Xalq ta’limidagi islohotlar kutilgan natija bermoqdami?
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 9- va 11-sinf bitiruvchilariga beriladigan shahodatnoma va attestatlar hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar bitiruvchilariga beriladigan sertifikatning yangi namunasi tasdiqlandi. Umumiy o‘rta ta’lim tizimida ilk marotaba nodavlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga ham davlat namunasidagi shahodatnoma va attestat berish nazarda tutildi.
Elektron tizimga bitiruvchilar haqidagi ma’lumot va baholar kiritib boriladi. Har bir maktabda bitiruvchilarning ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shu kunga qadar shahodatnoma va attestatga bitiruvchining familiyasi, ismi, bitirgan maktabi, o‘qigan fanlari bo‘yicha o‘zlashtirgan baholari ruchkada (qo‘lda) faqat o‘zbek tilida yozilgan bo‘lsa, bundan keyin kompyuterda uch tilda (o‘zbek, rus, ingliz) yozilib, maxsus printerda chop etish rejalashtirilmoqda.
Bu yil “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi talablariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, ishtirokchilar Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytida tashkil etilgan sahifada onlayn ro‘yxatdan o‘tishdi. Hujjatlar soni 10 tadan 5 taga qisqartirildi va barchasi elektron shaklga o‘tkazildi. Tanlov shartlari ham 5 tadan 3 taga qisqartirildi. Hakamlar hay’ati tarkibiga barcha hududlardan teng miqdorda vakil olinadi. Har bir test savoli uchun aniq fanlardan 3 daqiqa, ijtimoiy va filologiya fanlaridan 2 daqiqadan vaqt beriladi. Test materiallariga PISA , TIMSS xalqaro baholash talablari singdiriladi. Tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari o‘zlarining “Loyiha taqdimotlari”ni ijtimoiy tarmoqlar (“Facebook”) orqali e’lon qiladi va jamoatchilik tomonidan baholanadi.
* * *
O‘zbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmog‘iga joylashtirish, ularni targ‘ibqilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazish maqsadida Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan “Ikki eshik orasi”, “Sariq devni minib”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Oq kema”, “Shamol ortidan yugurib”, “O‘zbek xalq ertaklari” kabi jami 40 nomdagi o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalarining audio variantlari yaratildi. Joriy yil yakuniga qadar Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan o‘quvchilar hamda kitobxonlar uchun o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalaridan iborat yana 40 nomdagi asarlarning audio variantlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
* * *
O‘quvchilar o‘rtasida badiiy adabiyot mutolaasini ommalashtirish hamda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida joriy yilning fevral-may oylarida axborot-resurs markazi, sinf rahbarlari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, kutubxonachilar va yoshlar yetakchilari ishtirokida “Kitob haftaligi”ni o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqildi. Mazkur rejaga asosan “Kitob haftaligi” tadbirlarini ona tili va adabiyot fani darslarida, tarbiyaviy soatlar hamda o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtida yuqori saviyada tashkil etish belgilandi. O‘quvchilarning dunyoqarashini rivojlantiruvchi asarlar sirasiga she’r, hikoya va qissa, shuningdek, qiziqarli ertaklar ham kiritilgan. Asarlar jadvalga binoan har hafta belgilangan sinflar kesimida mutolaa qilindi. Joriy yilning 4-fevralida boshlangan ushbu haftalik 25-mayda yakunlanadi.
* * *
Xalq ta’limi vazirligi “Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi” loyihasini amalga oshira boshladi. Loyiha maktablarda o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va uni bartaraf etishga qaratilgan. Besh oyda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ushbu loyihaga amerikalik professorlar jalb etildi. Loyihaning maqsadi turli salbiy vaziyatlarga duch kelayotgan bolalar va o‘smirlar bilan ishlash, ruhiy tushkunlikka tushgan o‘quvchilarni aniqlash, trening va mashg‘ulotlar orqali ularning stressni yengib o‘tishiga ko‘maklashishga qaratiladi.
* * *
“Barkamol avlod” respublika bolalar o‘lkashunoslik va ekologiya markazida “RoboCraft” maxsus kurslari tashkil etildi. Xalq ta’limi vazirligi hamda Int Tech korxonasi hamkorligida tashkil etilgan maxsus kursda o‘quvchi-yoshlarning ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishida bolalarga saboq berish, robot va dasturlar ishlab chiqishni o‘rgatish maqsadida “RoboCraft” ixtisoslashtirilgan kurslarining ochilishi innovatsion islohotlarni yanada jadallashtirmoqda. Muhimi, o‘quvchilar STEM metodikasi asosida o‘tiladigan kurs mashg‘ulotlarida 3D printerida ishlash, jumladan, dasturlash, robotlar yasab, ularni boshqarish haqida ma’lumotga ega bo‘lmoqda. Kelgusida mazkur o‘quv kurslari har bir maktabda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
* * *
Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytida (www.uzedu.uz) xalq ta’limi sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘limi ishga tushdi. Ayni vaqtda loyiha faqat Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar ishtirokida sinovdan o‘tkazilmoqda. Xalq ta’limi tizimi mas’ullariga rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li orqali xalq ta’limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish vazifasi yuklatildi. Hozir uzedu.uz saytiga kiruvchilar Toshkent shahridagi maktablar, xalq ta’limi boshqarmalari, shuningdek, Xalq ta’limi vazirligining respublika tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishishi mumkin. Sinov muvaffaqiyatli yakunlangach, mazkur tizim O‘zbekistonning barcha hududida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Yangi tizim yordamida O‘zbekiston aholisi xalq ta’limi tizimida bo‘sh ish o‘rinlari va lavozimga qo‘yiladigan talablar bilan tanishishi, o‘z rezyumesini maxsus forma orqali yuborishi mumkin. Shu bilan birga, sayt viloyatlar va Toshkent shahri hududidagi bo‘sh ish o‘rinlarining statistikasini ham ko‘rish imkonini beradi.
* * *
Mamlakatimizning turli hududidagi 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarni tajriba tariqasida shaxmatga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Jismoniy tarbiya va sport, Xalq ta’limi vazirliklari hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan respublikamizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shaxmatga o‘qitishni bosqichma-bosqich qamrab olish, yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash, shaxmat klublari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari shaxmat sinflarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha rejali ishlar amalga oshirilmoqda. Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini shaxmatga qiziqtirish, ularga shart-sharoit yaratish maqsadida umumta’lim maktablarida shaxmat xonalari tashkil etilmoqda. Shunday xonalardan biri Zarafshon shahridagi 13-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida tashkil qilindi. Ushbu muassasada bugungi kunda 2400 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olayapti. Ulardan 50 nafardan ortig‘i shaxmat sport klubiga jalb qilingan.
Umumta’lim maktablarida bunday xonalarning tashkil etilishi ham yoshlarimiz orasida shaxmat ixlosmandlarining yanada ko‘payishiga xizmat qiladi.
* * *
Kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida www.kitob.uz sayti yaratildi. Mazkur saytga 803 nomdagi adabiyotlar (655 nomdagi o‘zbek hamda 148 nomdagi jahon bolalar adabiyoti)ning elektron variantlari joylashtirilgan. Shuningdek, www.kitob.uz sayti muntazam ravishda yangilanib turiladi. Xususan, badiiy adabiyotlarning MP3 shaklidagi audioresurslari joylashtirilmoqda. Bundan tashqari, saytdan o‘quvchilarning mutolaasi uchun ularning yosh xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tavsiya etilgan 125 nomdagi adabiyotlar ro‘yxati ham o‘rin olgan. E’tiborlisi, saytda “Bolalar uchun ingliz tili” maxsus bo‘limi ochilgan bo‘lib, unda o‘g‘il-qizlarning til o‘rganishiga ko‘maklashuvchi qiziqarli elektron kitoblar ham o‘rin olgan. Jumladan, ingliz tilidagi turli mavzudagi she’r, hikoya va ertaklar rangli suratlari, izohi bilan berilgan. Ushbu elektron kitoblarni ota-onalar sayt orqali yuklab olib, oila davrasida farzandlari bilan mutolaa qilishlari mumkin.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma'lumotlari asosida tayyorlandi.