Chilonzor tumanidagi 202-maktabda trenerlar tajriba almashdi
Chilonzor tumanidagi 202-maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari tayanch maktabning navbatdagi seminarida ishtirok etdi.
“Yangi innovatsion g‘oyalar sari olg‘a” shiori ostida o‘tkazilgan seminarda maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Gulzoda Soatova va Shahnoza Bulturova “Jahon adabiyoti durdonalarini o‘rganishda innovatsion metod va usullardan foydalanish” mavzusida trening-mashg‘ulot o‘tdi.
Mashg‘ulot davomida innovatsion metodlardan o‘rinli foydalanish usullari ko‘rsatib berildi. Ayniqsa, “Muammoli vaziyat”, “Hikmatlar xazinasi”, “Muvashshax” , “Uchta to‘g‘ri va bitta noto‘g‘ri” metodlari A.P.Chexovning “Garov” hikoyasi asosida o‘tilgan darsda qo‘llanildi.
— Seminarda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2018” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi Shoira Sodiqova “Dars — muqaddas” tavsiyasi asosida “Dars ishlanmalarini yangi innovatsion texnologiyalar asosida tayyorlash usullari” mavzusi bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi. Unda dars ishlanmasini tayyorlashda mavzuga mos materiallarni to‘g‘ri tanlash, o‘quvchilarda tayanch va fanga oid kompetensiyalarni shakllantirish, vaqt taqsimotiga e’tibor qaratish, innovatsion metod va usullar samaradorligiga erishish omillari ko‘rsatib berildi. Bunday mashg‘ulotlarning doimiy tashkil etilishi fan o‘qituvchilarining malakasi va salohiyatini oshirish hamda o‘zaro tajriba almashishi uchun foydali bo‘lmoqda, — deydi tuman XTB metodisti Nigora Rajabova.
Shahodat ABDULLAYEVA, tayanch maktab treneri, xalq ta’limi a’lochisi