Muallimlikdan Qahramonlikkacha
Hasan Normurodov... Bu insonni Samarqandda ko‘pchilik yaxshi taniydi, hurmat qiladi. Nuroniylarning oqsoqoli sifatida obro‘ qozongani rost. Aynan shu jihat — u kishining nufuzi, bilim va salohiyati haqida ko‘pchilik bilgani ham otaxon haqida yozishni qiyinlashtiradi.
...Biroz oldin u kishi bilan telefonda gaplashib, uchrashuv belgiladik.
— O, sizmisiz, tanidim, nega uzoqlashib ketdingiz, kam yozyapsiz oxirgi paytlarda, — tezda esladi otaxon.
Salom-alikdan so‘ng bir yo‘qlamoqchi, suhbatini olmoqchi ekanimizni ma’lum qildik. Xullas, suhbat uchun yarim soat vaqt ajratildi.
Hasan Normurodov Mustaqillik bayrami arafasida davlatimiz rahbarining farmoniga binoan, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. Har kuni ham Qahramon bilan gaplashavermaysiz. Savollar jo‘yali bo‘lishi kerak. Bu toifa insonlarning oldida odam o‘zini namunali tutishi lozim. Mahmadonalik ketmaydi.
Istaysizmi-yo‘qmi, tartibli, madaniyatli, nufuzli insonlar bilan uchrashuv oldidan ong ostida shunday o‘ylar kechadi. Bu tabiiy jarayon.
— Keling, o‘g‘lim, sizlarni kutib turuvdim, — deya nuroniy ochiq chehra bilan peshvoz chiqdi.
Samimiy, iliq munosabat vaziyatni o‘zgartirdi. Bu suhbatimiz erkin o‘tishidan dalolat berardi.
Stol ustida xilma-xil gazeta va kitoblar turibdi. Bu insonning mutolaasiz bir soat ham o‘tirolmasligini ko‘pchilik aytgan. Darhaqiqat, rost ekan. Xonada ijtimoiy-siyosiy nashrlar, kitoblardan tortib adabiy-ma’rifiy jurnallargacha topiladi.
— Har qanday sohada ham adabiyot va madaniyatdan yiroq bo‘lish odamning kamchiligi hisoblanadi. Nega bunday deyapman? Chunki odamlar bilan muloqotda o‘qimagan odam tez qoqiladi, suhbatdoshini zeriktiradi. Dunyo ko‘rish, yurtma-yurt kezish boshqa, shuning barobarida kitob varaqlash, o‘z tafakkuri ustida bosh qotirish mutlaqo boshqa narsa, — deydi Hasan Normurodov. — Avvalo, muallimman. Faoliyatimni boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshlaganman. Keyinchalik rusiyzabon bolalarga o‘zbek tilidan dars berganman. O‘sha paytlardayoq til bilan ishlashga, adabiy til me’yorlariga amal qilishga odatlandim.
Bugun ko‘pchiligimizga sir bo‘lmagan bir haqiqat bor. Maktablar bir paytlar osonlikcha qurilmasdi, ta’mirlanmasdi. Boringki, Markaz “himmati” bilan biror hududda ta’lim muassasasi qurilishi boshlansa, bu jarayon yillab davom etardi. Foydalanishga topshirilgan maktabning partalari berilsa, sport anjomlari kechikar, ikki qavatli qilib qurilsa, tomi yopilmasdi. Quruvchini siquvga olsangiz, teparoqdan “bezovta” qilishardi. Xullas, ko‘nsangiz — shu, bo‘lmasa, maktab rahbarliginiyam, muallimlikniyam yig‘ishtiring.
Bugun maktab qurilishi nainki viloyat, kichikroq tuman-shahar uchun ham arzirli gap emas. Istasangiz, mahalliy hokimlikning o‘zi ham, davlat ham ta’mirlab, qurib bera oladi. Sharoit bo‘lmasa, talab qila olasiz. Shuning o‘zi o‘qituvchining, tizim mas’ullarining katta yutug‘i, deb o‘ylayman.
Buyuk qaytish
— Keyinchalik viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishladim, — suhbatni davom ettirdi nuroniy. — Tan olaman, bu ish juda mashaqqat edi. U yog‘ini tortsangiz, bu yog‘i ochilib qolardi, bu yog‘ini tortsangiz, u yog‘i...
O‘qituvchidan ta’lim sifatini talab qilasiz, o‘z ustida ko‘proq izlanishni so‘raysiz, fidoyi emaslikda ayblaysiz. Muallimning sifatli ta’lim berishi uchun sharoit yetarli edimi? Yaqin yillargacha ham bozorlarimizda oliy ma’lumotli muallimlar pomidor-bodring sotdi. Ro‘zg‘orini boqishi uchun oyligi yetmadi. Kamiga, paxta terishga, ko‘cha supurishga jalb etildi.
Singapur sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu ta’lim sifati haqida shunday degandi: “Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi “mo‘jiza”larni qilgan insonlar — muallimlardir”.
Qarang, qanchalik ibratli gap.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham “O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman. O‘qituvchi jamiyatdagi eng obro‘li kasb egasi bo‘lishi shart”, deyapti.
Bu shunchaki gap bo‘lib qolayotgani yo‘q, albatta. O‘qituvchining maoshi ikki barobargacha oshdi. Qog‘ozbozlikdan ozod etildi. Pedagoglarga turli imtiyoz va imkoniyatlar muhayyo etilyapti. Bularning natijasida maktablarga erkak o‘qituvchilar qaytyapti. Ularning maktablarga qaytayotganini Xalq ta’limi vaziri ham ta’kidlab o‘tdi. Ochig‘i, men buni BUYUK QAYTISH, deb hisoblayman!
Muallimning haqiqatlari
— Lavozim hech qachon insonning bezagi bo‘lmagan. Aksincha, amal ortidan quvgan odam tez qoqilganiga ko‘p guvoh bo‘lganman.
— Rahbarga nima kerak, nima kerak emas? Buni har bir inson o‘ylab ko‘rishi lozim. Rahbar keng tafakkurli, kecha va bugunning eng yaxshi sifatlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lishi lozim.
— Sizga muammosini aytib kelgan insonga aslo ozor bermang, noumid qaytarmang. Siz uning eng oxirgi manzili bo‘lishingiz mumkin.
— Kitob tanlashni bilish kerak. Uyimdagi uch mingta kitobni eng yaxshi do‘stlarim, deb hisoblayman.
— Nutqingiz ustida har kuni ishlang. Ayniqsa, muallim uchun kiyinish madaniyati qatorida nutq madaniyati ham juda kerak.
* * *
Hasan Normurodov bilan suhbatlasharkansiz, otaxon bu kabi hikmatlarni, hayoti davomida anglagan haqiqatlarini tez-tez eslatib turadi. Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab hayotidan lavhalar, ijodidan misollar keltiradi.
Lutf
Prezident Shavkat Mirziyoyev tantanali marosimda Hasan Normurodovga “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini berar ekan, jumladan, shunday dedi: “Hasan Norbekovichni Navoiy bobomizga o‘xshatib, g‘ururlanaman!”
Suhbat asnosida otaxonga davlatimiz rahbarining shu qiyosini eslatdik.
— Rosti, xijolat tortdim, — dedi suhbatdosh. — Hazrat Navoiyning xizmatlari beqiyos. U kishi butun turkiy xalqlarning faxri ekani shubhasiz. Bu lutfga, qiyosga munosib bo‘lish osonmas. O‘z navbatida, shu paytga qadar buyuk shoirimizning asarlarini ko‘proq mutolaa qilmaganim uchun o‘zimdan ranjidim. Hayotda har narsa saboq aslida. Demak, bu qiyos ham bejiz emas. Garchi biroz kechikib bo‘lsa-da, Navoiy asarlarini ko‘proq mutolaa qilishga vaqt ajrata boshladim...
* * *
Naq ikki soatdan ortiq davom etgan suhbatimiz asnosida nuroniy bir necha bor: “Sakson yoshga kirdim. Judayam til o‘rgangim keladi. Dunyoni anglashni istayman. Xalqaro miqyosda muvaffaqiyatga erishgan yoshlarimizni quchgim keladi. Ularga cheksiz havas qilaman...”, dedi.
Darhaqiqat, otaxonda hamon havas bor, ishtiyoq bor, hayrat bor. Faoliyatini Kattaqo‘rg‘onning chekka bir qishlog‘ida muallimlikdan boshlagan, bugungi kunda O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan bu insonni beixtiyor barcha insoniy bilimlar jamlangan kitobga o‘xshatdik. U shunday kitobki, qayta-qayta o‘qiladi, yillar davomida o‘zini o‘zi mukammallashtiraveradi. Uning ziyosidan bahramand bo‘lganlar, shubhasiz, baxtiyor insonlardir!
Isomiddin PO‘LATOV, jurnalist