O‘qituvchi namuna bo‘lsin
Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktablardagi yutuq va kamchiliklar ochiq-oydin aytib o‘tildi. Bu fikrlarni tinglab menda ham biz qator mulohaza tug‘ildi.
Hozirgi paytda maktab o‘qituvchilarining hammasi ham ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida zamon talablariga javob beradimi? Maktabda sifatli ta’lim-tarbiya berishga qanday omillar xalal bermoqda? Bu omillarning oldini olish, ularga yechim topish uchun faxriy pedagog sifatida takliflarimni bildirmoqchiman:
1. Maktabni muqaddas dargoh deb bilish, uning mol-mulkiga ko‘z olaytirmaslikni xalqqa, rahbarlarga, farzandlarimizga singdirishimiz lozim.
2. Ayrim o‘qituvchilarning maktabni savdo-sotiq maskaniga aylantirib olishiga yo‘l qo‘ymaylik. Hatto ayrim maktablarda tilla taqinchoqlar, ayollar va bolalar kiyimlari, bo‘yanish anjomlari sotilmoqda.
3. Maktabda boshlang‘ich sinflarga pullik repetitorlik tashkil qilinishiga chek qo‘yaylik.
4. O‘qituvchi yurish-turishiga e’tibor qaratish kerak. Ular keng jamoatchilikka namuna bo‘ladigan kiyinish uslubi va xulq-atvorga ega bo‘lsin.
5. Aksariyat hollarda 5—7-sinflarda sardor qiz bolalar bo‘ladi. O‘g‘il bolalarda yetakchilikni shakllantiraylik.
6. Yosh o‘qituvchilarga shogirdparvar ustozlarni biriktirish joiz.
7. Ish beruvchi bilan o‘qituvchi o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasini aniq huquqiy asoslarga tayanib tuzish maqsadga muvofiq.
Qahhor RAHMONOV, faxriy muallim
Nurota tumani