Kam komplektli sinflarda ta’lim muhiti qanday?
Tahririyatimizga Sherobod tumanida yashovchi pedagog Tozagul Usmonova (ism-familiyasi o‘zgartirildi) murojaat qilib, o‘zi faoliyat olib borayotgan ta’lim muassasasidagi bir qator kamchiliklar haqida so‘zladi.
— Men maktab filialida dars beraman. Muassasamiz binosi bundan 15 yil avval qishloqdoshlarimiz tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan. 47 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisini ikki guruhga bo‘lib o‘qitamiz. Men 2- va 4-sinflarga, hamkasbim 1- va 3-sinflarga kam komplektli sharoitda dars beramiz. Mening guruhimda 22 nafar 2- va 4-sinf o‘quvchisi tahsil oladi. Rahbarimizga necha bora e’tiroz bildirib, sinflarni alohida guruhlarga bo‘lib o‘qitishni so‘radik. Ammo direktorimiz mumkin emas, kam komplektli sinflarni tashkil etishning o‘z nizomi bor, deb inkor qildi. Men bu sharoitda ikki yildan buyon saboq berayotgan bo‘lsam, o‘zim ham, o‘quvchilar ham qator qiyinchilik, noqulayliklarga duch kelyapmiz. To‘g‘ri, maktab binosi kichkina, kuz-qish mavsumida bitta qo‘lbola pechka bilan isitamiz. Ammo ta’lim sifati-chi? Bir soatda ikki sinfga, ikki mavzuda dars o‘tish, o‘quvchilardan mavzuni so‘rash mushkul. Bunday vaziyatda o‘qiyotgan o‘quvchida ham zamonaviy ta’lim olish imkoniyati yo‘q. O‘quvchilarda darsga qiziqish sust. Chekka hududlardagi bunday maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning shart-sharoiti bilan shahar maktablaridagi sharoitni solishtirib bo‘lmaydi. Hech bo‘lmaganda, ularni alohida sinflarga bo‘lib o‘qitishga sharoit yaratib berish ham mumkin emasmi?! Bundan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga sinf rahbarlik ham berilmayapti. O‘qish, matematika, ona tili fanlaridan dars bersak, rus tili, ingliz tili, odobnoma, atrofimizdagi olam kabi fanlarni boshqa o‘qituv-chilar o‘tyapti. Ular ham sharoitdan norozi. Shuningdek, bizni chalkashtirayotgan yana bir masala bor. Men 1—4-sinflar uchun haftasiga 16 soat dars o‘taman. Dars ikki sinfga bir vaqtda o‘tilsa-da, alohida dars ishlanma, konspekt yozib, ikki mavzuga tayyorgarlik ko‘raman. Ikki o‘quv reja, ikki xil darslik bo‘yicha ishlayman. Buning uchun menga 16 soatga haq to‘lanishi to‘g‘rimi? Axir, men ikki barobar ko‘p ishlayapman-ku...
Muallimaning shikoyati asoslimi? Ma’lum bo‘lishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017- yil 15-martdagi “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda nizomiga asosan kam komplektli umumta’lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:
o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I — IV sinflar;
o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf;
o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).
— Nizomga muvofiq, kam komplektli sinfda o‘quvchi soni 24 nafardan oshmasa, darslar parallel tarzda o‘tilyapti, — deydi Xalq ta’limi vazirligining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Murodov. — Filial maktabda tahsil olayotgan har ikki guruhda ham o‘quvchi soni 24 nafardan ortiq emas. Demak, filial nizomda ko‘rsatilganidek faoliyat olib boryapti. Shuningdek, Moliya vazirining budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi buyrug‘iga ko‘ra, pedagog xodimlarga ish haqi uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larni aniqlashda qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy mehnatga haq to‘lash stavkalaridan daftarlarni tekshirganlik, sinf rahbarligi va boshqalar uchun qo‘shimcha haq to‘lashni hisobga olgan holda o‘quv rejasiga muvofiq tuzilgan tarifikatsiyalardan kelib chiqilishi lozim. Ish haqi miqdori tarifikatsiya bo‘yicha belgilanadigan, ya’ni attestatsiya natijalari bo‘yicha beriladigan tegishli malaka toifasi mavjudligiga, ish vaqtining haqiqiy hajmiga va boshqalarga ko‘ra belgilanadigan xodimlar mehnatiga haq to‘lash jamg‘armasi shtat jadvallarida ko‘rsatiladi va u rahbar, bosh buxgalter (buxgalter) tomonidan imzolanadigan tarifikatsiya ro‘yxatidagi mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga muvofiq bo‘lishi lozim.
Ammo masalaning bahsli jihati yana shu muhitning ta’lim sifati past natija berayotganiga borib taqaladi. Zero, bevosita o‘sha muhitning ishtirokchisi bo‘lgan o‘qituvchining ta’lim sifati va sharoitiga berayotgan bahosi har qanday me’yoriy-huquqiy asosdan ham muhimroq. Ya’ni, pedagogning o‘zi bu sharoitda hech bir natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidlayapti.
Sherobodlik muallim so‘zining yakunida yaqin yillarda maktab filiali o‘rniga yangi maktab qurilishi ko‘zda tutilayotgani va bundan qishloq ahli cheksiz quvonchda ekanini ham aytib o‘tdi. Shu o‘rinda mutasaddilar xat muallifi ta’kidlaganidek, ikkita sinfga dars o‘tayotgan o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirishni yana bir bor qayta ko‘rib chiqishlari tarafdorimiz. Chindan ham kam komplektli sinf o‘quvchilariga dars berayotgan pedagog ikki sinf uchun alohida dastur asosida mashg‘ulot olib boradi. Shunga monand tarzda alohida tayyorgarlik ko‘radi. Tabiiyki, u ikki barobar mehnat qiladi. Ammo yakunda nima uchun bu mehnatlari inobatga olinmayapti?
O‘ylaymizki, Moliya vazirligi mutasaddilari yuqoridagi nizomni qayta ko‘rib chiqib, o‘qituvchilar mehnatini munosib tarzda rag‘batlantirishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri