib ketgan edi. Ularni yana ta’lim jarayoniga qaytarish esa dolzarb masala bo‘lib qoldi. Bolalik va o‘smirlik pallasida, ayniqsa, o‘g‘il bolalarda mardlik, jasorat, qat’iyat va g‘urur tuyg‘ulari shakllanishida, ularning chinakam yigit bo‘lib yetishishida erkak ustozlarning roli katta.
– Maktabda erkak o‘qituvchilar bo‘lishi bolalarga oilaning o‘rnini sezdiradi, – deydi Toshloq tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatining fizika fani o‘qituvchisi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi“ faxriy unvoni sohibi Ikromjon Marahimov. – Chunki o‘quvchilar, ayniqsa, o‘g‘il bolalar oilada hamisha otadan hayiqadi. Ruhiy tomondan oladigan bo‘lsak, bola ona bag‘rida o‘sib ulg‘aygani uchun ham undan doimo mehr kutib o‘rgangan. Ta’lim-tarbiya oiladan boshlansa-da, sharqona odobga ko‘ra, ota – oila ustuni, oila qo‘rg‘onining himoyachisi bo‘lgan. Bola erkak o‘qituvchilar timsolida o‘z otasini ko‘rgandek bo‘ladi. Shuning uchun maktabda erkak o‘qituvchining bo‘lishi o‘quvchilarda, ayniqsa, o‘g‘il bolalarda tartib-intizomga rioya qilish, mas’uliyatli, qat’iyatli bo‘lish kabi ko‘nikmalar shakllanishida bosh omil hisoblanadi. Hozirgi kunda maktab-internatimizda 28 nafar pedagog xodimning 16 nafari erkak o‘qituvchilardir. Mamlakatimizda nafaqaga chiqqan o‘qituvchilarga katta e’tibor berilgani tufayli hozirgi kunda 2 nafar nafaqadagi tajribali erkak pedagog ta’lim-tarbiya jarayoniga qaytdi. Yosh pedagoglar ularning tajribasini o‘rganishi muhim ahamiyatga ega.
Albatta, erkak muallimlarni maktabga qaytarish borasida gapirish oson. Ammo uning yechimini izlash, amaliy hal etishga vaqt va yillar kerak bo‘ladi, nazarimizda. Raqamlarni ko‘zdan kechirish, hududlarda bo‘lib, mavzuni o‘rganish mazkur yo‘nalishdagi ishlar qoniqarsiz ahvolda ekanini ko‘rsatadi.
Bag‘dod tumani Qirq volida qishlog‘idagi 10-umumta’lim maktabida 1 ming 400 dan ziyod o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olmoqda. 98 nafar pedagogning 26 nafari erkaklardir.
– Maktablarda erkak muallimlar bo‘lishi o‘quv muassasasi muhitiga va ta’lim sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi, – deydi ushbu maktab direktori Xatima Jo‘rayeva. – Joriy o‘quv yilida oliy ta’lim muassasasini bitirgan 4 nafar yigitni ishga qabul qildik. Akbarali Mamasidiqov, Erkinjon Ergashev, Ahadjon Mamatqulov kabi o‘qituvchilar o‘zining fidoyiligi va talabchanligi bilan jamoada obro‘ qozongan. O‘quvchilarni ko‘p kuzataman. Sho‘xroqlari ham ana shu o‘qituvchilarni ko‘rganda, o‘zini darrov tartibga soladi. Ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilari tarbiyasida bu erkak o‘qituvchilarimizning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi.
Mazkur tumandagi 29-umumta’lim maktabida ayni kunlarda 14 nafar erkak o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Umuman, tumandagi 55 ta umumta’lim maktabida ishlayotgan pedagoglarning 24,2 foizi erkak o‘qituvchilardir, xolos.
Biz viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida yosh mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlar bilan ham qiziqdik. Qo‘qon davlat pedagogika institutida 21 ta ta’lim yo‘nalishi va 11 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 7 ming 891 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 1 ming 611 nafarini (22,2 foiz) o‘g‘il bolalar tashkil etadi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda, – deydi institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Oybek Bozorov. – Bizning oliy o‘quv yurtimizda ta’lim sohasi uchun pedagog kadrlar tayyorlanadi. Yigitlarimizni o‘qituvchilik kasbiga qiziqtirish maqsadida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etmoqdamiz. Talabalar amaliyoti ham maktablarda o‘tkazilib, u yerdagi tajribali o‘qituvchilar biriktirilgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, ular orasida institutni bitirgandan keyin boshqa sohani tanlayotganlar ham bor. Ko‘rinib turibdiki, ta’lim maskanlarida erkak o‘qituvchilar sonini ko‘paytirish uchun amalga oshiriladigan ishlar hali ko‘p. Avvalo, yoshlar orasida bu kasbga qiziqishni oshirish uchun jiddiy tadbirlar olib borilishi, nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, el-yurt orasida hurmat qozongan, katta hayotiy tajriba va boy bilimga ega o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytarish zarur.
Aslida maktab ham katta bir oila. Unda kelajagimiz vorislari kamol topadi. Bu maskanda erkak o‘qituvchilar ko‘paysa, o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasida ham sifat va samaradorlik bo‘ladi, turli huquqbuzarliklarning oldi olinadi. Siz bunga nima deysiz?
Ma’sudjon SULAYMONOV, O‘zA