“Teach” — o‘qituvchilarni baholash dasturi
Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazida “Teach” xalqaro dasturining mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan seminar-trening o‘tkazildi. Seminarda o‘qituvchilarning dars o‘tish metodikasini va mashg‘ulot davomiyligini kuzatish maqsadida yaratilgan ushbu dasturni amaliyotga tatbiq etish haqida so‘z bordi.
Dastur pedagoglarni baho-lashning standart tizimi bo‘lib, kuzatuvchi qo‘llanmasi, o‘qitish amaliyotlarining sifati, vaqtni tejash va adolatli tanlovni o‘z ichiga oladi. Jahon bankining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassisi, trener Sharanya Ramesh mazkur xalqaro dasturga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, u o‘qituvchi faoliyatini ortiqcha tekshiruvlarsiz tahlil qilishda 15 daqiqalik “Foto-metod”dan foydalanishni tavsiya etdi. Ya’ni kuzatuvchi hamkasbi o‘tayotgan darsning 4-, 9-, 14-daqiqasida sinfdagi vaziyatni ko‘z o‘ngiga keltirib, ayni shu holat bo‘yicha baho beradi. Masalan, 4-daqiqada sinfda bolalar shovqin qilayotgan va o‘qituvchi jurnal to‘ldirayotgan bo‘lishi mumkin (1 ball), 9-daqiqada esa auditoriyada jonli muloqot kuzatilishi mumkin (5 ball) va hokazo.
— Fan o‘qituvchilarining darsini kuzatish va baholash adolatli bo‘lishi lozim, — deydi Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisi Alisher Obidjonov. — Bu borada muayyan qoidalarga asoslangan yagona metodik tizim ishlashi kerak. Toshkent shahri va viloyatlardan kelgan fan o‘qituvchilari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiya-laridan foydalanish jarayonini kuzatishga oid besh kunlik mahorat darslari, ikki kunlik amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Shoira BOYMURODOVA