Yangi darsliklardagi yondashuv
Ta’lim-tarbiya jarayonida xatoga yo‘l qo‘ymaslik muhim, jumladan, ijodiy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini o‘stirishda ahamiyat kasb etuvchi darsliklarning sifatli va mazmunli yaratilishi — davr talabi. Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish ijtimoiy fanlar ichida muhim o‘rin tutadi.
Shu bois, 2019-2020-o‘quv yilida 3-, 8-, 9-sinf “O‘zbek tili” darsliklari nashr etiladi. Bunda o‘zbek tili fani nutqiy tamoyilda ikkinchi til sifatida o‘qitilishi nazarda tutilib, o‘quv dasturi amaliyotchi o‘qituvchi va olimlarning fikri asosida takomillashtirilmoqda. Dasturda lingvistik kompetensiyalar uzviyligi ta’minlanib, nutqiy va grammatik bilimlar izchillikda berilishiga erishilmoqda. 24 ta nutqiy mavzu yangi dasturda 18 taga qisqartirildi va har mavzuga avvalgidek 2 soat emas, 3 soat ajratildi. Darsliklar takomillashtirilgan o‘quv dasturi, amalda qo‘llanib kelinayotgan darslik yuzasidan amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qayta ishlandi.
E’tiborlisi, darslikni yaratishda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi o‘rganildi. O‘zbek tili darsliklarida o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga, zehnini charxlashga yo‘naltirilgan mashq va topshiriqlar berildi, fanlararo integratsiyaga e’tibor qaratildi. Darslikda berilgan matnlarning mazmuniga halqaro PISA baholash dasturining elementlari singdirildi. Dizayn va illustratsiyalari yangicha yondashuvda qayta ishlandi. O‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirishga qaratilgan matn, dialog, lug‘at va topshiriqlar 4 xil rangda hamda har bir mavzu doirasida mashq, topshiriq, dialoglarni ko‘proq berish maqsadida darslikning qog‘oz bichimi 70x90 tarzida o‘zgartirildi.
Darslikning mazmuniga o‘zbek adabiyotining ixcham va go‘zal namunalari, xalqning tarixiy, madaniy hayotiga xos muhim lavhalar, umumbashariy madaniyatga hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining buyuk allomalarining ijodiy merosini o‘rganish maqsadida adabiy o‘qish materiallari izchillikda kiritildi, o‘quvchilarda nutqiy va lingvistik kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan yangi pedagogik texnologiyalar singdirildi. Shuningdek, DTS asosida darslikning mazmunida quyidagi talablar ko‘zda tutildi:
1. O‘rganilayotgan tilda muloqot malakasini egallash (nutqiy kommunikativ kompetensiya).
2. Til materiali va vositalarini nutqda qo‘llay bilish uchun yetarli bilimlarni o‘zlashtirish (lingvistik kompetensiya).
3. Milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish orqali hosil qilinadigan tarbiya (milliy madaniyatni egallash malakasi).
Ushbu mazmun asosan nutqiy kommunikativ malakani egallash orqali o‘zbek tilini o‘rgatishning umumta’limiy maqsadini, milliy madaniyatni egallash malakasi esa tarbiyaviy maqsadni ko‘zda tutadi.
Bu o‘rinda, darslik qamrab olgan materiallarni o‘quvchiga qanday metodlar orqali yetkazib berish kerak hamda bu jarayonda o‘qituvchining kompetentliligi to‘laqonlimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. O‘zining ijodiy muhitida ijobiy natijalarga erishayotgan o‘qituvchilar ham bor, albatta. O‘qituvchilarga metodik yordam sifatida bugungi kunda o‘zbek tili ta’limiga oid manbalar: o‘quv dasturlari, darsliklar, metodik qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlar, multimedia vositalari — barcha-barchasi bosqichma-bosqich yaratilmoqda. O‘zbek tili fani ona tili(milliy maktablar uchun) fanidan o‘ziga xos o‘qitish metodikasi bilan farqlanadi. Buning uchun o‘qituvchidan katta mahorat talab etiladi. O‘qituvchi darslikda berilayotgan har bir nutqiy va grammatik materialni, ya’ni mashqlar, topshiriqlar, dialoglar, grammatik materialni qiyosiy solishtirish orqali o‘rgatish, matn bilan ishlash, lug‘at bilan ishlashda o‘ziga xos individual uslubni qo‘llash borasida o‘zbek tili ta’limida imkoniyatlar juda katta. Bu imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermaydigan ijodkor o‘qituvchilarning fidoyiligi o‘zbek tili ta’limi sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Fotima TOLIPOVA, Respublika ta’lim markazi metodisti