Insho yozdirishni bilasizmi?
Umumta’lim muassasalarida olib borilayotgan nazorat ishlarining holatini o‘rganish maqsadida maktabga borib, o‘quvchilarni savolga tutdim. Ularning aksariyati nazorat ishlarini (insho va matn yaratish) internetdan ko‘chirib olayotganini aytishdi. Sababini so‘rasam, insho yozishni bilmasligi yoki qiziqmasligini bahona qilishdi. Xo‘sh, hurmatli o‘qituvchi, siz bunday holatga qanday izoh bergan bo‘lar edingiz?!
Inson hayotida ta’lim butun umr davom etuvchi va faqat o‘rganish bilan chegaralanmaydigan jarayon hisoblanadi. Inson farzandi dunyoga keliboq, sezgi a’zolari yordamida hayotni bilish, o‘rganishni boshlaydi. Ulg‘aygani sari uning bilim va tajribasi oshib, tasavvur doirasi kengayib boradi. U tafakkur vositasida ayon va noayon haqiqatlarni ham idrok etishni o‘rganib oladi. O‘qituvchilardan o‘z o‘quvchilarining nafaqat borliq to‘g‘risidagi bilimlarini, balki tafakkur vositasida anglagan tushunchalarini ham ro‘yobga chiqarish, ifodalab berishga o‘rgatish talab qilinadi. Bu o‘rinda tafakkurga nafaqat zohiriy, balki botiniy (ichki) olamning ham inson miyasida umumlashgan, til bilan ifodalanadigan in’ikosi sifatida qarash joiz.
Ta’lim tizimida yozma ishlarning eng muhim va murakkab turlaridan biri insho hisoblanadi. Inshoda o‘quvchining aynan ana shu tafakkur bilan bog‘liq mustaqil fikrlash, nazariy bilimlarni egallash va hayotni kuzatishda hosil bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malakalarini ifodalash, taassurotlarini umumlashtirish, tahlil qilish, asoslash, xulosa chiqarish, ijodkorlik qobiliyatlari ro‘yobga chiqadi. Amaldagi reyting tizimi talablariga ko‘ra, o‘quvchilar bilimini baholashning birmuncha tezkor va qulay usuli sifatida test sinovi ko‘proq qo‘llanilishi tufayli yozma ishlarning muhim turi hisoblangan inshoga e’tibor ancha susaydi.
Taklif. O‘quvchilarning yozma va og‘zaki nutqini rivojlantirish uchun ularga matn ustida ishlash, ilmiy uslubdagi matnlarni badiiy uslubga aylantirib yozish kabi bir qancha ko‘rinishdagi topshiriqlarni berish mumkin. Bu topshiriqlar nutq o‘stirishga qaratilgan yozma ijodiy ishlarning eng murakkab va o‘ta zarur turlaridandir. O‘quvchi ilmiy tasvirni badiiy tasvirga aylantirar ekan, ilmiy nutqqa xos bo‘lgan ifodalarni badiiy ifodalar bilan almashtiradi. Bu esa undan adabiy nutq me’yorlaridan unumli foydalanishni talab etadi.
Keling, o‘quvchilar bilimida aniqlanayotgan bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida yozma ishlarning muhim va sinalgan turi — insho yozish tajribasini amalda kengroq tatbiq etish bo‘yicha fikrlashamiz.
“Insho” arabcha so‘z bo‘lib, “paydo qilish”, “yaratmoq”, “ijod”, “yuzaga keltirish”, “yozuv”, “sochma asar”, “xat” singari ma’nolarni bildiradi.
Insho bu — o‘quvchilarning tabiiy monologik nutqining yanada mukammal bo‘lishiga, yozma nutq tajribasi boyishiga qaratilgan mashq turi hisoblanadi. Bu mashqni yirik hajmli, bog‘lanishli murakkab matn deb olishimiz mumkin.
Matn — mazmun, uslub va grammatik jihatdan o‘zaro bog‘langan va aniq ketma-ketlikda joylashgan gaplardan tuzilgan tugallangan asar. Matndagi gaplar zanjir kabi bir-biri bilan bog‘lanib kelishi yoki muqobil bo‘lishi mumkin. Matn qurilishi yozma nutqning turiga bog‘liq.
Yozma nutq turlarini quyidagicha farqlash qabul qilingan: bayon usuli, tasvir usuli, muhokama usuli.
Tasviriy insholarda narsa va hodisalar, shaxslarga xos belgilar, ularning boshqalardan farqlari ko‘rsatiladi, taqqoslanadi. Shuningdek, unda oddiy tasvir elementlaridan ham unumli foydalaniladi. Shaxs va manzaralar ko‘z oldiga keltirilib, ularning timsollari gavdalantiriladi.
Tasviriy insholar o‘quvchining fikrini o‘stiradi, kuzatuvchanlik qobiliyatini rivojlantiradi va tafakkur olamini kengaytiradi.
Narsani tasvirlashning rasmiy va badiiy turlari bor. Rasmiy tasvirda belgilangan, aniq tartib bo‘yicha asosiy sifatlarini ko‘rsatish talab etiladi. Bunday tasvirda shaxsiy hissiyot va tasavvurlar bo‘lmasligi kerak. Badiiy tasvirda esa timsolli tasavvur beriladi. Unda o‘quvchining idrok qilishi, mustaqil fikri va qalb kechinmalari tasvirlanadi.
O‘quvchilar uchun insholarning eng sevimli turlaridan biri jonivorni tasvirlashdir. Jonivorni tasvirlashda bayon va rivoyat unsurlari ham uchrashi tabiiy. Chunki jonivorni tasvirlash jarayonida uning qiliqlarini, u bilan bog‘liq qiziq sarguzashtlarni hikoya qiladi. Bunday insholarda jonivorning hayotida ro‘y bergan biror voqeani emas, balki ularning tashqi ko‘rinishi yoki xarakteriga xos eng muhim jihatlarni ko‘rsata bilish lozim.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakat oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari testlar asosida amalga oshirilmoqda. Shuning uchun yoshlarimiz mavzuni anglab mohiyatiga yetishdan ko‘ra, savollarni yod olishni afzal bilishadi. Natijada ularning og‘zaki va yozma nutqi shakllanishida jiddiy muammolar vujudga keldi. Aksariyati yozma savodxonligi va nutqiy ko‘nikmalari susayib, oddiy bir jumlani ham talab me’yorlarida to‘g‘ri gapirish va yozishni bilmay qoldi.
Taklif! O‘quvchini o‘zi yaxshi bilgan, ko‘p o‘ylagan narsasi haqida insho yozishga o‘rgatish kerak. Yaxshi bilmagan, tushunmagan mavzu haqida yozishdan azobli narsa yo‘q. Bu esa bolani haqiqiy ko‘chirmakashlikka yetaklaydigan yo‘ldir. O‘quvchi shaxsida ijodkorlikni, bezovta — uyg‘oq qalbni tarbiyalash, vatanga, ota-ona va yaqinlariga nisbatan muhabbatni shakllantirish hamda tarbiyalash uchun, avvalo, unda atrof-muhitga, tabiatga, insonlarga va jonzotlarga nisbatan mehr-u oqibatini hamda kuchli qiziqishini uyg‘otish darkor. Bolani o‘zi yaxshi bilmaydigan, yaxshi ko‘rmagan, qiziqmagan mavzuda yozishga majbur qilmagan ma’qul.
Tahlil. Odatda, o‘quvchilar yozgan ijodiy insholarida darslik mualliflari yoki o‘qituvchining fikrlariga yopishib olishadi. Yuqori sinf o‘quvchilari insholarida izchillik, aniqlikning yetishmasligi, xulosa chiqarishni va reja bandlarining me’yorini bilmasligi aniqlangan. Buning asosiy sabablari ularning yozma ishni qanday bajarishni bilmasligi, o‘z fikrini ifodalashga o‘rganmagani, qahramonlar haqida shaxsiy qarashlarining yo‘qligidir. Uyga berilgan yozma ishlarning ko‘pchiligi ko‘chirilgan bo‘ladi. Aksariyat o‘quvchilarning boshqa yo‘li ham yo‘q. Ular nimani, qanday yozishni bilmaydi. O‘quvchilarga dars jarayonida insho yozish uchun atigi 45 daqiqa ajratiladi. Shu 45 daqiqada o‘quvchi inshoning qoralama variantini oqqa ko‘chirishga ham ulgurishi kerak. Bu qisqa vaqt ichida bola qanday qilib inshoni yozib tugatadi?! Bilishimcha, o‘qituvchining o‘zi ham bu vaqtda insho yozib bera olmaydi. Natijada o‘zimiz o‘quvchini “ko‘chirmakashlikka” o‘rgatyapmiz!
Xatolar ustida ishlash uchun 45 daqiqa belgilangan. Nima, o‘quvchi 45 daqiqada yozib tugata olmagan inshosining xatolari ustida 45 daqiqa ishlashi kerakmi?! Bu yerda aybdor o‘qituvchi emas, o‘quv rejada nazorat ishlariga ajratilgan soatlarning noto‘g‘ri belgilanganligidir! Buning oldini olish uchun nima qilish kerak?
Taklif! Buning oldini olish uchun nima qilish kerak? Agar Sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga rioya qilinsa, o‘quvchiga erkin mavzudagi insho uchun 60 daqiqa, adabiy mavzudagi insho uchun 80 daqiqadan kam vaqt ajratilmasligi kerak. O‘quvchilarning yozma ishlarini tashkil etishdan oldin ularning insho yoza olish kompetensiyasini aniqlash lozim. Buning uchun dars jarayonida egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarining to‘g‘ri shakllanganligini aniqlash kerak. Chunki insho yozish vaqtida o‘quvchi oldindan egallagan bilimini hayotda qo‘llay olish (amaliy va nazariy holatlarda) layoqatini ko‘rsatadi. O‘quvchi insho yozganida uning kompetensiyasi(layoqati) shakllanganlik darajasi aniqlanadi va baholanadi. Xatolar ustida ishlanganda qo‘shimcha ma’lumot berib, bo‘shliqlar to‘ldirilib boriladi. Shu tariqa o‘quvchida mustaqil fikrlash ko‘nikmasi, sog‘lom ma’naviy tushunchalar shakllantiriladi.
Afsuski, o‘qituvchilar ko‘pincha buning aksini qilishadi! Xo‘sh, hozirgi zamon o‘qituvchisi yuqorida keltirilgan talablar asosida ta’lim jarayonini olib boryaptimi, degan savolga qanday javob bergan bo‘lardingiz?! Albatta, yo‘q deya javob beramiz!
Masalan, davlat (o‘zbek) tili hamda ona tili va adabiyot fanidan namunaviy o‘quv dasturlarida olib boriladigan nazorat ishlarining turlari bo‘yicha ma’lumot berilmagan. O‘qituvchining o‘zi taqvim rejasiga asosan nazorat turlarini belgilab olishi mumkinligi tushuntirilgan. Natijada o‘qituvchi nazorat turlarining tizimliligi va o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olmaydi.
Masalan, rusiyzabon o‘quvchilar davlat (o‘zbek) tili fanidan nazorat ish turlaridan faqatgina matn yaratish va test topshiriqlarini bajarish bilan chegaralanib qolishgan. Bu esa o‘quvchilarning nutqiy va lingvistik kompetensiyalarining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Nazorat ishlarining bayon va insho kabi turlari bo‘yicha o‘quvchilar umuman tasavvurga ega emas. So‘z va uning ma’nolari ustida ishlay
olish, nutqda so‘zdan to‘g‘ri foydalanishni bilmaydi va eng achinarlisi, o‘quvchilarning so‘z boyligi yetarli emas. Axir bunday holat, o‘quvchining tafakkuri bilan bog‘liq mustaqil fikrlash, egallagan nazariy bilimlarini hayotda qo‘llash, hayotni kuzatishda hosil bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malakalarini ifodalash, taassurotlarini umumlashtirish, tahlil qilish, asoslash, xulosa chiqarish hamda ijodkorlik qobiliyatlari shakllantirilmayapti, degan xulosaga olib bormaydimi?!
Ta’lim jarayonida nazorat ishlarining “oddiydan murakkabga” tamoyiliga asosan olib borilmasligi, o‘quvchilar yozma va og‘zaki nutqining shakllanishida ayrim muammolarni keltirib chiqaryapti.
Taklif! Aslida, davlat tili fanidan zamon talablari asosida innovatsion nazorat ish turlaridan unumli foydalanib, quyidagicha tizimlilikni asos qilib olish mumkin edi:
1) 2-3-4-sinflar uchun diktantlar (lug‘at-videolug‘at-saylanma diktant...);
2) 5-6-sinflar uchun bayonlar (matnli-lavhali bayon... );
3) 7-8-sinflar uchun matn yaratish (mikromatn-makromatn videomatn...);
4) 9-10-sinflar uchun insho (rivoya insho-tasviriy insho-muhokama insho...);
5) 11-sinflar uchun videoinsho (insho-videoinsho...).
Xuddi shunday holatni ona tili va adabiyot fanlarida ham kuzatish mumkin. Biz o‘quvchilarda og‘zaki va yozma savodxonlik darajasi tushib ketyapti, deymiz, qayg‘uramiz. Biroq uning yechimini topishga harakat qilmaymiz!
Taklif. Ona tili va adabiyot fanidan ham tizimlilik asosida nazorat ish turlarini belgilab chiqish kerak. Bugungi kun o‘quvchisi nanotexnologiyalar asrida yashamoqda. Shuning uchun biz odatlanib qolgan insho yozdirish usuli endi o‘quvchi uchun biroz zerikarli tuyuladi. Natijada u tezkor va ommabop axborot manbayi — internetdan tayyor matnni ko‘chirib qo‘ya qoladi.
Biz taklif etayotgan videoinsho nazorat turi o‘quvchining ehtiyojiga asosan do‘sti bo‘lmish — internet bilan hamkorlikda ishlashini ta’minlaydi. Mazkur insho 2011-yildan beri turli bosqich o‘quvchilari orasida sinovdan o‘tkazib ko‘rildi va o‘quvchilar o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Bu nazorat turini qo‘llashdan asosiy maqsad — o‘quvchini zamonaviy texnologik vositalar yordamida o‘z ijodkorligini mustaqil ravishda namoyon etishga o‘rgatish, og‘zaki va yozma nutq malakalarini hamda tayanch, fanga doir kompetensiyalarini shakllantirish.
Videoinshoni tasviriy inshoning bir turi, deb hisoblash mumkin. Videoinshoning boshqa insholardan farqi shundaki, insho yozish jarayonida muallifning yozma nutqi bilan birgalikda og‘zaki nutqi ham shakllanadi. Bunda insho muallifi o‘zining keng mulohazaga, teran fikrga, aniq bir dunyoqarashga egaligini anglatish uchun mavzuga har tomonlama mos keladigan lavhalar hamda unga ohangdosh tarzda jaranglovchi musiqadan foydalanadi.
Insho o‘quvchining shaxsiy nutqiy va lingvistik malakasini shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu ikki yo‘nalishdagi ish nutqiy faoliyatni takomillashtirish hamda nutqiy ko‘nikmalarning har birini shakllantirishni o‘zida mujassamlashtirgan ijodiy ishlarning bir ko‘rinishi sanaladi.
Bu maqsadni amalga oshirish uchun o‘qituvchi quyidagi vazifalarni bajarishi kerak:
1. Mavzu bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish.
2. O‘quvchining yoshiga, dunyoqarashiga mos mavzular tanlay olish.
3. Videoinsho hajmini hisobga olish.
4. Mavzuni to‘laqonli yoritish uchun bir emas, bir necha manba (ommaviy axborot vositalari, badiiy kitoblar, internet va h.k.)ga murojaat qilishni o‘rgatish.
5. Mavzuni bugungi kun bilan bog‘lay olish ko‘nikmasini shakllantirish.
6. Videoinsho yaratish jarayonida mavzuga, ovozga mos musiqa, lavha tanlay olish malakalarini shakllantirish.
7. Savodxonlik me’yorlariga qat’iy amal qilishni nazorat qilish.
Videoinsho yaratish quyidagi uch bosqichni o‘z ichiga oladi:
1. Inshoning qoralama (xomaki) nusxasini tayyorlash.
2. Uni oqqa ko‘chirib yozish.
3. Qo‘shimcha darsda videoinsho tayyorlash.
Videoinshoni yaratishda quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:
1) insho yoziladi;
2) o‘qituvchi tomonidan tekshirilgan insho muallif tomonidan o‘qilib, ovozi kompyuter yoki telefon diktofoniga yoziladi;
3) insho mazmuniga mos kuy tanlanadi;
4) insho mazmuniga xos videolavhalar tayyorlanadi;
5) “Ulead VideoStudio”, “Corel VideoStudio”, “CyberLink PowerDirector”, “Movavi Video Suite”, “Adobe Premiere Pro”, “Pinnacle Studio” dasturlari yordamida ularni (ovoz, matn, rasm, kuy va
videolavhalar) birlashtirib videoinsho hosil qilinadi.
Videoinshoning asosiy matni ustida ishlash, videoinshoning kirish qismida mavzu bo‘yicha lo‘nda va aniq fikrlarni bitish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, bu qismda mavzuning g‘oyaviy yo‘nalishlari haqida ham yozilishi mumkin. Bu qism umumiy ishning 15 foizigacha bo‘lgan hajmini tashkil etadi.
Videoinshoning asosiy qismi mavzuning butun mazmuni, g‘oyaviy uyg‘unliklari va yo‘nalishlarini, o‘quvchilarning dunyoqarashi, fikrlash doirasini o‘zida yaqqol ifodalab turuvchi bo‘lim sanaladi. Odatda, inshoning asosiy matnida insho yozuvchining ma’lum bir insho mavzusi yuzasidan mulohazalari, mustaqil fikrlari o‘z aksini topmog‘i kerak. Inshoda berilgan fikrlar musiqa va lavhalarga mos va monand bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Videoinshoning intervyu qismi o‘quvchi yaratgan videoinshoning kulminatsion nuqtasi hisoblanadi. Unda o‘quvchi kamera qarshisida mavzuning eng dolzarb joyi haqida intervyu beradi.
Videoinshoning asosiy qismi umumiy ishning 70 foizini tashkil etadi. Xulosa qismida insho mavzusi yuzasidan umumiy xulosalar ifodalanadi. Mazmunning hozirgi davr bilan bog‘liq jihatlari, asarning tarbiyaviy ahamiyati, timsollarning zamondoshlarimiz uchun namunaviy tomonlari haqida fikr yuritiladi.
Har bir so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llash, adabiy til me’yorlariga rioya qilish inshoning qimmatini oshiradi. Yozilayotgan har bir gapda ijodkorlik va mustaqil fikrlash barq urib turmog‘i lozim. Eng asosiysi, insho matniga mos kuy va lavha tanlashdir.
O‘quvchilar videoinshoni yaratganida, ularda quyidagi kompetensiyalar shakllanadi:
axborot bilan ishlash kompetensiyasi — mavjud axborot manbalaridan (internet, televizor, radio (audio-videoyozuv), telefon, kompyuter, elektron pochta va b.) foydalana olish;
mediavositalardan zarur bo‘lgan axborotlarni izlab topa olish, saralash,
ayta ishlash, uzatish, saqlash, xavfsizligini ta’minlash va foydalanishda media madaniyatga rioya qilish;
ma’lumotlar bazasini yarata olish, asosiylarini tanlay olish va ularni tahlil qila bilish;
kundalik faoliyatda uchraydigan hujjatlar bilan ishlay olish.
Milliy va umummadaniy kompetensiyalar:
Vatanga sadoqatli, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish;
badiiy va san’at asarlarini tushunish, ta’sirlana olish;
umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlar(urf-odatlar, marosimlar, milliy-madaniy an’analar va boshqalar)ni bilish, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
o‘zgalarga nisbatan mehr-muruvvat, saxiylik, o‘zgalarning dunyoqarashi, diniy e’tiqodi, milliy va etnik xususiyatlari, o‘z an’ana va marosimlarini hurmat qilish; xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab-asrash, jamiyatda o‘rnatilgan odob-axloq qoidalariga rioya qilish.
Fanga doir:
lingvistik kompetensiya — o‘quvchining til bo‘limlari bo‘yicha olgan bilimlari, bu bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash ko‘nikmasi va nutq hosil qilish;
nutqiy kompetensiya — insho matni mazmunini anglash hamda uni og‘zaki
qayta bayon qila olish, fikrni yozma ravishda izchil ifodalay olish kompetensiyalari shakllanadi.
O‘quvchi videoinshoni tayyorlaganda, fikrini og‘zaki va yozma ravishda izchil ifodalaydi.
Videoinsho nazorat turi qo‘llanilganda quyidagi natijalarga erishish mumkin.
Ta’limiy natijalar:
— o‘quvchining yozma va og‘zaki nutqi shakllanadi. Tilni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi ortadi;
— insho mavzusi asosida fikrni bayon etish orqali talaffuz malakasi va lug‘at boyligi oshadi;
— darslarda berilayotgan grammatik va leksik materiallarni o‘ziga singdirib, amalda tatbiq etishga harakat qiladi;
— boshqa fanlar bo‘yicha olgan bilimlarini dars jarayonida olgan bilimlari bilan uyg‘unlashtirib, fanlar orasida bog‘liqlik vujudga keltiriladi.
Tarbiyaviy natijalar:
— o‘quvchi mustaqil ishlaydi, ijodkorlik faoliyati oshadi;
— zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (kompyuter, internet, kamera…) foydalanishni o‘rganib, malakasini oshirib boradi;
— o‘quvchining falsafiy fikrlash qobiliyati shakllanadi;
— boy madaniy va ma’naviy merosimizni, milliy urf-odatlarimizni, buyuk ajdodlarimiz ijodini, ilm va ma’rifatni e’zozlash tuyg‘usi shakllanadi;
— ayrim ma’lumot, dalillarga nisbatan tug‘ilgan shaxsiy fikr-mulohazalarini bildirishga, ayrim ma’lumotlar yuzasidan o‘z fikrlarini o‘rtaga tashlashga tabiiy
ravishda intilish, ularni asoslash va dalil keltirish malakalari shakllanadi;
— qo‘shimcha badiiy adabiyotlar o‘qiydi;
— mustaqil kuzatish olib boradi;
— tasnifiy va taqqoslash (ya’ni, pedagogik texnologiya usullari orqali), tarqatmalar va didaktik materiallar tayyorlash malakalariga ega bo‘ladi;
— hosil qilingan bilim va malakalardan o‘quv fanini va boshqa fanlarni o‘rganishda, shuningdek, ijtimoiy hayotda bemalol, qiynalmasdan, mustaqil ravishda foydalana oladi.
Mazkur videoinsho metodi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi o‘quv dasturlariga kiritilgan bo‘lib, hozirgi kunda markaz professor-o‘qituvchilari tomonidan nazariy ma’lumotlar berib borilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, o‘quvchilarda mustaqil fikrlab, mustaqil topshiriqlarni bajara olish qobiliyatini shakllantirsakkina, oldimizga qo‘yilgan yuksak vazifani uddalay olgan bo‘lamiz. Zero, bugungi kun o‘quvchisining ijod mahsuli kelajakda yurtimiz ma’naviy olamining ko‘zgusidir.
Buxolida SO‘PIYEVA, Nizomiy nomidagi TDPU huzuridagi XTXQTMOHM katta o‘qituvchisi