Majlis — ustoz ko‘zgusi
4-sinfdagi o‘g‘lim “Ustozimiz berib yubordi”, deb bir parcha qog‘oz tutqazdi. Farzand haqidagi chiroyli she’r bilan boshlangan taklifnoma ekan. “Qalbi gavharday toza bo‘lgan farzandlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan holda ota-onalar majlisiga kelishingizni iltimos qilaman” degan jumla ta’sirida ish kuni bo‘lsa ham maktabga yo‘l oldim. O‘qituvchi har galgiday, bola tarbiyasiga doir qiziqarli testlar, muhim ma’lumotlar tayyorlab kelganini aytdi. Sahna ko‘rinishlarini tasvirga olishni bilmaganim uchun “Telegram” tarmog‘i orqali kadrlarni yuborishini muallimadan iltimos qildim. Esiz, vaqtim bemalol emas... Uzrimni aytib xayrlasharkanman, izlanuvchan o‘qituvchi bolamga ta’lim berayotganidan ko‘nglim to‘ldi. Muallima tavsiyalaridan bu safar bebahra qoldim. O‘tgan yilgi ota-onalar majlisi xayolimda jonlandi.
O‘qituvchi farzandlarimizdan “Onangizning qaysi xislatlari yoqadi-yu, qaysilari yoqmaydi?”, “Onangiz sizga qanday munosabatda bo‘lishini xohlaysiz?” (majlisga asosan onalar kelishi bois) kabi savollarga javob yozdirib olibdi. O‘g‘limning fikri bilan tanishdim: “Oyimning hamma xislatlari menga yoqadi. Menga kam e’tibor bersa ham onamni ukamdan ko‘proq yaxshi ko‘raman. Buni oyim bilmasa kerak, chunki xato ish qilib qo‘ysam, meni yaxshi ko‘rganingda bunday qilmasding, deb urishadi”.
Ikkinchi savolga munosabat: “Ishdan kelganidan so‘ng, shoshib uy ishlarini qilmay, baholarimni ko‘rib, meni maqtab qo‘yishini juda-juda istayman. Ovqatlanganimizdan keyin uyda vazifalarimizni qildirib, yana uy ishlariga sho‘ng‘iydi. Oyimning ishi hech tugamaydi. Axir bunaqada charchab, og‘rib qolishi mumkin-ku?”.
Ko‘zimda aylangan yoshni artdim-u, bolam boyaqishning “Oyi, ishlaringiz tugay dedimi, qachon uxlaysiz? Yaxshi ertaklaringizdan aytib bering”, deya zorlanishi, unga javoban “Uxlayver, ertak kitoblar olib berdim-ku, mening eski ertaklarimni hadeb eshitaverasanmi, hali kir yuvishim, kiyimlarni dazmollashim kerak!” deya qo‘rs javob berganimni esga oldim. Demak, unga ko‘proq e’tibor berishim kerak ekan. Uning kitobni mustaqil o‘qishdan ko‘ra mendan ertak tinglashga xohishi ko‘proq ekan-da.
Qo‘yingki, dilbandim mendan sir tutgan gaplarini qog‘ozga bor holicha to‘kib solibdi.
Barcha onalarni kuzataman. Kimlardir ko‘zida yosh aralash bolasining yozganlariga kulib qo‘ydi. Qaysidir ona xayolga toldi. Tepa sochi tikka bo‘lganlar-chi? Ustoz barchamizni bir lahza farzandimiz bilan “yuzlashtirdi”.
Eng xijolatli vaziyat 40 xil imlo orasidan o‘zimizga tegishlisini topib olish bo‘ldi. O‘g‘limning yozuvini yaxshi taniyman, darrov ajrata olaman, deb o‘ylardim. Qarangki, unikiga quyib qo‘ygandek o‘xshash yozuvlar anchagina ekan. 4 nafar onadan tashqari barcha yanglishdi. Ustoz tomonidan bolaga e’tiborsizlikning oddiy ko‘rinishi sifatida qaralgan bu holat ham bizni ancha hushyor torttirdi. Psixolog ta’kidlagan kundalik muammolar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga doir ko‘rsatmalar bizga ma’qul keldi.
Majlisdan ma’naviy-ruhiy quvvat olgan holda chiqdik. Ota-onalar majlisiga vaqt topish kerak ekan. Ko‘pincha ota-onalarning “E, bormayman shu majlisiga, pul beringdan boshqa gap yo‘q. A’lochilarni maqtashadi, ikkichilarni ayblashadi”, deya nolishini eshitib qolamiz. Ota-onalarni ustozga hurmatsizlik, farzandiga e’tiborsizlikda ayblashdan oldin ayrim pedagoglar ota-onalar majlisini noan’anaviy tashkil etish ustida izlansalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bir parcha qog‘ozning “qudratidan” maktabga bormaslikka istihola qilgan ota-onani zeriktirib qo‘ymaslikka ustoz ham harakat qilishi lozim.
Yangi o‘quv yili boshlandi. Hademay birinchi chorak yakunlanadi. O‘qituvchi ota-onaning yo‘liga intizor. Ular faolligini o‘quv yili oxirigacha saqlab qolishda esa pedagogning zamonaga mos yondashuvi muhim o‘rin tutadi.
Munojat MO‘MINOVA, jurnalist