“Alifbe”mi yoki “Alifbo”?
“Ma’rifat” gazetasining shu yil 29-iyun sonida Berdak Yusufning “To‘rt muammoli harf” nomli maqolasi e’lon qilindi. Ushbu maqolada ko‘tarilgan masala xususida men ham mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Muallifning muammoli harflar bo‘yicha bildirgan fikrlariga to‘la qo‘shilaman. U bilan suhbat davomida shunga amin bo‘ldimki, olim — millat, xalq jonkuyari, bilim darajasi ham baland!
Birinchidan, Ц (Ts) harfi va tovushi masalasida olimni haq deb hisoblayman. O‘zbek tilida Ц tovushi yo‘q, unga harfdan haykal qo‘yish, menimcha, noo‘rin.
Ikkinchidan, Sh, Ch harf birikmalari shaklini diakritik belgilar bilan ixchamlashtirish mumkin. Bu xatolik emas. Sababi, bu ikki harfning tovush-talaffuz normalarida, artikulyatsiyasida muammoli jumboq yo‘q! Ixchamlashtirish harfiy ko‘rinishni sayqallashtiradi.
Uchinchidan, maqola muallifining Ng harf birikmasi yoki tovushi xususidagi fikrlari ham asosli. Bu harf va tovush munosabati mukammal tadqiq qilinishi lozim. Fikrimcha, bu harf kerak emas! Bu tovush imlo qoidalarida aks ettirilishi kerak.
Alifbo tartibidagi J tovushiga to‘xtalsak. Uning hosil bo‘lish artikulyatsiyasida ikki xil holat mavjud:
1) bir holatda u sirg‘aluvchi J jarangli tovushini ifodalaydi:
lug‘atimizdagi vijdon, jurnal... so‘zlarida talaffuz etiladi;
2) portlovchi, jarangli tovush:
lug‘atimizdagi jar, jasur, toj... so‘zlarida talaffuz etiladi.
Berdak Yusuf maqolasida taklif etayotgan harflar keng jamoatchilik va ilmiy doiralarda keng muhokama etilishi, tadqiq qilinishi lozim.
O‘zbek tilida Y harfi va tovushi mavjud. Y jarangli undoshi artikulyatsiyasida unlilar bilan yonma-yon kelgan bahsli holatlar o‘rganilganmi? Imlo qoidalarida bu holat qanday tasniflangan?
O‘zbek tilini lotin yozuvi asosida rivojlantirishni ma’qullayman. Bu alifbo chuqur o‘rganilib, tahlil etilib, mukammal harflar tartibida sayqallanishi tarafdoriman. O‘zbek alifbosini mutlaqo o‘zgartirish kerak emas.
Mavzu doirasida takliflarim ham bor:
birinchidan, “Alifbo” so‘zi “O‘zbek harflari”, “O‘zbek harflari tartibi”, “Harflar” tarzida ifodalangani ma’qul;
ikkinchidan, o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kirituvchi ishchi guruh a’zolari, ish taqsimoti va muloqotlar, xulosalar, suhbatlar yozma va og‘zaki shaklda muntazam e’lon qilib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi;
uchinchidan, harflarning yozma va bosma shaklda emas, faqat bosma shaklda yozilishi tarafdoriman. Bu imloning savodxonlik texnologiyasiga mos bo‘lishini ta’minlaydi;
to‘rtinchidan, imlo qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi, batafsil, mukammal holatga keltirilishi lozim;
beshinchidan, yozma nutqni tartibga soluvchi rasmiy ish yuritish qoidalarini takomillashtirish zarur;
oltinchidan, fonetika sohasidagi ilmiy izlanish va dissertatsiya himoyalariga keng yo‘l ochish, shu yo‘nalishda ilmiy darajalar berilishini ko‘paytirish va ko‘plab ilmiy uslubiy qo‘llanmalar chop etilishi darkor;
yettinchidan, “Davlat tili haqida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish va unda til qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini qat’iylashtirish masalasi aks etishi lozim.
Alijon JABBOROV