“5”ning qadri
Inson hayoti davomida amalga oshirgan ishlari uchun ma’lum ma’noda rag‘batga ehtiyoj sezadi. Biz ongli ravishda bir-birimizning harakatlarimizga munosabat bildiramiz va uni har tomonlama baholashga harakat qilamiz. Bunday baholashga bo‘lgan ehtiyoj, ayniqsa, bolalarda kuchli. Biror ishni qoyilmaqom bajargan farzandingizga “Barakalla, o‘g‘lim!” yoki “Yashavor, qizim!” qabilidagi rag‘batlaringiz — ular uchun katta mukofot. Buning evaziga ular ishni yanada yaxshiroq bajarishga astoydil kirishadi. Xususan, asosiy faoliyati bilim olish bo‘lgan maktab o‘quvchilarida “5” bahoga intilish kuchlidir.
Bugun maktablarda, o‘quv dargohlarida o‘quvchilar faoliyatini baholash mezoni o‘zini oqlayaptimi? Aniqroq aytganda, bugungi “5” baholarimizning qadr-qimmati va ahamiyati nechog‘lik?
O‘quvchilik yillarim matematika o‘qituvchimiz bo‘lardi. Darslarida yaxshi o‘qishga qancha urinmay, menga faqat “4” qo‘yar edi. O‘rtoqlarim ichida ikkitasi doimo “5”, qolganlari ham o‘ziga yarasha “4” yoki “5” oladi. Bir kuni berilgan nazorat ishidagi topshiriqlarni to‘liq (do‘stlarim yordami bilan) bajarib topshirdim. Baholar e’lon qilinganda menga yana “4” qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan norozi bo‘lganimda ustozdan “Sen hali “5”ga loyiq emassan” degan javobni eshitdim va juda ranjidim. Lekin yillar o‘tib, uning fikri to‘g‘ri ekanini vaqt ko‘rsatdi. O‘sha “5” ga o‘qigan do‘stlarimizda alohida matematik qobiliyat, menda esa gumanitar fanlarga layoqat borligi o‘z isbotini topdi. Bitiruv attestatim matematikadan “4” bo‘lishiga qaramasdan, boshqa fanlar a’lo bo‘lgani bois “5” ball bilan baholangan va oliygohga qabul qilinganman. Do‘stlarim orasida oltin medal olib, imtiyoz bilan o‘qishga kirganlar ham bor. Demoqchimanki, u vaqtlari attestat baholari to‘liq inobatga olinar va o‘qituvchilar qo‘ygan baholarning qadri ancha baland edi. Hozir esa vaziyat tamoman o‘zgargan. Nazarimda, bugun o‘quvchining bahosi ko‘proq sinf va maktab hisoblari uchun, qolaversa, farzandining kundaligidagi baholaridan (qanday olganidan qat’i nazar) mag‘rurlanadigan ona yoki baholarni tahlil qilib, nazorat qiladigan ayrim otalar uchun zarurdek. Har holda maktablarda a’lochi o‘quvchilar haftalik, oylik, choraklik, yillik, rag‘batlantirib boriladi.
Shu o‘rinda yana bitta gap: oliygohlarga kirish imtihonlarining test sinovi asosida o‘tkazilishi va maktabning bahosi bunda ahamiyatsizligi ham baholash qadrining pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Bugun attestatdagi baholardan qat’i nazar, alohida fanlardan tayyorlanib, kerak bo‘lsa, yodlab bo‘lsa ham oliygohga kirish asosiy maqsad bo‘lib qoldi. Buni hech birimiz inkor etolmaymiz.
Keyingi yillarda maktablarda o‘quvchilarni baholashning yana bir usuli paydo bo‘ldi. Ya’ni o‘qituvchi o‘quvchi kundaligiga bir soatlik darsda 5/5 shaklida ikki yoki uchta, hatto to‘rt-beshtagacha baho qo‘ymoqda. Lekin sinf jurnaliga faqat bittasi qayd etiladi. “Texnologiya ijodkorlari” — yoshlardan so‘rasam, darsni o‘zlashtirgani, uy vazifasi, mustaqil ishi va hokazolarni bajargani uchun qo‘yiladi, deya izoh berishdi. Agar o‘quvchi dars mavzusini aytib bersa-yu, uyga vazifani bajarmay kelsa, unda nima bo‘ladi? Baho 2/5 shaklida bo‘ladimi? Qaysi biri sinf jurnaliga qayd etiladi? Menimcha, “a’lo” baho hamma ko‘rsatkichlarni bajargan o‘quvchiga, kamchiligi bo‘lsa, yaxlit holda “4” yoki “3” qo‘ygan ma’qul. Yuqoridagicha baholash davom etsa, har darsda mavzuni aytib berib bitta “5” oladigan o‘quvchi bilan bir darsda ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘rtta “5” oladigan o‘quvchining mavqeyi (baholar soni) tenglashib qolmaydimi? Nazarimda, bu shaklda baholash faqat kundaliklarini to‘ldiradigan, baholarini “ko‘z-ko‘z” qiladigan, faqat shuning uchun o‘qiydigan o‘quvchilarga zarurdek. Haqiqiy bilim olish ishtiyoqidagi bola uchun bu ortiqcha dahmaza, xolos. Bu baholash usulini qoralashdan yiroqmiz. Uni asosan boshlang‘ich sinflarda qo‘llagan ma’qul. Negaki, kichik yoshli bolalar ruhiyatida ko‘proq baho olishga intilish kuchli.
Prezidentimiz tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida oltin va kumush medallarning ta’sis etilishi ta’limga e’tiborni yanada oshirish bilan birga, o‘quvchilarga qo‘yilgan talabni ham kuchaytiradi. Endi bu talab o‘quvchilarni har tomonlama e’tibor bilan baholash vaqti kelganini bildiradi. O‘quvchiga qanday dars o‘tamiz, ularni o‘quv mashg‘ulotlariga qanday qiziqtiramiz va albatta, qanday baholash usullaridan foydalanamiz ― bu haqda hammaning o‘z fikri va xulosasi bor, albatta. Barchamizning maqsadimiz bitta: yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash.
Keldiyor XUDOYOROV, Xatirchi tumanidagi 72-maktab o‘qituvchisi