Kafolat xati “kafolatli”mi?
— Bugun Sohibaning oyisini chaqirtirib, kafolat xati oldim, — dedi qo‘lidagi bir dasta daftarni navbatchining stoliga qo‘yayotib o‘qituvchi.
— Nega? Yaqin kunlarda biror bayram ham yo‘q-ku!
— Yuqori sinfga o‘tgach, smartfon ishlatayotgan o‘quvchilarning ota-onalariga telefonidagi ma’lumotlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini uqtiryapman. Ayniqsa, qizlarning qanday yozishmalari borligini bilmaymiz...
— To‘g‘ri-ku, ammo tilxat yozgani o‘quvchining tartib-intizomini nazorat qilmasangiz bo‘ladi, degani emas.
Bunday suhbatlarga qulog‘imiz o‘rganib ham ketdi. O‘quv yili davomidagi ta’til kunlari yoki bayramlar arafasida o‘quvchilarning ota-onalaridan bolasining kompyuter klublariga bormasligi, pirotexnika vositalarini sotib olmasligi, jamoat tartibini buzmasligi, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etmasligi ta’kidlangan kafolat xatlari olish odatga aylandi. Bunday xat olinganligi to‘g‘risida sinf rahbari maktab direktoriga, direktor tuman (shahar) XTB mudiriga, mudir viloyat (hududiy) XTBga hisobot beradi. Masalan, “Tegishli organlar bilan kelishilgan holda ta’til davomida (Yangi yil bayrami davrida) xavfsizlik, jamoat tartibi hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan talablardan kelib chiqqan holda, sinf o‘quvchilari bilan ularning ota-onasi ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazib, quyidagi vazifalar bajarilishini ta’minlayman:
— bayramni o‘zboshimchalik bilan sinfxona, restoran, bar yoki boshqa joylarda nishonlashiga yo‘l qo‘ymayman;
— qishki ta’til davomida o‘quvchilar tomonidan pirotexnika vositalaridan foydalanishning oldini olish yuzasidan uning zararli oqibatlari haqida suhbatlar tashkil etaman;
— pirotexnika vositalaridan foydalanish qat’iy taqiqlanganini barcha o‘quvchi-yoshlar to‘liq anglab yetishlariga erishaman, o‘quvchilarning ota-onalaridan farzandlarining xavfsizligini ta’minlashi haqida kafolat xati oldim”.
Bunday kafolat xati uch nusxada chop etilib, bir nusxasi ota-onalarga yetkaziladi. Maktabdagi yig‘ilishda qatnashmaganlarga xatni uyma-uy tarqatish o‘qituvchiga yana bir tashvish tug‘diradi. Ayrim holatlarda sinf rahbari bu xatga imzo qo‘ydirib kelishni o‘quvchining o‘ziga yuklaydi. Ba’zi pedagoglar maktabdan tashqari payti bola bilan sodir bo‘ladigan ko‘ngilsiz holatlarga javobgar bo‘lmaslik uchun kafolat xati kerak, deya o‘z fikrini ma’qullaydi. Oqibatda xat mazmun-mohiyatini tushunib-tushunmay talab qilayotgan o‘qituvchi ham, imzosi tushgan ota-ona ham qog‘ozbozlikning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki ota-ona farzandining axloqi, o‘zini tutishi, xavfsizligi, salomatligi, aqliy-jismoniy rivojlanishi uchun g‘amxo‘rlik qilishi shart ekani ta’kidlangan me’yoriy hujjatlar, rasmiy yo‘riqnomalar mavjud. Jumladan, Konstitutsiyamizning 63-, 64-moddasida ota-onlar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi, Oila kodeksining 73-moddasida ota-onalar farzandini tarbiyalash uchun mas’ulligi, Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiyada oilada bola hayoti va sog‘lig‘i muhofaza qilinishi ta’kidlangan. Har o‘quv yili boshida uch tomonlama tuziladigan yo‘riqnomaning maxsus talabnomasida ham o‘quvchilarning maktabdan tashqari paytdagi holati uchun ularning qonuniy javobgarligi keltirilib, mazmuni bilan tanishgan ota-onalar o‘z burchini yana bir bor esga olganini imzosi bilan tasdiqlaydi. Shunday ekan, ta’til yoki bayram arafasida yana kafolat xati olishga ne hojat?
— Ayrim holatlarda bolaning huquqbuzarligi uchun sinf rahbari jazolanadi, — deydi Termiz shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi Dilbar Normurodova. — “Maktab direktori bilan sinf rahbari lavozimidan bo‘shatildi”, “Pedagogni jazolash kerak” kabi gap-so‘zlar qulog‘imga chalinsa, yillarga sochilgan mehnatni o‘ylayman. Uning shuncha yil maktabga qilgan xizmati, ta’lim sohasidagi fidoyiligi bitta noxushlik sabab “yuvilib” ketganiga achinaman. Shunda nima uchun ota-ona, mahalladan biror kishi jazo olmasligi o‘ylantiradi. Oila kodeksida ham farzand tarbiyasi, xavfsizligi va axloqi uchun ota-ona javobgarligi qayd etilgan-ku! 30 yillik pedagogik faoliyatimning 20 yilida sinf rahbari bo‘ldim. Qancha-qancha shogirdlar tayyorladim, ularning ota-onalari bilan ishladim. Keyingi yillarda kafolat xati olish avj oldi. Bu yil hech kimdan kafolat xati olmadim va hech kimga bu haqda hisobot ham yozmadim. Sababi, o‘quvchining darsdan keyingi holati, kelib-ketishi, kiyinishi, xavfsizligi uchun ota-ona kafilligi ichki ishlar idoralari, maktab va ota-ona ishtirokida qabul qilingan shartnomada belgilangan. Bu har o‘quv yili boshida tasdiqlanadi.
Aslida bu muammoning yechimi o‘zimizga bog‘liq. Barcha o‘z o‘rnida haq-huquqi va burchini bilishi lozim. Afsuski, buni tushunmayotganlar hisobotlarni rasmi bilan yetkazishga “bel bog‘lashadi”.
Aslida bu kabi qog‘ozbozliklar Prezidentimizning «Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra bekor qilingan.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning hududiy xalq ta’limi boshqarma boshliqlariga “Shaxsan nazorat uchun” deb yo‘llagan murojaat xatida o‘qituvchilardan ortiqcha hujjat talab qilinishi va ular turli ishlarga jalb qilinishi taqiqlanishi ta’kidlangan. Jumladan, “... ta’lim maskanlarida o‘qituvchilardan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun hisobot, bayonnoma, (foto) albom tayyorlash yoki sinf rahbarlarini o‘quvchilarning uylariga yuborish, ota-onalari bilan birga suhbat o‘tkazilganligi haqida fotosurat yoki hisobot talab etilishini, mahalliy hokimliklar tomonidan ta’lim muassasalari rahbarlari yoki o‘qituvchilarning har qanday majburiy mehnatga turli yig‘ilishga, tadbirlarda zalni to‘ldirish uchun “tomoshabin” sifatida jalb qilinishi taqiqlashini” ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, “Mazkur talablarni barcha maktab rahbarlariga yetkazishingizni hamda boshqarma boshliqlarini, tuman (shahar) xalq ta’limi mudirlari va maktab rahbarlarini o‘qituvchilardan ortiqcha qog‘ozbozlik, hisobotlar talab etishlariga chek qo‘yishlari haqida so‘nggi marta qat’iy ogohlantiraman”, deyiladi murojaat xatida.
Shoira BOYMURODOVA