Kam quvvatli maktablar ham endi faol
— Yunusobod tumanidagi 39 ta maktabdan 13 tasi kam quvvatli hisoblanadi, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Gulchehra Yoqubova. — Prezidentimizning 2018-yil 21-dekabr kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi yo‘l xaritasi ishlab chiqdi. Unga ko‘ra quvvatiga nisbatan o‘quvchi soni kam bo‘lgan maktablar nufuzini oshirish, ushbu muassasalarda o‘quv-tarbiya muhitini yaxshilash rejalashtirilgan.
Tumandagi 21-maktab ham ana shunday ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. 960 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallanganiga qaramay, hozir maktabda 686 nafar o‘quvchi tahsil olyapti. Ammo keyingi vaqtda bu ilm maskanida e’tirofga arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda.
Maktab 2018-yili “Obod mahalla” dasturi doirasida kapital ta’mirlandi. Bunga qadar bino ancha eskirgan, ta’mirtalab ahvolda edi. Hozir esa o‘quvchilar isitish tizimi tamoman yangilangan, moddiy-texnik bazasi yaxshilangan zamonaviy binoda bilim olyapti. Katta yer hududiga egaligi inobatga olinib, maktabda ikkita futbol hamda basketbol, voleybol, katta tennis maydoni barpo etildi.
— Har oyning oxirgi juma kuni maktabimizda ochiq darslar tashkil etilayotgani o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlayotgani, darslarning sifati va samaradorligi yuqoriligini namoyish etishga imkon beryapti, — deydi maktab rahbari Nurmuhammad Ahmedov. — Tuman xalq ta’limi bo‘limi hamda ota-onalar hamkorligida maktab hududini nazorat qilib, bu yerda yashovchi o‘quvchilar nima uchun boshqa maktablarda o‘qishni afzal ko‘rayotgani sabablarini o‘rganyapti. O‘rganish chog‘ida maktabimizdagi ta’lim samaradorligi va to‘garaklar faoliyatini aks ettiruvchi bukletlar tarqatilyapti. Natijada ko‘plab ota-onalar uzoqdagi maktabga qatnab o‘qiyotgan farzandini dastlab to‘garaklarimizga olib kelib, asta-sekinlik bilan ta’limni to‘liq bizning maktabimizda davom ettirish istagi paydo bo‘layotganini aytishmoqda. Aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda joriy o‘quv yilida ta’lim rus tilida olib boriladigan 1-sinf ham tashkil etdik. Endi mazkur guruhlarni yuqori sinfda ham rusiyzabon o‘qituvchilar bilan ta’minlash maqsadida pedagoglarimizni qayta tayyorlov kurslarida o‘qityapmiz.
Kuni kecha muassasada “Maktabimiz o‘quvchi yoshlari tarbiyasida ota-ona-ning roli va mas’uliyatini kuchaytirish, oila-mahalla-ta’lim muassasasi hamkorligini yanada oshirish” mavzusida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Unda tumandagi ko‘plab maktablarning rahbar o‘rinbosarlari, o‘qituvchilari, mahalla faollari ishtirok etdi. Tumandagi boshqa kam quvvatli maktablardan qatnashgan vakillar ushbu seminarda o‘zaro tajriba almashdilar.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri