Rahbarlikning zarari qancha?
Maktabimizda direktor o‘rinbosarlari rahbar xodim lavozimida faoliyat yuritishni xohlamayapti. Boisi, ularga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha o‘tadigan 10 soatgacha darsi uchun o‘rindoshlik asosida ish haqi to‘lanadi. O‘tgan oydan ularning ish haqi oshdi, bundan quvondik.
Ammo joriy yilning 5-may kuni tuman adliya hamda bandlik va mehnat munosabatlari bo‘limining mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda direktor, direktor o‘rinbosari, psixolog, yetakchining dars soatlarini vakant, ya’ni bo‘sh ish o‘rni sifatida qayd etish zarurligi aytildi. Mehnat qonunchiligining lavozim majburiyatlarida rahbar xodimlar 10 soatgacha dars berishi belgilangan bo‘lsa-da, faqat mutaxassis yetarli bo‘lgan holatlarda dars o‘tishi mumkin emish. Menga direktorlik uchun 2 532 000 so‘m, 8 soat darsimga 918 848 so‘m, jami 3,5 million so‘mdan oshiq ish haqi yoziladi. Agar dars o‘tmasam, soliqlardan tashqari 2,300 ming so‘m atrofida maosh olaman. Bir stavka dars o‘tgan o‘qituvchiga esa 25—30 foiz ustama haq berilsa, 3,5 million so‘mdan oshiq haq oladi. Rahbarlar ertalab 8:00 dan kechki soat 18:30 gacha maktabda bo‘ladi, ba’zan bayram, dam olish kunlari ham ishlaydi.
Maktabimizda 90 nafar o‘qituvchi, 22 nafar texnik xodim, 1260 dan ortiq o‘quvchi bor. Shuncha odamga bosh bo‘lib, kuniga 10 soatgacha ishlaydigan oliy toifali o‘qituvchi bo‘lgani holda direktorning oddiy o‘qituvchidan kam maosh olishi adolatdanmi? Vaholanki, rahbar xodimlarning tashvishi, yugur-yuguri, xarajatlari ham bir talay.
Rahbarning chiqimi haqida gapirsam, hamma direktor norozi bo‘ladi. Maktablararo reytingni aniqlashda oliy va 1-toifali o‘qituvchilar soni hisobga olinadi. Hozir biz dars bermasak, 2 nafar oliy, 2 nafar 1-toifali o‘qituvchilar soni kamayadi. Tabiiyki, bir-birini rad etuvchi bu kabi qonunlar soha rivojiga to‘siq bo‘lmoqda.
Sanobar XO‘JAMURODOVA, Amudaryo tumanidagi 40-maktab direktori