Yuqori natijalarga erishayotgan maktablar negizida ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari tashkil etiladi
Yuqori natijalarga erishayotgan umumiy o‘rta ta'lim maktablari negizida ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim muassasalari tashkil etiladi. Bu haqda 2019-yil 23-avgust kuni Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchi mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida aytilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov) 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab zamonaviy o‘quv binolari va moddiy-texnik bazasiga ega bo‘lgan, ta'lim sifati va kadrlar salohiyati yuqori, o‘quvchilari muntazam ravishda fan olimpiadalari va boshqa tanlovlarda yuqori natijalarga erishayotgan umumiy o‘rta ta'lim maktablari negizida ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim muassasalari tashkil etilishi choralarini ko‘radi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Toshkenboyev), Davlat test markazi (Karimov), Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar hududlardagi ayrim fanlarga chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o‘rta ta'lim maktablari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, iqtidorli o‘quvchilar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmagan, ta'lim sifati past, kadrlar salohiyati yetarli bo‘lmagan muassasalar faoliyatini tugatish choralarini ko‘radi.