«Zamonaviy maktab» davlat dasturi tasdiqlanadi
Xalq ta'limi vazirligi “Zamonaviy maktab” Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini muhokamasiga qo‘ydi.
Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, hujjatda “Zamonaviy maktab” Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy vazifa va maqsadlari quyidagicha belgilanishi rejalashtirilmoqda:
2020-yildan boshlab maktablarni zamonaviy loyihalar asosida qurish, ularni zamonaviy o‘quv jihozlari va anjomlari bilan ta'minlashning normativ-huquqiy asoslari va texnik talablarini takomillashtirish;
qishloq va shahar maktablarining moddiy bazasi hamda ta'minlanish darajasidagi tafovutlarni bosqichma-bochqich kamaytirish va uning asosida o‘quvchilarning ta'lim olishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
umumiy o‘rta ta'lim maktablarining eng yuqori zamonaviy talablarga mos keladigan o‘quv-moddiy bazasi bilan ta'minlash standartlarini shakllantirish;
maktab ta'limining yangi standartlariga, ta'lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol qo‘llash imkoniyatini yaratish.
Qaror loyihasi bilan:
2020-2022-yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Zamonaviy maktab” davlat dasturi;
umumta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash bo‘yicha 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturi;
2020-2022-yillarda xalq ta'limi muassasalarining mebel, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va o‘qitishning texnik vositalari bilan ta'minlash dasturining asosiy parametrlari hamda qo‘lbola pechlari bilan isitiladigan umumta'lim muassasalarini zamonaviy isitish tizimi bilan ta'minlash dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash ko‘zda tutilgan.
Qaror loyihasiga ko‘ra, 2019-yil 1-dekabrga qadar xalqaro tajribalar va mamlakatning tabiiy-iqlim sharoitlariga asoslanib, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalanib, ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llagan holda zamonaviy umumta'lim muassasalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari tasdiqlanadi.
2020-yildan boshlab davlat umumta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari tasdiqlangan “Zamonaviy maktab” namunaviy loyihasi va jihozlash me'yorlari talablari asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, 2020-yil 1-yanvarga qadar ta'limga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishini inobatga olgan holda umumta'lim muassasalarini zarur mebellar, zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter va multimedia vositalari bilan jihozlash va videokuzatuv tizimlarini joriy etish bo‘yicha yangi tahrirdagi jihozlash me'yorlari tasdiqlanishi belgilangan.
“Zamonaviy maktab” maqomiga ega bo‘lgan maktablarni rag‘batlantirish choralari sifatida – maktab rahbariyati, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari va viloyat boshqaruv organlari hamda mahalliy boshqaruv organlarining ta'lim sifati yuqori “Zamonaviy maktab” maqomiga ega bo‘lgan maktablar sonini oshirishga intilishlarini kuchaytirish mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Bu maqsadga erishish uchun Xalq ta'limi vazirligi 2020-yil 1-fevralga qadar umumta'lim muassasalari faoliyatini “Zamonaviy maktab” darajasiga muvofiqlik sertifikatini berish uchun baholash mezonlarini va “Zamonaviy maktab” darajasini berish tartibini belgilovchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasini ishlab chiqadi.
Davlat dasturlari doirasida umumta'lim obektlarida qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirishda yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish uchun qo‘shimcha xonalar (faollar zali, sport zali, kutubxona, kompyuter, texnologiya xonalari va o‘quv-ishlab chiqarish majmualari) qurilishi yoki mavjudlari ta'mirlanishi va to‘liq jihozlanishi inobatga olinadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari umumiy o‘rta ta'lim maktablarida faollar zali, oshxona (bufet), kutubxona, o‘quv-ishlab chiqarish majmualari va sport maydonchalarini qurish, mavjudlarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish va to‘liq jihozlash bo‘yicha 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan hududiy manzilli dasturlarini qabul qilishlari rejalashtirilgan.
Qaror loyihasiga ko‘ra, 2020-2022-yillar davomida quvvati 1,7 mln. o‘quvchiga mo‘ljallangan 173 yangi maktab qurilishi, 1350 rekonstruksiya va 1312 kapital ta'mirlanishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga respublikadagi qo‘lbola (burjuy) pechlaridan foydalanib kelinayotgan 1726 ta maktablarga 2020-2022-yillarda zamonaviy isitish tizimlari bilan ta'minlanishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, 2030-yilga qadar 50% maktablar “Zamonaviy maktab” darajasiga keltiriladi.