Prezident maktabi qurilishi yakuniy pallada
Namanganda Prezident maktabi qurilishi qizg‘in sur’atlarda davom etmoqda. Bunyodkorlik ishlarini bajarayotgan “Zafarqurilishservis” MChJ quruvchilarining samarali sa’y-harakatlari tufayli yangi bilim dargohi kundan-kun o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda.
Viloyat markazining eng gavjum va xushmanzara hududlaridan biri ― Islom Karimov shohko‘chasida qad rostlayotgan mazkur maktab qurilishi uchun 84 milliard so‘m mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan. Maktabga shu yilning 17-aprelida tamal toshi qo‘yilgan edi. Hozirgacha 36 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.
― Muhim ahamiyatga ega inshootni o‘z muddatida tiklash uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgan, ― deydi “Zafarqurilishservis” MChJ ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Akramov. ― Jarayonda 300 nafardan ortiq quruvchi mehnat qilmoqda va 40 dan ziyod texnika vositasi jalb etilgan. Ish ikki smenada tashkil etilgan. Asosiy ishlar kunduzi amalga oshirilmoqda. Quruvchilar uchun hamma shart-sharoit yaratilgan. Ish sur’atini tezlashtirish maqsadida shu yerning o‘zida 100 o‘rinli dam olish joyi tashkil qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qurilish jarayoni eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalar va me’morlik uslublari asosida olib borilmoqda. Jahon miqyosida keng qo‘llaniladigan innovatsion usullardan foydalanishga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Masalan, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr tarmoqlarini tortishda yangicha uslullardan foydalanilyapti. Ya’ni ular shift ostidan o‘tkazilmoqda. Bino va xonalarda shovqinni kamaytirish uchun beton pol uzra issiqlikni yaxshi saqlovchi hamda shovqinni kamaytiruvchi material ― penopleks ishlatilmoqda.
Qurilish ishlariga malakali, yetarli tajriba hamda mahoratga ega quruvchilarni jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilgan.
― Bu yerda mehnat qilayotganlarning aksariyati ana shu talablarga to‘la javob beradi, ― deydi elektromontajchilar yetakchisi Abduvohid To‘ychiboyev. ― Qurilayotgan Prezident maktabining maqomi va nufuzi juda yuqoriligi har birimizdan ishga yuksak mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Shuni chuqur anglagan holda sifatli va samarali ishlashga intilyapmiz.
Inshootda bajarilayotgan qurilish ishlari sifati buyurtmachi tashkilot — viloyat injiniring kompaniyasi, viloyat hokimligi va xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ham nazoratga olingan. Ayniqsa, maktabning qisqa fursatlarda bunyod etilayotgani jiddiy e’tibor va nazorat o‘rnatishni taqozo etayotganligi bor gap.
― Prezident maktabi qurilishida qo‘llanilayotgan texnologiyalar ham vaqtdan, ham ortiqcha sarfdan yutish imkonini bermoqda, ― deydi ish yurituvchi Jaloliddin Soliyev. ― Masalan, ichki devorlarni tiklashda gipsokarton va mineral mato ishlatilishi tufayli vaqtdan yutdik, ortiqcha mehnat sarf qilinmadi. Agar ilgarigi usulda pishiq g‘isht ishlatilib, qumsuvoq qilinganda devor sathini
tekislash va silliqlash, bir necha qavat shpaklyovka surtish, ikki-uch marta bo‘yoq berish zarurati tug‘ilardi. Ish maromi tezlashishi hisobiga belgilangan jadvaldan ilgarilab oldik. Yaqin kunlarda asosiy bunyodkorlik yumushlari yakunlanib, hududni obodonlashtirishga kirishamiz.
Namanganda Prezident maktabi bitishini bu yerda o‘qish huquqini qo‘lga kiritgan 144 nafar o‘quvchi, ularning ota-onalari, viloyat ahli ham intiqlik bilan kutmoqda. Buni yurakdan his qilgan bunyodkorlarning kun sayin g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilyapti.
G‘anisher AKBAROV