Ona tili nega guruhga bo‘lib o‘qitilmaydi?
Yurtimiz o‘quvchi va o‘qituvchilariga berilayotgan imkoniyatlarga havas qilsa arziydi. Albatta, bularning barchasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Menimcha, islohotlar yanada samarali bo‘lishini ta’minlash uchun dastlab tizimdagi oddiy muammolarga yechim topish kerak.
Hozirgi kunda ta’lim samaradorligini oshirish yo‘llari haqida ko‘p gapirilmoqda. Bunda o‘qituvchilar tajribasiga, o‘ziga xos noodatiy fikrlariga tayanish lozim. Mening ham bu borada takliflarim bor. Birinchi o‘rinda sinfda o‘quvchilar sonini me’yorlashtirish kerak. Agar bir sinfdagi 35-36 o‘quvchi matematika, ona tili va adabiyot, kimyo, fizika fanlaridan ham ikki guruhga bo‘lib o‘qitilsa, natija ancha yuqori bo‘lar edi. Nima uchun bu fanlar ham chet tili, jismoniy tarbiya, texnologiya fanlari kabi ikki guruhga bo‘lib o‘tilmaydi?
Maktabda o‘qib yurgan davrimda sinfimizda jami 17 o‘quvchi ta’lim olganmiz. Boshqa sinflarda o‘quvchi soni ko‘p edi. Eng qizig‘i, shu 17 nafar o‘quvchidan 15 nafari respublikamizning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish baxtiga muyassar bo‘ldi. Hozir ular o‘z kasbining yetuk mutaxassisi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ta’lim sifatli bo‘lishida sinfda o‘quvchilarning soni juda ham muhim.
To‘g‘ri, darsda hamma o‘qituvchi o‘z maqsadimga erishdim, deb o‘ylaydi, ammo bo‘sh o‘zlashtiruvchi va iqtidorli o‘quvchi bilan alohida ishlashga vaqt yetmaydi. Sinfda 35 nafar o‘quvchi bo‘lsa, ularning har biri bilan ishlashga 1 daqiqadan vaqt ketsa ham, 35 daqiqa tugadi, deyavering. Aslida, o‘tilgan mavzuni so‘rashga 7 daqiqa, yangi mavzu bayoniga 10, mustahkamlashga yana 10 daqiqa ajratilgan.
Mehriniso BOBOMURODOVA, Zarafshon shahridagi 2-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi