Avgust kengashlari sizga nima beradi?
O‘qituvchining o‘quv yili davomida samarali faoliyat yuritishi ta’tilda ruhan va jismonan hordiq chiqargani hamda bilim-metodik jihatdan qanchalik taraddud ko‘rganiga bog‘liq. Aytaylik, uch oy mobaynida dars o‘tmagan o‘qituvchida bu tanaffus tufayli bo‘shliq yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Mana shu bo‘shliqni endi u yangi ta’limiy metodlar bilan boyitishi maqsadga muvofiq. Yoki o‘tgan yili amalga oshirgan samarali ishlarini boshqa hamkasblariga tajriba sifatida taqdim etish, ko‘rsatgan ijobiy natijalari evaziga munosib rag‘bat olish ham uning yangi o‘quv yilini o‘zgacha ishtiyoq bilan boshlashiga yordam beradi. Shu jihatdan har yili an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelingan Avgust kengashlarining o‘rni katta. Ammo bu kengashning pedagoglarga qanchalik asqotayotgani yuzasidan o‘qituvchilarda turfa xil qarashlar mavjud. Buni “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhidagi tortishuvlardan ham anglash mumkin.
G‘ayrat QORABEKOV:
— Keling, shu kengashlar haqida bugun rostini aytay — hech narsa bermaydi. Kengashlar to‘g‘risida buyruq XTVdan keladi, shu buyruqdan nusxa ko‘chirib maktablarga tarqatiladi. Keyin esa “Falon fandan shuncha o‘qituvchi qatnashdi, shuncha qatnashmadi” qabilidagi rasmiyatchilik boshlanadi. Bergan taklif-mulohazalarimiz manziliga yetib ham bormaydi. Qog‘ozbozlik, rasmiyatchilikdan boshqa narsa emas. O‘zi bugunning o‘qituvchisi XTBdan oldin yangiliklardan xabardor bo‘ladi. Avvalo, kengashga bosh bo‘layotgan metodistlar talabga javob berishi, yangilik yarata olishi, ijodkor, toifasi ham oliy bo‘lishi kerak.
Lobar YOQUBOVA:
— Navbatdagi rasmiyatchiliklardan biri xolos. Ba’zan nimaga borib kelganingni ham bilmaysan. Agar kengashlarda qo‘yilgan masalalar faqat qog‘ozdamas, haqiqatda muhokama qilinib, yangi o‘quv yili uchun istiqbolli rejalar tuzilsa edi, o‘qituvchilarning noroziligiga sabab bo‘lmasdi. Afsuski, shunchaki majlisbozliklar ko‘payib ketmoqda. Aslida bu kabi ishlarning o‘quvchi dunyoqarashini boyitish, ilmiga ilm qo‘shish uchun ahamiyati bormi?
Feruza JALOLOVNA:
— Nega kengashlar kerak emas ekan? Gap uning qanday darajada o‘tkazilishiga, qatnashchilarning yig‘ilishda ishtirok etish ishtiyoqi va saviyasiga bog‘liq. O‘quv yili so‘ngida darslikni tugatib, chorak oxirigacha endi o‘quvchilarni nima bilan shug‘ullantirishni bilmaydigan o‘qituvchilar ko‘plab topiladi. Har birimiz o‘zimizga savol berishimiz kerak: biz hamma narsani bilamizmi? Metodik yordam, o‘zaro tajriba almashish kerakmasmi bizga? Toshkentda ham, viloyatlarda ham tayyor tavsiyalarni berishadi. Biz oddiy tinglovchi sifatida aprobatsiya bo‘lmagan, hali tajribada sinalmagan tavsiyalarni bajarishimiz lozim. Bizning bu boradagi fikrlarimizni hech kim tinglamaydi.
Shahnoza AVAZOVA:
— Avgust kengashlari kerak. Uni olib boradigan meto- dist pedagoglar uchun zaruriy yangi ma’lumotlar bersa, tushuntirishlar olib borsa, kengashda qatnashgan har bir pedagog o‘ziga biror yangilik olib qaytsa, amaliyot davomida olingan ma’lumotlar o‘z samarasini ko‘rsatsagina bu kengashning samarasi yaxshi bo‘lardi.
Farida AXBORALIYEVA:
— Avgust kengashi hamma o‘qituvchilar uchun muhim va zarur. Faqat unga to‘g‘ri maqsad qo‘yib, nimadir o‘rganaman, deb borish kerak. Hali bormay turib, nega kerak menga shu kengash, desak, albatta, hech narsa olmay qaytib kelamiz. Yana avgust kengashining tashkilotchilari bilan ham bog‘lanib, bizga mana bu masalalarda metodik yordam kerak, kengashni, yig‘ilishlarni mana bunday tashkillashtiraylik, deb ularga fikr berishimiz joiz. Ana shunda ular biz qanday ma’lumotlarga ehtiyoj sezayotganimizni aniq-ravshan bilishadi.
Hafiza RASHIDOVA:
— Metodistlarning vazifasi nimadan iborat? Biz o‘qituvchilar hech ularning faoliyati samarasini ko‘rmadik. Sho‘ba yig‘ilishlarida qo‘yilgan maqsad amalga oshirildimi? Yo‘q va yana yo‘q. Har yili “Ma’rifat” gazetasida ustozlarga yordam sifatida sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar beriladi, lekin bu belgilangan rejalar, tavsiyalar qay darajada bajarilmoqda? Javobi ustozlarga havola.
Matluba NAVRO‘ZOVA:
— Avgust kengashi deganda issiq, dimiqqan xona, asabiylashib biror yangilik aytilishi va kengashning tezroq tugashini kutayotgan ustozlar hamda birorta ham savolga aniq javobi yo‘q “chiroyli” kiyingan metodistlar ko‘z oldimga keladi. Afsuski, 30 yildan beri bir xil manzara.
MAVJUDA:
— O‘tkaziladigan kengashlar “rasmiyatbozlik”dan iborat bo‘lib qolayotganday, nazarimda.
Dildor NURMUHAMEDOVA:
— Bugun kengashni yo‘q qilaylik, ertaga seminarni yo‘q qilamiz. Indin-chi? Darsgami navbat? Ustozlar, ular yaxshi o‘tkazmasa, siz o‘tkazing. O‘quv yili oldidan kasbdoshlarning uchrashuvi kerak-da endi! Kengashlar o‘tkazilishi juda muhim. Metodist bilan tumandagi malakali pedagoglar birlashishi kerak.
Gulchehra ASHUROVA:
— Avgust kengashlari zarur. Faqat yangilangan, davr talabiga javob beradigan tarzda o‘tkazilishi lozim. Necha yillardan buyon bir xil senariy. Men sho‘ba rahbariman. Ayrim pedagoglarga mavzu bersangiz, yuzaki tayyorlanib keladi. Motivatsiya, yangilik, izlanish, strategiya yo‘q.
Kengash hech narsa bermaydi, desak, pedagogik yillarimizga xiyonat qilgan bo‘lamiz. Faoliyatimizda havas qilarli, andoza oladigan, uslub, mahorat o‘rganadigan, pedagogik masalalarga yechim topadigan kengashlar ham o‘tkazilgan. Kengashdan nimalardir o‘rgangan paytimiz bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Eng muhimi, mohir, tajribali pedagog kengashni o‘tkazishga bosh bo‘lishi kerak. Joylarda kengashlarning zerikarli, foydasiz, samarasiz o‘tayotgani faqat metodist va tashkilotchining aybi emas, bunga hafsalasiz o‘qituvchilar ham aybdor.
A.AZIMOVA:
— Bizning Xonqa tumanimizda Avgust kengashi har yili yaxshi tashkil qilinadi. Bu kengashga bayramga borganday boramiz. Zerikishga vaqt bo‘lmaydi. Aniq reglament asosida o‘tkaziladi. O‘tgan yildagi yutuqlar, kamchiliklar sarhisob qilinadi. Muvaffaqiyatga erishgan ustozlar taqdirlanadi. Kamchiliklar ko‘rsatib o‘tiladi. O‘quvchilarimizning yutuqlari aytiladi va rag‘batlantiriladi. Yangi o‘quv yilini yaxshi kayfiyat bilan boshlash uchun konsert beriladi. Ustozlar o‘z fikr-mulohazalarini bayon etadi. Shu konferensiyaga qator yillardan beri taklif qilishadi. Boraman. Olgan rag‘batlarim menga yil davomida quvvat bag‘ishlaydi.
Mohira CHORIYEVA:
— Oldimizda bu yilgi Avgust kengashlari turibdi. Biz doim qanday yangiliklar bo‘lar ekan, deb kutamiz. Biroq har yili bir xillikni ko‘ryapmiz. Bir yilda bir marotaba bo‘ladigan kengashda yangi g‘oyalar, yangi takliflar bilan chiqilsa yaxshi bo‘lardi.
Nigora URISHEVA:
— Men ham bayramdek quvonib boraman Avgust kengashiga. Sababi, yozgi ta’tildan keyin qadrdon hamkasblar bilan uchrashuv imkonini beradi u. Biror yangilik bo‘lmagan taqdirda ham qalban yaqin insonlarni ko‘rib, shodlanaman. Buning zavqi boshqacha.
Oybek URUNOV:
— Avgust kengashi bu yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, eski o‘quv yilining yakunlari, oldindagi istiqbolli rejalarni belgilash, o‘tgan o‘quv yilida munosib tashkiliy ishlarni amalga oshirgan, fidoyilik ko‘rsatgan, yutuqlarga erishgan pedagoglarni taqdirlash, darsliklar va ularning kamchiliklari, yutuqlarini ko‘rsatib berish, shuningdek, barcha pedagoglarning taklif-mulohazalarini o‘rganib, yangi innovatsiyalar bilan o‘rtoqlashish uchun tashkil etiladigan anjuman hisoblanadi. Avgust kengashlari biz pedagoglar uchun judayam zarur. Yuqoridagi fikrlar ichida Avgust kengashlari kerakmas, degan ustozlarga qarata shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, sizning tumaningizda uning yaxshi tashkil etilmaganligi bu umumning aybi emas. Siz ham tashabbus ko‘rsating. Men Denov tumanida har yili tashkil etiladigan
Avgust kengashida ishtirok etib kelaman va tashkilotchilardan minnatdorman.
Zilola MADATOVA tayyorladi.