Prezident maktabi imtihon savollari DTS asosida tuzilganmi?
Joriy yilning 29-iyun — 3-iyul kunlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkent shaharlarida mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan Prezident maktablariga kirish imtihonlarining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi “O‘zko‘rgazmasavdo” majmuasida ham Toshkent shahridagi Prezident maktabiga saralash imtihonlari o‘tkazildi.
Nomzodlar matematika fanidan imtihonda ishtirok etdi. Savollar Britaniyadagi Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi tomonidan tayyorlangan. Nomzodlarga turli murakkablikdagi 30 ta masalani yechish uchun 90 daqiqa ajratildi. Buyuk britaniyalik mutaxassislar imtihondagi barcha jarayonni nazorat qilib bordi. Imtihondan so‘ng javoblar tekshirish uchun Angliyaga yuborildi.
Jarayonning ochiqligini ta’minlash maqsadida sinovlar o‘tadigan joylarda nomzodlarning ota-onalari va yaqinlari uchun kuzatuv monitorlarida onlayn translyatsiya tashkil etildi.
Imtihonga kuzatuvchi sifatida jalb etilgan jurnalistlar va ko‘ngilli ota-onalar jarayon shaffof va adolatli o‘tganini ta’kidlashdi.
Ammo ayrim savollar ham tug‘ildi. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislarining ta’kidlashicha, imtihon savollari britaniyalik mutaxassislar tomonidan tuzilgan. U holda savollar mamlakatimiz DTS talablari va amaldagi o‘quv dasturi bilan hamohangmi?
Ma’lum bo‘lishicha, imtihon topshiriqlari Yevropa standartlari asosida tuzilgan. Shunday ekan, nomzoddan maktabda berilmagan bilimlarni talab qilish mantiqan to‘g‘rimi?
Shu kabi savollarga Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmati rahbari Anvar Umarovdan javob oldik.
— Imtihon savollari garchi Yevropa standartlari asosida tuzilgan bo‘lsa-da, o‘quvchilarimizga notanish emas. Asosiy e’tibor o‘g‘il-qizlarning maktabda egallagan bilimini hayotda qo‘llay olish kompetensiyalarini aniqlashga qaratilgan.
— Nomzodning o‘rniga uning akasi yoki singlisining kirish ehtimoli ham hisobga olinganmi?
— Albatta, jarayonda barcha jihat hisobga olingan. Jumladan, ishtirokchilar orasida shunday holatning oldini olish uchun kuzatuv kameralaridan foydalanilyapti. Har bir nomzod yana bir bor tekshirilmoqda.
— E’tibor bersak, nomzodlar imtihon zaliga ortiqcha tekshiruvlarsiz kiritilmoqda. Faqat ichkarida kuzatuvchilar kimda telefon, elektron hisoblagich va boshqa taqiqlangan vositalar bo‘lsa, olib kelib topshirishlarini so‘rashyapti. Agar talabgor o‘quvchi ongli ravishda foydalanish uchun shu kabi taqiqlangan vositalarni olib kirgan bo‘lsa, o‘z ixtiyori bilan topshirishiga ishonish mumkinmi?
— To‘g‘ri, bolalarning yoshi, ruhiy olamini hisobga olib, ularning erkin harakatlanishiga yo‘l qo‘yilgan. Ammo bu kim nimani xohlasa, shuni qila oladi, degani emas. Ya’ni o‘quvchi shuncha ogohlantiruvga qaramay, talabga bo‘ysunmasa, imtihondan chetlatiladi. Imtihon o‘tayotgan auditoriya kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Ishtirokchilarning xatti-harakati kuzatuvchilar nazoratida. Kim shubhali harakat qilsa, darhol aniqlanadi va o‘sha zahotiyoq imtihondan chetlatiladi.
— Saralash imtihonlaridan talabgorni chetlatish holati ham bo‘ldimi?
— Bunday ko‘ngilsizlik deyarli bo‘lmadi. Faqat bir o‘quvchi telefondan foydalanishga uringani uchun chetlatildi. Shuningdek, shubha ostiga olingani uchun ayrim o‘quvchilarning hujjatlari qayta tekshiruvga yuborildi.
— Saralash imtihoniga kimlar kuzatuvchi sifatida jalb etilgan?
— Toshkent shahridagi imtihonlarda Xalq ta’limi vazirligi va poytaxt maktablaridan tanlab olingan malakali mutaxassislar kuzatuvchilik qildi.
Ilk saralash imtihonlaridan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilar test varaqalariga to‘g‘ri javobni qalamda belgilagani, bu natijalarni soxtalashtirish, javoblarni istalgan vaqtda o‘zgartirish uchun qilinayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.
Bu haqda mas’ul tashkilot sifatida tanlangan Cambridge Assessment tashkiloti ekspertlari bilan suhbatlashdik.
Cambridge Assessment eksperti Grem Beyjesning aytishicha, maktab yoshidagi bolalar testlarni yechayotganda xato qilishi mumkin. Yosh bolalar odatda bitta javobni belgilab keyin uning xato ekanini bilib qolgach, javobini o‘zgartirmoqchi bo‘ladi, ammo ruchka ishlatilganda javoblar varaqasidagi javobni to‘g‘rilashning iloji yo‘q. Testlarni tekshiradigan uskuna ruchkada ikkita belgilangan javobni inobatga olmaydi. Shu sababli bolalarga oson bo‘lishi uchun ham javoblarni qalamda belgilash taklif qilingan. Bu butun dunyoda qo‘llanadigan tajriba.
Imtihon jarayonini kuzatib, shunga amin bo‘ldikki, javob varaqalari imtihon tugashi bilan xatjildlarga solinib, xolis kuzatuvchilar ko‘z o‘ngida muhrlandi. Imtihon varaqalari shu kunning o‘zida Buyuk Britaniyaga olib ketildi. Javoblar Cambridge Assessment tomonidan tekshiriladi va bu jarayonga o‘zbekistonlik mahalliy mutaxassislar aralashtirilmaydi.
Imtihon haqida ota-onalarning fikrlari bilan ham qiziqdik.
— Qizim Lola Tohirjonova bu yil 8-sinfni bitirdi, — deydi Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Mastura Alixonova. — Prezident maktabi imtihoni juda adolatli va shaffof o‘tyapti. Ko‘rib turganingizdek, ota-onalar uchun ham barcha shart-sharoit yaratilgan. Qizim yoshligidan matematika va ingliz tiliga qiziqadi. Avvaldan bilimlar bellashuvida ishtirok etib keladi. O‘ylaymanki, bu unga bugungi imtihonda asqotadi.
Xayrullo ABDURAHMONOV