Yutuqlar siri
Xalqaro miqyosda tan olinayotgan, yutuqlari e’tirof etilayotgan Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMIning bu qadar yuksak natijalarni qo‘lga kiritayotgani siri nimada?
Viloyatning chekka hududida joylashgan aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan mazkur mo‘jazgina maktab-internat 2014-yili tashkil etilgan. O‘sha o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilari birin-ketin salmoqli natijalarni qayd etib, fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvining viloyat bosqichida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. 8-sinf o‘quvchisi Abdumalik Abduqayumov Lomonosov nomidagi MDUning Toshkent shahridagi filiali o‘tkazgan xalqaro musobaqada kumush medal egasi bo‘ldi. Bu yutuq keyingi muvaffaqiyatlar uchun yo‘l ochdi. 2015-2016-o‘quv yilida maktab–internatning 7 nafar iqtidorli o‘quvchisi an’anaviy Lomonosov xalqaro musobaqasida matematika fanidan ishtirok etib, 1 oltin va 3 maxsus diplomga sazovor bo‘ldi. 8-sinf o‘quvchisi Abbos Sayliyev Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilgan matematika bo‘yicha maktab o‘quvchilarining Xalqaro fan olimpiadasida kumush medal bilan taqdirlandi. 2016-2017-o‘quv yili maktab-internat hayotida nihoyatda omadli va quvonchli bo‘ldi. Shu yili 7-sinf o‘quvchisi Shahboz Hasanov Tailand qirolligida o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadasida yakkalikda bronza, jamoa tarkibida kumush medalni qo‘lga kiritdi, Yaponiyada matematika fanidan o‘tkazilgan musobaqada esa gran-pri sohibi bo‘ldi.
Maktab-internat o‘quvchilarining 2017-yili may oyida Hindistonning Lakhnau shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro matematiklar xalqaro fan olimpiadasidagi ishtiroki nafaqat viloyat, balki butun mamlakatimiz uchun muhim voqea bo‘ldi. Bu ishtirok O‘zbekiston sharafini ko‘klarga ko‘taruvchi g‘alabani tuhfa etdi. Mazkur nufuzli musobaqada Sevara Ostonova va Doniyor Ismoilov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Olimjon Olimov hamda Doniyor Po‘latov kumush medal sohibi bo‘ldi. 2017-2018-o‘quv yili ham Samarqand shahrida ilk bor fizika fanidan o‘tkazilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiadada 10-sinf o‘quvchisi Bobur Halimov bronza medalni qo‘lga kiritib, oliy o‘quv yurtiga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bolgariyada bo‘lib o‘tgan matematikadan xalqaro fan olimpiadasida Doniyor Ismoilov oltin, Laziz Rajabboyev kumush medal, Sevara Ostonova maxsus diplomni qo‘lga kiritib, jamoaviy bahslarda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Aynan shu o‘quvchilar Ozarboyjonda bo‘lib o‘tgan matematika, fizika va kimyo fanidan xalqaro olimpiadada ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakkalik va jamoaviy bahslarda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu kabi yutuqlar ro‘yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin. Iqtidorli qiz Sevara Ostonovaning bu yil Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq topilgani maktab-internat jamoasi uchun yana bir quvonchli voqea bo‘ldi.
— Bog‘bon o‘zi yerga qadagan urug‘ning gullaganini, meva tugib, hosilga kirganini ko‘rganida, qanchalar quvonishini tasavvur qilib ko‘rganmisiz? Buning uchun siz ham bog‘bon bo‘lib, uning qiyinchiliklarini boshdan kechirishingiz, dildan his etishingiz kerak, — deydi maktab direktori Temir Ro‘ziyev. — O‘quvchilarimizning yutuqlari hamisha ko‘ksimizni faxrga to‘ldiradi. Chunki bu yutuqlarda izlanishlarimiz, mashaqqatli mehnatimiz samarasini ko‘ramiz. Mendan ko‘pincha shunday natijalarga erishayotganimiz siri haqida so‘rashadi. Har gal shu savolga to‘qnash kelganimda, ko‘nglimdan turfa o‘ylar kechadi. Ammo har gal javobim bitta: yutuqlarga, muvaffaqiyatlarga eltadigan yagona yo‘l — bu mashaqqat yo‘li. U fidoyilikni, metin irodani, tinimsiz izlanishni, ijodkorlikni talab etadi. Muhimi, niyating pok, maqsading aniq bo‘lsin. Maktab-internatimizda faoliyat yuritayotgan 47 nafar o‘qituvchining har biri buni chuqur anglab yetgan.
G‘alabaga undovchi uch omil
Maktab-internatda ertadan kechgacha hayot qaynaydi. Shovqin-suron, baqir-chaqirni eshitmaysiz. O‘quvchilardan biri kitobga muk tushgancha allanimalarni izlayotgan, biri daftarchasiga nimalarnidir qayd etayotgan, yana biri tengdoshini bahsga chorlayotgan, boshqasi esa o‘qituvchisini savollarga ko‘mib tashlayotgan... Yigit-qizlarning bu qadar ishtiyoq bilan ilmga intilishi kishining hayrat-u havasini oshiradi. Beixtiyor savol tug‘iladi: o‘quvchilardagi bu qiziqish, muallimlardagi bunday fidoyilik sababi nimada? Bunga javob olish uchun ilm dargohidagi bir kunlik hayotni sinchiklab kuzatamiz. Bu yerda ham darslar odatdagidek, ertalab soat sakkiz yarimda boshlanib, ikkiga qadar davom etadi. Tushlikdan so‘ng o‘quvchilar kuni uzaytirilgan guruhlarga qatnashadi. Mazkur guruhlarda jadval asosida fan o‘qituvchilari tomonidan maxsus chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlar olib boriladi. Kechki soat yettiga qadar davom etadigan mashg‘ulotlarda o‘quvchilar darslikdagi mavzularni mustahkamlabgina qolmay, boshqa manbalar asosida bilimini boyitadi. Jarayonda ular bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari va xalqaro musobaqalarga ham tayyorlab boriladi. Buning uchun o‘quvchidan hech qanday mablag‘ talab etilmaydi.
— Ko‘pchilik internatimizda tahsil olayotgan o‘quvchilarni darsdan so‘ng pullik repetitorlik kursida o‘qiydi, deb o‘ylaydi, — deydi maktab direktori Temir Ro‘ziyev. — Ilm maskanimizdagi hech bir o‘quvchi qo‘shimcha pullik mashg‘ulotga qatnamaydi. Eng katta yutug‘imiz — o‘quvchida o‘qishga ishtiyoq va o‘z bilimiga ishonch uyg‘ota olganimiz. Yaxshi o‘qituvchi o‘quvchiga o‘z bilganlarini shunchaki o‘rgatibgina qolmay, uning qalbida o‘qishga ishtiyoq, istak ham uyg‘otadi.
Adolat — bosh mezon
Har bir ota-ona farzandining eng yaxshi ta’lim muassasasida tahsil olishini istaydi. Bu borada o‘z o‘rni va mavqeyiga ega bo‘lgan Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMida nafaqat Buxoro viloyati, balki respublikamizning boshqa viloyatlaridan ham kelib ta’lim olayotgan o‘quvchilar talaygina.
— Ayni paytda ilm maskanimizda 370 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan 140 nafari viloyatimizning boshqa tumanlaridan, 15 nafari esa qo‘shni viloyatlardan, — deydi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G‘ayrat Qulliyev. — Maktabimizda o‘qish istagini bildirib, har yili mingga yaqin talabgordan ariza tushadi.
Ilm maskanida qabul jarayoniga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Nihoyatda jiddiy va qat’iy talablar asosida kechadigan bu jarayonda adolat va xolislik mezonlariga tayaniladi.
— Qabul maktab-internatimiz kelajagini belgilab beruvchi muhim tadbir. Shuning uchun ham unda tanish-bilishchilik, tamagirlikka yo‘l qo‘yilmaydi, — deydi maktab direktori. — Eng iqtidorli, qobiliyatli o‘quvchilarni tanlab olish uchun qabul imtihonlariga qadar bir necha bor saralash sinovlarini o‘tkazamiz. Ulardan o‘tgan o‘quvchigina Davlat test markazi imtihoniga kiradi.
Maktabimizda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar ham sinov asosida ishga qabul qilinadi.
O‘ziga xos ichki nazorat tizimi
Maktab-internatda o‘ziga xos ichki nazorat shakli o‘rnatilgani ta’lim-tarbiya samaradorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Har haftaning dushanba kuni maktabda direktor va uning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ishtirokida “Sardorlar yig‘ilishi” o‘tkaziladi. Bunda barcha sinf sardorlarining haftalik hisoboti tinglanadi va muhokama qilinadi.
— O‘quv yili boshidan sinf sardorlariga har bir o‘quvchining yurish-turishi, o‘zlashtirishi, darsdagi ishtiroki, shuningdek, o‘qituvchilarning dars jarayonida pedagogik talablarga qay darajada rioya etayotganini qayd etib borish topshirilgan, — deydi maktab direktori. — Shu asosda o‘quvchilardagi bo‘shliqlar, o‘qituvchilarning o‘z burchlarini qay darajada bajarayotgani doimiy nazorat qilinadi. O‘quvchilardagi o‘zgarishlar o‘rganib boriladi, mas’uliyatsiz o‘qituvchilar aniqlansa, chora ko‘riladi. Shuningdek, uch nafar eng yaxshi fan o‘qituvchisi haftaning payshanba kuni o‘tadigan “Muloqot”da e’lon qilinib, rag‘batlantiriladi. O‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokidagi “Muloqot”da o‘quvchilarning tartib-intizomi, yurish-turishi, o‘zlashtirishi sarhisob qilinadi. Har bir fan o‘qituvchisi o‘zi ta’lim berayotgan sinf o‘quvchilarining yutuq va kamchiliklari haqida ma’lumot beradi. Yutuqlar e’tirof etilib, rag‘batlantiriladi. Kamchiliklar esa atroflicha o‘rganilib, muhokama qilinadi. Masalan, maxsus fandan past baho olgan o‘quvchilar o‘rtaga chiqarilib, ulardan buning sababi so‘raladi. Bu ular uchun jazo sanaladi. O‘quvchilar ikkinchi marta ko‘pchilik oldida izza bo‘lishni istashmaydi. Agar bu kamchilikni qayta takrorlaydigan bo‘lsa, unda ota-onasini chaqirishga majbur bo‘lamiz. Tabiiyki, hech bir farzand ota-onaning ishonchini poymol qilishni xohlamaydi va xatosini o‘z vaqtida tuzatishga harakat qiladi.
Ikki haftada bir marta o‘tkaziladigan o‘qituvchilarning kengaytirilgan yig‘ilishida esa “Muloqot” va “Sardorlar yig‘ilishi”da ko‘tarilgan masalalar, muammo va kamchiliklar batafsil muhokama qilinadi. O‘quvchilardagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, kasb mas’uliyatini oshirishga alohida urg‘u beriladi.
Muammolar yechim topadi
Xalqaro miqyosida ko‘plab yutuqlarga erishayotgan maktab-internatda qator muammolar ham borki, bular necha yildan buyon o‘z echimini topmay kelmoqda.
— Sport zali, tadbirlar zali va oshxona yo‘qligi ayrim imkoniyatlarimizni yuzaga chiqarishda to‘sqinlik qilib kelyapti, — deydi T.Ro‘ziyev. — Ayniqsa, yotoqxona muammosi bizni ko‘pdan beri qiynab kelmoqda. Ayni paytda atigi 50 o‘rinli yotoqxonaga egamiz. Bunda 100 nafar o‘quvchini joylashtirishga majbur bo‘lyapmiz, 100 nafarga yaqin o‘quvchimiz bo‘sh sinfxonalarda istiqomat qilishyapti. Qolgan 100 nafardan ortiq o‘quvchi esa atrofdagi xonadonlarda ijarada turadi.
Endilikda bu muammolar o‘z echimini topish arafasida turibdi. Yaqin kunlarda Qorako‘l sanoat va transport kasb-hunar kolleji binosi maktab-internat balansiga o‘tkaziladi va muassasa “Xalqaro matematika maktabi” maqomini oladi.
Iroda ORIPOVA