Avgust kengashlari davom etmoqda
Avgust kengashlarining Toshkent viloyati o‘quv-seminari Angren shahridagi 18-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Dastlab “Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari”, “Umumiy o‘rta ta’lim mazmuni: 2019-2020-o‘quv yili tayanch o‘quv rejasi, o‘quv dasturi va darsliklardagi o‘zgarishlar” mavzusida ma’ruzalar tinglandi. Shundan so‘ng ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, sho‘ba yig‘ilishlari mashg‘ulotlarida qatnashishdi.
11 ta sho‘ba seminarlarida pedagoglar o‘z fanlari yuzasidan dolzarb masala va muammolarga doir mavzularda ma’ruzalar tingladi. Xususan, “Maktab rahbarlari — ta’lim menejerlarini tayyorlashning dolzarb masalalari”, “Boshlang‘ich ta’limda interaktiv ta’lim muhiti”, “Filologiya fanlarini o‘qitishda innovatsion yondashuv”, “Chet tillarini o‘qitishda ilg‘or pedagogik va CLIL metodlar” kabi ma’ruzalar va interaktiv mashg‘ulotlarda o‘quv yili oldida turgan o‘qituvchilar talay yangiliklardan
boxabar bo‘ldilar.
***
Yunusobod tumanidagi 273-maktabda ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, maktab psixologlari va maktab logopedlari ishtirokida navbatdagi avgust kengashi tashkil etildi.
Unda “5 tashabbus — 5 imkoniyat”, “Voyaga yetmagan o‘quvchi yoshlarni ta’lim muassasasining ichki pedagogik nazoratiga olish tartibi” mavzusida seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi.
― Seminarda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus bo‘yicha bajarilgan ishlar muhokama qilindi, ― deydi Zahro Musaboyeva. ― Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash metodikalari psixologlar tomonidan tushuntirib o‘tildi. Albatta, bu treninglar amaliyotda biz uchun muhim ahamiyatga ega. Ular orqali qatnashchilar yangidan yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Aziza SATTOROVA, Angren shahar XTB defektologi