Maktabdagi tekshiruvlar 26 martaga qisqargan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokida “O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov jamiyatda o‘qituvchilar maqomini yuksaltirish, ijtimoiy ta’minlanganlik darajasini ko‘tarish, o‘qituvchini o‘z xizmat vazifasidan tashqari ishlardan ozod qilish singari sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. O‘qituvchilarning maoshi ikki bosqichda, ya’ni 2018-yilning 1-sentabrida va 2019-yilning 1-yanvarida oshirildi.
Bugun o‘qituvchilar bazaviy tarif stavkalari asosida 1509255 so‘mdan 2225865 so‘mgacha oylik maosh olayotgani, daftar tekshirish va sinf rahbarligi uchun ham qo‘shimcha xaq to‘lanayotgani, buning natijasida 13 mindan ortiq erkak o‘qituvchilar maktablarga qaytgani e’tirof etildi.
— Davlatimiz rahbarining eng birinchi qarori ham o‘qituvchining maqomini oshirishga qaratilgan edi, — dedi Xalq ta’limi vaziri. — Vaqti kelib, jamiyatda o‘qituvchining mavqei bundan ham yuksaladi. Prezidentimiz har bir videoselektorda o‘qituvchilar haqida, albatta, gapirib o‘tadilar, “Ularning oyligini 1000 dollarga chiqarmaguncha to‘xtamaymiz”, deb ko‘p aytadilar. Nasib qilsa, albatta, shu darajaga boramiz.
Islohotlar natijasida xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyatiga bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb etish taqiqlandi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2018-yilda tekshiruvlar soni 26 martaga, ish hujjatlari soni 7 tadan 3 taga qisqargan.
Matbuot anjumanida o‘qituvchilarning nufuzini oshirishda OAV imkoniyatlaridan keng foydalanilayotgani, jumladan, televideniye, radio, internet hamda bosma nashrlar orqali vedeorolik, eshshittirishlar va ibratli maqolalar chop etilayotgani, yaqinda jamoat transportlarida ham o‘qituvchi va ularning faoliyatini ulug‘lovchi ijtimoiy reklamalar berila boshlangani ta’kidlandi.
Anjuman yakunida Xalq ta’limi vaziri jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.