Maktablarga qo‘shimcha daromad keltiradi
Shu kunlardagi dolzarb 5 ta tashabbusning muhimligini oddiy bir misoldan ham ko‘rsa bo‘ladi: Prezidentimizning maktablarga kitob berish bo‘yicha tashabbusi natijasida shu qisqa vaqt ichida maktablarimiz 200 mingdan ortiq kitoblar bilan boyidi.
Yurtdoshlarimiz tomonidan o‘zi tahsil olgan maktabga kitoblar hadya qilish o‘ziga xos trendga aylandi. Nafaqat rahbarlar, balki boshqa bitiruvchilar ham o‘z maktablariga kitoblar olib borib beryapti.
Quvonarlisi, maktabga tashrif buyurib, maktab hayoti bilan tanishgan ko‘pgina bitiruvchilarimiz o‘z imkoniyati darajasida yana qator xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Kimdir kompyuter olib bersa, yana kimdir ta’mirtalab sinfxonalarni ta’mirlab beryapti.
Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi maktab o‘quvchilariga tavsiya etiladigan kitoblar ro‘yxati loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga qo‘ydi. Barchani ushbu so‘rovnomada ishtirok etishga va kitoblarning ro‘yxatini shakllantirishda yordam berishga taklif etamiz: https://bit.ly/2WLdLod.
Prezidentimiz huzurida 5 ta tashabbus haqida batafsil muhokama bo‘lib o‘tdi. Muhokama davomida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ularni madaniyat va san’atga jalb etish, sportga qiziqtirish, kitob o‘qishga chorlash, axborot texnologiyalariga o‘qitish va xotin-qizlarga ishchi o‘rinlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy muhokama etildi. Yig‘ilishda yuqoridagi 5 ta tashabbusni amalga oshirishga yuzaki qaramay, joylarda aniq bir tuman misolida joriy qilib, o‘rganib, keyin yanada kengroq joriy etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash topshirildi.
Farzandlarimiz chinakam barkamol, yetuk va muvaffaqiyatli inson bo‘lib yetishishini istasak, ularning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishiga alohida e’tibor qaratish lozim. Shu sababli, 5 ta tashabbus barcha ota-onalarga qo‘shimcha imkoniyat ham yaratadi.
Maktablardagi Kuzatuv kengashlari maktab direktoriga ushbu yo‘nalishdagi to‘garaklar va tadbirlar yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha vazifalarni belgilab, amalga oshirishga keng yo‘l ochishi zarur.
Misol uchun:
Birinchi tashabbus bo‘yicha: maktablardagi tadbirlar xonalaridan imkon boricha unumli foydalanib, turli xil madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish mumkin. Shu orqali farzandlarimizning ijodkorligi yanada rivojlanadi. Bu esa ularning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun juda muhim.
Ikkinchi tashabbus bo‘yicha: maktab sport maydonchalaridan darsdan tashqari foydalanish va qo‘shimcha pulli to‘garaklar ochish imkoniyati bor. Nafaqat o‘quvchilar, balki yon-atrofdagi yoshlarning ham sport bilan shug‘ullanishiga qo‘shimcha sharoit yaratiladi.
Uchinchi tashabbus bo‘yicha: maktabdagi kompyuter xonalari darsdan keyin bo‘sh yotmay, ulardan to‘liq foydalanib, imkoniyat darajasida qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish mumkin. Oddiy qiziqarli o‘yinlardan tortib, dasturlash, foto va videomontaj kabi foydali ko‘nikmalarni o‘rganishgacha bo‘lgan o‘quv kurslari tashkil etish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchi tashabbus bo‘yicha: maktab kutubxonalari kitoblar bilan boyib borgani sari undan ham o‘quvchilar, ham o‘sha mahalladagi aholi foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Beshinchi tashabbus bo‘yicha: xotin-qizlar uchun yaratilayotgan qo‘shimcha ishchi o‘rinlarida (bu asosan tikuvchilik korxonalariga to‘g‘ri kelyapti) o‘quvchi-qizlarning kasbga tayyorgarligini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Yuqoridagi tashabbuslarning maktablarda to‘g‘ri tashkil etilishi ta’lim muassasalariga budjetdan tashqari qo‘shimcha daromad ham keltiradi. Uni ushbu tashabbuslarni joriy etuvchi xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirishga ishlatsa bo‘ladi.
Sherzod SheRMATOV, xalq ta’limi vaziri