Bolalikdan o‘rganganim, qadrdonim – nemis tili
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 3-sonida e’lon qilingan “Jahonga yo‘l faqat ingliz tili orqali emas” nomli maqolada ko‘pdan buyon ko‘nglimga tugib yurgan gaplar yozilganidan xursand bo‘ldim.
Otam Qurbonboy Jo‘raxolov uzoq yillar nemis tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Nemis tili, nemis xalqining boy madaniyati, tarixi, san’ati va adabiyotini o‘rganishga qiziqish bizda bolalikdanoq shakllangan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, 3 farzand otamning yo‘lidan bordik. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining nemis filologiyasi fakultetini davlat granti asosida imtiyozli diplom bilan tamomladik. Hozir yosh avlodga nemis tili fanidan saboq berib kelyapmiz. Otamning ko‘plab shogirdlari Germaniyada tahsil olib keldi, yana bir qanchasi ta’lim olmoqda. Mana bugun mening ham shogirdlarim oliy o‘quv yurtini tamomlab, men bilan yelkama-yelka turib, nemis tilidan dars bermoqda.
Barcha ta’lim muassasalarida yoshlarimizning xorijiy tillarni o‘rganishlariga katta e’tibor qaratilyapti va buning uchun barcha sharoit yaratilgan. Zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan sinfxonalar, turli ko‘rgazmalar, axborot-resurs markazlarida yaratilgan sharoitlar fikrimiz dalilidir. Ammo mana shunday paytda mamlakatimizda ko‘p yillardan buyon chet tili sifatida o‘rgatilib kelinayotgan nemis va fransuz tillarini o‘qitishga e’tibor sezilarli darajada kamaydi. Vaholanki, nemis tili 5 ta mamlakat ― Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Lyuksemburg, Lixtenshteynda davlat tili va 120 mln.dan ortiq aholining ona tili hisoblanadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, maktablarda nemis tili soatlari kamaydi. Natijada biz, o‘qituvchilar, 4 yil davomida oliy o‘quv yurtida nemis tilini o‘qib, 4 yoki 6 oylik qayta tayyorlov kurslarida ingliz tilini o‘rganib kelishga majbur bo‘ldik.
Shukrki, 2018-2019-o‘quv yilida nemis tili o‘qitiladigan maktablar soni 54 taga ortdi. Hozir ular 1 677 tani tashkil etmoqda. Nemis tili chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar soni 4 tadan 9 taga, nemis tili sinflari esa 14 081 tadan 15 525 taga, nemis tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar 340 560 nafardan 355 064 nafarga ko‘paydi. Bugungi kunda maktablarda 3 000 nafar nemis tili o‘qituvchisi faoliyat olib bormoqda. Prezidentimizning shu yil yanvar oyida Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida nemis tilini chuqurlashtirib o‘qitish bo‘yicha poytaxtimizdagi 60-maktabga buyuk nemis shoiri, jahon adabiyotining mashhur namoyandasi I.V.Gyote, Samarqand shahridagi 51-maktabga F.Shiller hamda Buxoro shahridagi 4-maktabga taniqli nemis olimi V.Gumbolt nomlari berildi. Shuningdek, Germaniya fuqarolari uchun vizasiz tizimning joriy qilinishi biz nemis tili o‘qituvchilarini quvontirdi, yana ham ruhlantirdi. O‘quvchilarning esa nemis tilini o‘rganishga qiziqishini oshirdi. Oldinlari ota-onalar o‘rtasida faqat ingliz tiliga talab yuqori edi. Ba’zi ota-onalar farzandimizni nemis yoki fransuz tiliga o‘qitsak, kelajakda ish topolmaydi deb o‘ylashgan. Ammo endi vaziyat o‘zgardi, o‘quvchilarning ham ota-onalarning ham, bu tillar bo‘yicha o‘qishga ishonchi ortdi.
Ta’tildan avval maktabimizning 9-“A”sinf o‘quvchilari bilan “Deutschland” (“Germaniya”) mavzusida tadbir tashkil qildik. Tadbirda maktabimizning sobiq o‘quvchisi, hozirgi kunda Germaniyaning Myunxen shahrida tahsil olayotgan Muharram Davlatova ham ishtirok etdi. U tadbir so‘ngida so‘zga chiqib, Germaniyada ta’lim tizimi, u yerda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, xorijda ta’lim olayotgan talabalarning o‘z ona Vatanlari oldidagi burch va mas’uliyatlari haqida so‘zladi va o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi hamda faol o‘quvchilarga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Muattar JO‘RAXOLOVA, Paxtachi tumanidagi 45-maktabning nemis tili fani o‘qituvchisi