Germaniyalik o‘qituvchi Jizzaxda
Jizzax shahridagi 22-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining sobiq o‘quvchisi Nigora Isroilova hozir Germaniyaning Frankfurt nemis birjasi qimmatli qog‘ozlar, aksiya va fondlarni birjaga qabul qilish bo‘limida huquqshunos bo‘lib ishlamoqda. Uning sa’y-harakati bilan Frankfurtdagi “Auwiesenschule” boshlang‘ich ta’lim maktabi 22-IDUM bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Yaqinda ushbu maktabning matematika va sport fanlari o‘qituvchisi Jens Hein Jizzaxga keldi.
22-IDUMda “The Education System in Germany” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar oldidan o‘tkazilgan brifingda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimlari ishtirok etdi. Germaniyalik mutaxassis savol-javob tarzida o‘tkazilgan anjumanda yurtimizda ta’limga qaratilgan e’tibor yuqori ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, to‘garak mashg‘ulotlarida o‘quvchilar tikayotgan liboslar — do‘ppi, chopon kabi milliy mahsulotlar unda qiziqish uyg‘otdi.
Jens Hein o‘zining uch kunlik safarida o‘qituvchilar uchun mahorat darslari o‘tdi. Germaniya ta’lim tizimi, pedagogik texnologiyalar va innovatsion o‘qitish metodikasi haqida batafsil ma’lumot berdi. PISA, TIMSS, PIRLS kabi o‘quvchilar bilim darajasini baholash tizimi bo‘yicha Germaniya tajribasiga to‘xtaldi. 22-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining darslarini kuzatgan mutaxassis, o‘z navbatida, 3-sinflarda nemis metodikasiga asoslangan matematika va sport darslarini o‘tdi.
Abdusattor SODIQOV