2021-yilgi PISA xalqaro tadqiqotida 15-16 yoshli o‘quvchilar qatnashadi
Joriy yilning 22—26-aprel kunlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida “Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish — ta’lim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusida respublika seminari o‘tkazildi.
Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi bilan tanishtirishga bag‘ishlangan tadbir Jahon bankining “READ” dasturi doirasida, xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yo‘l xaritasi”da xalqaro ekspertlar ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shu yilning 17—22-fevral kunlari O‘zbekistondan 20 kishilik menejerlar guruhi Jahon bankining Moskva ofisi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Ta’lim sifatini ta’minlash markazi hamkorligida tashkil etilgan seminarda xalqaro tajribani o‘rganib qaytgan edi. Yurtimizga xalqaro ekspertlar taklif qilinib, ular ishtirokida olib borilgan seminar-treninglar mazkur jarayonning uzviy davomi bo‘ldi. Seminarda xalqaro tadqiqotlarning mos yo‘nalishlari bo‘yicha fan mutaxassislari, Rossiya Ta’lim sifatini baholash milliy markazining xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan malakali xodimlari interfaol mashg‘ulotlar olib bordi.
Seminarning dastlabki kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida o‘tkazilgan videoselektorda respublikamizning oliy ta’lim muassasalaridagi studiyalarda hududiy xalq ta’limi tizimi rahbarlari, xalqaro tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha tayanch maktab direktorlari, ona tili va adabiyot, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fan o‘qituvchilari ishtirok etdi. Ushbu kengaytirilgan yig‘ilishda rossiyalik xalqaro toifali ekspertlar tomonidan “Ta’lim sifatini baholashda xalqaro tajriba: tayyorgarlik bosqichlari, pedagoglarni jalb qilish va ularning majburiyatlari”, “Xalqaro baholash tadqiqotlarining ustuvor yo‘nalishlari: o‘quvchilarning matematik savodxonligini baholash”, “PISA-2021 doirasida ishtirokchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajalari”, “PISA-2021 tadqiqotining innovatsion yo‘nalishlari, o‘quvchilarning ijodiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish” hamda “Xalqaro tadqiqotlarda o‘qish savodxonligini baholash” mavzularidagi ma’ruzalar tinglandi.
— Ushbu tadqiqotda qatnashish uchun har bir mamlakatning maxsus milliy markazi bo‘lishi kerak, — deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori Abduvali Ismoilov. — Seminar doirasida Rossiya Fanlar akademiyasining Rossiya ta’lim taraqqiyoti strategiyasi instituti hamda Ta’lim inspeksiyasi o‘rtasida kelishuv imzolandi. Kelishuv asosida ta’lim sifatini baholashda nazariy va strategik yo‘nalishlar, ilmiy tadqiqot natijalarini pedagogik amaliyotda qo‘llash, boshqaruv va pedagog kadrlarning kasbiy tayyorgarligi hamda salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik amalga oshiriladi.
O‘zbekiston xalqaro ta’lim sifatini baholash tadqiqotlariga ilk bor qo‘shildi va ushbu PISA tadqiqotlari yurtimizda 2021-yili o‘tkaziladi. PISA tadqiqotlariga yurtimiz bo‘yicha 2021-yili 15 va 16 (yosh-u 3 oy) yashar o‘quvchilar jalb etiladi. Ular aniq va tabiiy fanlar (matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya), o‘qish savodxonligi va kreativ fikrlash bo‘yicha savollarga javob belgilaydi.
Seminarning ikkinchi kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Matematik savodxonlik”, “Tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik” hamda “O‘qish savodxonligi” bo‘yicha sho‘balarda hududiy koordinatorlar, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari, Respublika ta’lim markazi mutaxassislari hamda hududiy xalq ta’limi boshqarmalari va umumta’lim maktablarining 250 dan ziyod xodimi qatnashdi.
— Seminar mashg‘ulotlarida o‘quvchilar bilimini tahlil etishning xalqaro darajadagi muhim xususiyatlari, natijalarni baholash maktablarda savodxonlik darajasini oshirishda duch kelinadigan muammolar va ularga taklif qilinadigan chora-tadbirlar bilan tanishdik, — deydi hududiy koordinator, Jizzax shahridagi “Umid” nomli IDUMI o‘qituvchisi Ahmad Mamasodiqov.
Seminar ishtirokchilari tomonidan tuman(shahar) XTB mutaxassislari, umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun “Kaskad” usulida o‘quvlar tashkil etildi.
Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan seminar dasturiga ko‘ra, ushbu tadbir Samarqand viloyatida xalq ta’limi boshqarmasi va tayanch maktab direktorlarining o‘quvlari bilan o‘z yakuniga yetdi.
Parvina OMONOVA,
Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Ma’rifat” muxbirlari