O‘quv qurollari hamyonbop va sifatli bo‘lsa
Hademay yangi o‘quv yili ham boshlanadi. Ota-onalar allaqachon farzandiga sifatli va arzon o‘quv qurollari, kiyim-bosh xarid qilish taraddudiga tushishgan. Har yildagidek yurtimiz bozorlarida, aholi gavjum hududlarda maktab bozorlari va yarmarkalar tashkil etildi. Joriy yilning 10-avgustidan 10-sentabrigacha joylardagi maktab yarmarkalarini mutasaddi tashkilotlar tomonidan uyushqoqlik bilan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Maktab yarmarkalarida 26 nomdagi o‘quv qurollari sotuvga chiqarildi. Jumladan, Yunusobod, Chilonzor, Sergeli, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod tumanlaridagi “Otchopar”, “Uchqahramon”, “Quyoshli”, “Havas” savdo majmualari hamda “Makro” supermarketlarida 26 turdagi o‘quv quroli hamda o‘quvchi liboslari o‘rin olgan.
— Mahsulotlar orasida sifatli yelim, poyabzal, chizg‘ich, rangli qog‘oz, sirkul, nota daftarini bir manzildan sotib olish biz uchun qulay, — deydi toshkentlik Sayyora Muqimova. — Buyumlarning sifati, dizayni va xomashyosi ham talabga javob beradi. Ularning narxi ham hamyonbop ekani ko‘pchilikni qoniqtiradi. Misol uchun, poytaxtimizdagi supermarketlarda 12 varaqli daftar narxi 390 so‘m. Farzandlarim uchun bejirim sport kiyimini ham shu yerdan xarid qildim.
Maktab yarmarkalaridan o‘rin olgan mahsulotlar sifati mahalliy hokimliklar tomonidan nazoratga olingan. “Sharq” nashriyotida darsliklarni sifatli chop etishda ham alohida e’tibor va mas’uliyat bilan yondashiladi. Ayni damda yuqori sinflar uchun darsliklar yaratish ishlari qizg‘in davom etayotir. Kitob va qo‘llanmalardagi matnlar shakl va mazmun jihatdan yuqori saviyaga ega bo‘lishi kerak.
Kamola A’lamova, “Sharq ziyokori” MChJ bosh mutaxassisi:
— O‘quvchilarning sifatli bilim olishida aynan o‘quv qurollari va darsliklarning ko‘rinishi va sifati ham ahamiyatga ega. Masalan, kundalik yoki yozuv (mashq) daftari yupqa va o‘ta jimjimador qilib ishlangan bo‘lsa, bu o‘quvchini chalg‘itishi mumkin. Maktab yarmarkalarida ana shunday kamchiliklardan xoli, milliy qadriyatlarimiz hamda sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob beradigan bir xil standartdagi, o‘zimizda ishlab chiqarilgan daftarlar sotilishi ayni muddao. Bunday daftarlar o‘quvchi ko‘zini toliqtirmaydi. Hoshiyalari esa ko‘zga tashlanadi, sahifalar yuzasi esa tekis hamda yozishga qulay.
Sh.BOYMURODOVA