Samarqandlik professor o‘zi o‘qigan maktab iqtidorli o‘quvchilarini 10 yildan buyon rag‘batlantirib keladi
Ta’lim sohasida samaradorlikka erishish, iqtidorli, intellektual salohiyatli avlodni kamol toptirish mashaqqatli vazifa. Farzandlarimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, iqtidorini qo‘llab-quvvatlashda birgina hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zi kamlik qiladi. Ta’lim sifati va samaradorligiga erishishda ota-onalarning, keng jamoatchilikning daxldorligini oshirish, yoshlarning porloq kelajagiga birdek mas’uliyatni his etish qo‘lga kiritiladigan muvaffaqiyatlarning asosidir. Yurtimizda bu sohaning fidoyilari, jonkuyarlari ko‘plab topiladi, ularning sa’y-harakatlari siz-u bizni hayratlantiradi, kerak bo‘lsa, shijoatga, ezgu ishlarga chorlaydi.
Fikrimni biroz avvaldan boshlasam. Nurobod tumanining Jom hamda uning atrofidagi boshqa qishloqlari ahli orasida ilm-ma’rifatni nihoyatda qadrlovchi, ilm ortidan “quvgan” yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi insonlar ko‘p. Birgina misol, shu qishloqning hurmatga sazovor kishilaridan Muhiddin maxsum nochor oilada voyaga yetgan uch nafar talabani moddiy va ma’naviy ta’minlab, ularning oliy ma’lumotli bo‘lishiga munosib hissa qo‘shgan. Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shu bois bo‘lsa kerak, Jomdan ko‘plab o‘qimishli, bama’ni insonlar yetishib chiqqan.
O‘tgan asrning yetmishinchi yillari jomlik Usmon aravakash ismli otaxon kampiri Nurbish momo bilan birga ota-onasidan bevaqt yetim qolgan sakkiz nafar bolani tarbiyasiga olib, o‘zlarining sakkiz nafar farzandiga qo‘shib oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan ekan. O‘n olti nafar bola ulg‘aygan katta oila qanchalik nochor bo‘lmasin, farzandlar ma’naviy va jismoniy sog‘-salomat voyaga yetib, bugun el koriga yaramoqda. Bu oilaning tirikchiligi esa Usmon boboning aravakashligi-yu Nurbish momo to‘qigan gilamlari bilangina but bo‘lgan, xolos.
Bugun ham qishloq ahlining bunday saxovatpeshaligi, ilmparvarligi avloddan avlodga o‘tib, savob ishga qo‘l urish, ayniqsa, ertamiz egalari kamolga yetayotgan maktablarda o‘quvchilar uchun sharoitlar yaratish, iqtidorlilarni qo‘llab-quvvatlash davom etmoqda.
Samarqand veterinariya meditsinasi institutida faoliyat olib borayotgan taniqli professor Pirnazar Davronov ham Jom qishlog‘idan. U qishloqdagi 21-maktabni bitirgan. Domlaning nufuzi oliy o‘quv yurti professori darajasigacha yetishida o‘z qishlog‘idagi mo‘jaz ta’lim maskani, mehribon ustozlari, qishloqdagi sog‘lom ma’naviy muhit va ma’rifatparvar insonlar qanot bo‘lgan. Shu bois bugungi kungacha maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayoni, o‘quvchilarning qiziqishlarini qo‘llab-quvatlash, ustoz-murabbiylarning malakasi va tajribasini oshirish domlaning diqqat markazida bo‘lib keldi.
2009-yili professor Pirnazar Davronov ajoyib tashabbusni ilgari surdi. O‘zi o‘qigan 21-umumta’lim maktabida 8 nominatsiya — “Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchi”, “Ingliz tilini eng yaxshi biladigan o‘quvchi”, “Kompyuterni eng yaxshi biladigan o‘quvchi”, “Eng ko‘p she’r yod olgan o‘quvchi”, “Eng ko‘p formula (matematika, fizika, kimyo fanlaridan) biladigan o‘quvchi”, “Eng chiroyli yozadigan o‘quvchi”, “Eng yaxshi insho yozgan o‘quvchi” hamda “Qishloq tarixi bilimdoni” bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkaziladigan bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlarni munosib taqdirlash va rag‘batlantirish maqsadida domla o‘z hisobidan uch million so‘m mablag‘ ajratdi. O‘sha yillari bu summa kichik emasdi. Maktabda ushbu ko‘rik-tanlovni o‘tkazish an’ana tusini oldi. Shundan buyon har yili bir marta Pirnazar Davronov o‘z mablag‘i hisobidan iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantiradi.
Keyinchalik ko‘rik-tanlovda nafaqat 21-umumta’lim maktabi, balki unga yaqin boshqa maktablarning o‘quvchilari ham ishtirok eta boshladi. Yildan-yilga tashabbus qanot yozib, o‘quvchilari ishtirok etadigan maktablar soni 14 taga yetdi. Ishtirokchilar soni ham besh yuz nafargacha ko‘paydi. Shu bilan birga, ko‘rik-tanlovni o‘tkazish shartlari, umumta’lim fanlari qamrovi ham kengaya bordi. Endilikda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan bu bellashuv “Prezident asarlari bilimdoni”, “Qomusimiz bilimdoni”, “Qishlog‘imiz tarixi bilimdoni”, “Ekologiya sohasi bilimdoni”, “Kompyuter sohasi bilimdoni”, “Eng mohir musavvir (hunarmand, sozanda, xonanda)” nominatsiyalari hamda sport va umumta’lim fanlarini qamrab olgan 32 yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazila boshlandi. Har yili aprel oyining oxirgi yakshanbasida “Professor Davronov izdoshlari” ko‘rik-tanlovi tashkil etiladigan bo‘ldi.
— Bu ishlarning barchasi tegishli tashkilotlarning ruxsati va qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi uchun juda ko‘plab idoralarning eshigini qoqishimga, byurokrat amaldorlarning qarshisida sarg‘ayishimga to‘g‘ri keldi, — deydi professor Pirnazar Davronov. — Bu ezgu ishlarimga qarshi chiqqanlar ham bo‘ldi. Intilganga tole yor, deganlaridek, va nihoyat Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning amaliy yordami bilan ishlarim yurishdi.
Ayni sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijasini ham bera boshladi. Musobaqalarda, bilimlar bellashuvlarida chiniqqan, o‘z ustida ishlab, ilm olish bilan mashg‘ul bo‘lgan o‘quvchilar orasidan viloyat va respublika miqyosida o‘tkaziladigan olimpiadalarda munosib ishtirok etib, g‘oliblar safidan o‘rin oladigan yoshlar yetishib chiqa boshladi. Shu bois, maktablar o‘quvchilari orasida bu ko‘rik-tanlovda ishtirok etishga ishtiyoq ham ortdi. O‘quvchilarga chuqur bilim bergan, faoliyati davomida yutuqlarga erishib kelayotgan malakali pedagoglar ham professor Pirnazar Davronov tomonidan munosib rag‘batlantirila boshlandi.
“Professor Davronov izdoshlari” ko‘rik-tanlovning adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida tajribali ota-onalardan hakamlar, kuzatuvchilar guruhi tuzilib, g‘oliblar, eng munosiblar rag‘batlantirila boshlandi.
Xayrli tashabbus bilan boshlangan ko‘rik-tanlovning davom etishi, ilmga chanqoq yoshlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish moddiy manbaga borib taqaladi. Professor ko‘rik-tanlovning an’anaviyligini ta’minlash, o‘quvchilar iqtidorini ro‘yobga chiqarishdek ezgu ishni o‘zidan keyin ham davom ettirish uchun hech ikkilanib o‘tirmay “Nexia” rusumli avtomobilini sotdi. Uning pulini TIF “Milliy banki” Samarqand filialiga omonatga qo‘yib, olinadigan har yillik foiz hisobidan ko‘rik-tanlovda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga bir martalik stipendiya joriy etdi.
An’anaviy tarzda davom etayotgan “Professor Davronov izdoshlari” ko‘rik-tanlovi o‘tgan yili ayrim sabablarga ko‘ra o‘tkazilmay qoldi. Tanlovni qanday bo‘lmasin, tashkil etish uchun domla bor kuch-g‘ayratini ishga soldi. Bir necha mutasaddi idoralar rahbarlari qabulidan tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib chiqdi. Va nihoyat, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning amaliy yordami bilan ushbu ko‘rik-tanlov huquqiy maqomga ega bo‘lib, joriy yilning aprel oyi yakunida Jom qishlog‘idagi pedagogika kolleji binosida yuksak saviyada o‘tkazildi.
Bellashuvda ishtirok etgan 235 nafar o‘quvchining 90 nafari 1-, 2- va 3- o‘rinlarni qo‘lga kiritib, har doimgidek munosib rag‘batlantirildi. Bu safar mazkur xayrli ishga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Nurobod tuman hokimligi ham hissa qo‘shdi. G‘oliblarga pul mukofotlari hamda viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasining 60 dona kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Pirnazar Davronov tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus barcha ziyolilar, maktabga biror marta borib, farzandining ta’lim-tarbiyasidan xabar olmaydigan ba’zi ota-onalar uchun ibrat bo‘ldi. Ularni farzandi taqdiri, kelajagi uchun daxldorlikka undadi. Qolaversa, maktab ta’limini nazorat qilish birgina davlat idoralari, xalq ta’limi boshqarmasining vazifasi emas, keng jamoatchilikning e’tibor markazida bo‘lishi lozimligini isbotladi. Uzoqni ko‘zlab, shu el farzandlari taqdiri uchun fidoyilik ko‘rsatgan professor Pirnazar Davronovning sa’y-harakatlari, shubhasiz, tahsinga sazovor.
Hakim JO‘RAYEV,
«Ma’rifat» muxbiri