Maktab direktori tadbirkor bo‘lsa...
Bugun ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bilan birgalikda, muassasa hisobraqamiga budjetdan tashqari mablag‘ tushirish dolzarb vazifaga aylandi. Buni to‘g‘ri anglab etgan rahbar xodimlar qo‘shimcha mablag‘ topish yo‘llarini izlashmoqda. Maktab direktorlari menejerlik salohiyatini ham namoyon etmoqda.
Jizzax shahridagi 8-maktab direktori Dilshod Muhammedov shunday rahbarlardan. U mehnat faoliyatini boshlaganiga endigina 6 oydan oshganiga qaramay, o‘zidagi menejerlik qobiliyati tufayli maktabning maxsus hisobraqamiga qo‘shimcha mablag‘ tushirmoqda. O‘quv dargohida 944 o‘quvchiga 80 nafar pedagog saboq bermoqda.
— Yanvar oyida maktabimizga Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tashrif buyurdi, — deydi Dilshod Muhammedov. — Vazir kelgusidagi vazifalarni aniq ko‘rsatib o‘tdi. O‘shanda hisobraqamimizda budjetdan tashqari topilgan 22 million so‘m mablag‘ bor edi.
Yosh rahbar qo‘shimcha mablag‘ keltirish manbalarini o‘rganish davomida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqdi. Bular quyidagilar: ta’lim muassasasi oshxonasini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish yoki boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, foydalanilmayotgan xonalarni ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish obyekti sifatida tadbirkorlarga ijaraga berish, bo‘sh turgan sinfxonalarni o‘quv markazlariga ijaraga berish; sport zalini sport klublari, sport federatsiyasiga ijaraga berish, sun’iy qoplamali sport maydonini barpo etish va uni ham ijaraga berish evaziga yaxshi daromad olsa bo‘ladi. Yer maydonini esa fermer xo‘jaligi yoki jismoniy shaxslarga ijaraga berish orqali (issiqxona tashkil etish, dehqonchilik ekinlarini ekish) daromad olish rejaga kiritilgan. Qolaversa, muassasa hududida ko‘pyillik daraxt, mavsumiy gul ko‘chatlarini yetishtirish va uni sotish mo‘ljallanmoqda.
Ta’lim muassasasida kuni uzaytirilgan guruhlar tashkil etish, pulli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar ochish, pulli to‘garaklar — xoreografiya, tasviriy san’at, musiqa, sport va repetitorlik xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, bolalarni maktabga tayyorlov guruhlarini ochish orqali ham qo‘shimcha daromad olish mumkin.
— Yuqoridagi xizmatlarni tashkil etish orqali yil davomida hisobimizga 50—60 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushirsak bo‘ladi, — deydi maktab direktori. — Topilgan daromad maktabimizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Istiqbolda 60 sinf komplekt jihozi (parta), 2 ta kompyuter sinfi, 25 ta noutbuk, 5 ta elektron doska olishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, bu mablag‘lardan pulli to‘garak o‘qituvchilariga ish haqi, kommunal to‘lovlar va boshqa xarajatlarga ham ajratiladi.
Ushbu ta’lim muassasasi Jizzax shahrida o‘ziga xos mavqega ega. Maktab rahbari Dilshod Muhammedov 2012-yili “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida davlat va huquq asoslari fanidan 1-o‘rinni egallagan. Tadbirkor rahbarning ishbilarmonligi tufayli informatika va axborot texnologiyalari fani xonasini jihozlash bo‘yicha maktab Xitoy Xalq Respublikasi grantini qo‘lga kiritdi. Grant hisobidan 12 ta kompyuter jamlanmasi va elektron doska olindi. Ayni kunda maktabda chet tillarga ixtisoslashtirilgan sinflarni ko‘paytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Abdusattor SODIQOV,
“Ma’rifat” muxbiri