Tarix darsligidagi chalkashliklar
32 yildan buyon o‘quvchilarga tarix fanidan dars beraman. Tarix darsliklari har 4 yilda nashrdan chiqqanda ulardagi ma’lumotlar kamayib borayotganini kuzatyapmiz. Xususan, darsliklardagi ayrim kamchiliklar yana takrorlanayotgani shu mavzuda fikr bildirishimga sabab bo‘ldi.
7-sinf “Jahon tarixi” darsligida xo‘jalik haqida ma’lumot keltirilmagan. O‘quvchi ilk o‘rta asrlardagi kishilik jamiyatida natural xo‘jalik hukmron bo‘lganligi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Men dars jarayonida o‘quvchilarga natural xo‘jalik haqida og‘zaki tushuncha berib o‘taman. Lekin o‘quvchilarning hammasi ham buni eslab qola olmaydi.
7-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida X asrda O‘rta Osiyodagi ilk ilmgoh — madrasa Buxorodagi Farjak madrasasi (47-bet) deyilgan bo‘lsa, 8—10-sinf “Dunyo dinlari tarixi” darsligida ilk madrasalar VIII asr oxirlaridayoq Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Xiva, Shosh, Marg‘ilon kabi shaharlarda faoliyat ko‘rsata boshlagani qayd etilgan. (8-sinf, 86-bet, 10-sinf, 88-bet). Ushbu darslikning 19-mavzusida mo‘g‘ullarning O‘rta Osiyoni bosib olishi bilan bog‘liq voqealar ketma-ketligi biroz buzilgan. Xorazmliklarning mudofaa rejasi va mo‘g‘ullarning 1219―1221-yillari O‘tror, Buxoro, Samarqand, Xo‘jand, Urganch shaharlarini bosib olgani yozilgan. Urganch qamalida na Muhammad Xorazmshoh, na Jaloliddin Manguberdi nomlari uchraydi. Mavzuni o‘rganayotgan o‘quvchida Muhammad Xorazmshoh, Jaloliddin Manguberdi nega Urganchni himoya qilishda ishtirok etmagan, ular bu paytda qayerda bo‘lgan degan savol tug‘ilishi mumkin. 20-mavzudagi Jaloliddinning taxt vorisi etib tayinlanganligi, lekin uning hokimiyat tepasiga kelishini ayrim viloyat hokimlari, hattoki buvisi Turkon xotun ham tan olmagani 19-mavzuga kiritilsa, o‘quvchiga tushunarli bo‘lardi.
8-9-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsliklaridagi “parvonachi” davlat lavozimiga ham aniqlik kiritish lozim. “Parvonachi” lavozimi 9-sinf darsligida (8-bet) oliy hukmdor farmonlarini e’lon qiluvchi, deb uqtirilsa, 8-sinf qo‘llanmasida (58-bet) harbiy qo‘shin bosh sarkardasi deb izohlangan. 8-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 54-betida yozilgan jumlalarni aynan keltiraman: “Shunday qilib, 1753-yili Buxoroda hokimiyat tepasiga yangi mang‘itlar sulolasi keladi va davlatni 1920-yilgacha idora qildi”. 9-sinf “O‘zbekiston tarixi”ning 8-betida esa “Amirlikni mang‘itlar sulolasiga 1756―1920-yillarga mansub cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lgan hukmdorlar boshqargan” deb yozilgan. Yanvar oyida 8-sinf o‘quvchisiga mang‘itlarning hukmronlik yillari 1753―1920-yillar deb o‘rgatsag-u, sentabrda 9-sinfga o‘tgan bolalar darslikda ushbu sulolaning hukmronligi 1756―1920-yillar davom etgani haqida o‘qisa, darsliklarga nisbatan ko‘nglida ishonchsizlik paydo bo‘lmaydimi? O‘quvchilarim orasida bu kabi xatoliklarni darrov payqaydiganlari talaygina.
O‘quvchilar 8-sinf “Jahon tarixi”ni “O‘zbekison tarixi”ga nisbatan oson o‘zlashtiradi. Darslikda har bir mavzuning so‘ngida atamalarga izoh berilgan, ramzlar bilan boyitilgan. Darslikning oxirida muhim tarixiy sanalar yozilgan, lekin ularda noaniqlik bor. Masalan, Fransiyada imperiya tashkil topgan (1804-yil) sana 1804―1814-yillar Fransiyada birinchi imperiya yillari deb kengroq yozilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Muhim sanalardagi yana bir xatolik: 1642-yili Angliya burjua inqilobi boshlandi deyilgan. Axir Angliya burjua inqilobi 1640-yili boshlangan-ku. 1642-yilda esa Angliyada fuqarolar urushi bo‘lib o‘tgan.
9-sinf “O‘zbekiston tarixi”da Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyoni bosib olishining birinchi bosqichi 1847―1865-yillar (21-betda) deb yozilgani holda o‘sha darslikning 154-betidagi bu jarayon bo‘lgan vaqt 1847—1864-yillar deb ko‘rsatilgan. Rossiyaning O‘rta Osiyoni bosib olishining birinchi bosqichi 1847-yilda boshlanib, to‘rtinchi bosqichi 1885-yilda yakunlangan bo‘lsa, biroq darslikda 1864—1885-yillarda 20 yildan ortiq vaqt davomida Rossiya imperiyasi bosqinchilik urushlarini olib bordi deb yozilgan.
9-sinf “Jahon tarixi” darsligida Birinchi jahon urushida halok bo‘lganlar soni 2010-yilgi nashrda 10 mln kishi (137-bet) deb qayd etilgan bo‘lsa, 2014-yilgi darslikda bu raqam 20 mln.dan oshib ketgan. Bunday katta tafovutni qanday tushunish mumkin? Bu kimning xatosi?
10-sinf darsliklari bilan 2 yildan buyon ishlayapmiz. Dars berish jarayonida shuni kuzatdimki, o‘quvchilar jahon tarixi bo‘yicha berilgan mavzularni yaxshi o‘zlashtiradi, lekin O‘zbekiston tarixini o‘rganishga kelganda bu biroz qiyinroq kechmoqda. Shu bois keyingi nashrlarda mualliflarning jahon va O‘zbekiston tarixiga oid ma’lumotlarni o‘quvchilarning qabul qilish darajasiga moslab, o‘zaro bir-biriga mutanosib tarzda yozishini xohlar edik.
9-10-sinf “Dunyo dinlari tarixi” darsliklaridagi mavzular bir-birini takrorlaydi. Masalan, dinning jamiyatdagi o‘rni, dastlabki diniy tasavvurlar, yahudiylik, buddaviylik, xristianlik, islom dini tarixi mavzularidagi ma’lumotlar takror berilgan. 9-sinf darsligidagi “Islom madaniyati rivojida muhaddislar o‘rni” mavzusidagi jumlalar 10-sinfda (88-bet) aynan so‘zma-so‘z keltirilgan. Tushunamiz, 10-sinf darsliklari qisqa muddatda yozildi. Jarayon shoshilinch ravishda amalga oshirildi. Biroq bunday takrorlarning oldini olish uchun mavzularni, dunyo dinlarini ham paydo bo‘lish tarixiga qarab, bolalarga 9-10-sinflar kesimida bo‘lib o‘rgatsak yaxshi bo‘lardi.
Yangi nashrdan chiqadigan tarix darsliklarini tayyorlashda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratilsa, ayni muddao bo‘lar edi:
─ tarix juda keng qamrovli fan. Uni kengroq yoritish zarurati bor. Darsliklardagi ma’lumotlarning tobora qisqarishi esa o‘quvchida fanga nisbatan yuzaki qarashni shakllantirishi mumkin;
─ mavzuni tushuntirishda xarita juda katta yordam beradi. Maktablarda esa tarixga oid xaritalar umuman yo‘q. Shuning uchun mavzularga qarab, tarix darsliklari xaritalar bilan to‘ldirilishi maqsadga muvofiq;
─ “Kartografiya” ilmiy-ishlab chiqarish davlat korxonasi tomonidan 2005-yilda tarix faniga oid atlas chiqarilgan edi. Hozir Toshkent shahridan boshqa chekka hududlarda bu atlaslarni topib bo‘lmaydi. Shuni ham inobatga olish lozim;
─ tarix faniga oid har bir darslikning oxiriga muhim tarixiy sanalarning eslatma tariqasida aniq va ko‘proq kiritilishi o‘quvchi uchun ham, o‘qituvchi uchun ham juda zarur.
Farida KARIMOVA, Ohangaron tumanidagi 27-maktabning tarix fani o‘qituvchisi