Muallim mehnati qadr topmoqda
Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz “O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak” degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz.
Shavkat MIRZIYOYEV
Joriy yilning 23-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ta’lim sifati va o‘qituvchi-murabbiylarning mavqeyini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu yig‘ilishda maktab ta’limining rivojlanish yo‘liga to‘siq bo‘layotgan bir qancha muammolar ko‘tarilishi bilan birga, o‘qituvchining obro‘sini oshirish, ta’limga yangi islohotlarni olib kirish borasida ko‘plab fikrlar aytildi. Jumladan, davlatimiz rahbarining “O‘zbekistonda eng hurmatli inson — muallimdir!” degan ta’kidi o‘qituvchilarni ruhlantirib yubordi.
“Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz. Maktablar tizimini rivoj¬lantirish uchun bundan buyon ham mablag‘ni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muh¬taram muallimlarga bog‘liq”. Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ushbu jumlalari bugun amalda o‘z isbotini topa boshladi. 2018-yil¬ning 14-avgustida “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan dastlab 2018-yilning 1-sentabridan o‘qituvchilar maoshi sezi¬larli ravishda oshirildi.
Shuningdek, qarorda umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilaridan dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish, xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish kabi holatlar qat’iyan taqiqlandi.
Bugun o‘qituvchilarning dilidagi orzulari ro‘yobga chiqa boshladi. Ko‘p yillar davomida o‘qituvchi kasbining obro‘siga futur yetkazgan muammolarga yechim izlanmoqda. O‘qituvchining erkin va sidqidildan faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar yaratish, turmush sharoitini yaxshilash borasida hozir Xalq ta’limi vazirligi, mahalliy hokimliklar, kasaba uyushmalari tomonidan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
“Orzularimiz ushalmoqda”
Bu yilgi O‘qituvchi va murabbiylar bayrami mamlakatimizda o‘zgacha shukuh-la o‘tdi.
— Kechagina bayram arafasida o‘qituvchilardan “Orzungiz nima?”, deb so‘raganlarida, har bir maktabni zamonaviy qiyofada ko‘rishni orzu qilishimni aytgan edim. O‘sha orzularim ichida maktablarga yengil avtomashinalar berilsa, degan niyatim ham bor edi, — deydi Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Ashurova. — Yaxshi niyat — yarim mol, deganlaridek, bugun viloyatimizdagi har bir tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga yengil avtomobil hadya qilindi. Biz yaxshi niyatlar qilishda davom etamiz. Ehtimolki, keyingi yillarda har bir maktabga bittadan mashina berilar. Bu esa o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatida asqotadi, mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qiladi. Ana shunday ijobiy yangiliklar ko‘payaversin.
“UzAvto Motors” kompaniyasi ham o‘qituvchilarga bayram aksiyasini e’lon qildi. Buning uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan ilg‘or, ta’lim rivojiga katta hissa qo‘shgan, faol o‘qituvchilar ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu bayram aksiyasida 10 323 nafar o‘qituvchi mashina xarid qildi.
Zamonaviy pedagog namunasi
Zangiota tumanida ham bu yil O‘qituvchi va murabbiylar kuni o‘zgacha kayfiyatda nishonlandi. Tuman madaniyat saroyida o‘tkazilgan katta bayram tantanasida 3 nafar o‘qituvchiga 2 xonali uy sovg‘a qilindi. Bu kutilmagan sovg‘a tumanda o‘z obro‘siga ega, faoliyati davomida ko‘p yutuq va natijalarga erishgan o‘qituvchilarning bayram kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik qo‘shgan bo‘lsa, yana yuzlab o‘qituvchilarni faollik sari ruhlantirdi.
26-umumta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Dilnoza Shomirzayeva tumanda ingliz tili bo‘yicha metodist-o‘qituvchi sanaladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u barcha chet tili o‘qituvchilariga o‘qitishning yangi texnologiyalari, metodlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tib keladi.
Dilnoza Shomirzayeva o‘z kasbining bilimdoni, izlanishdan charchamaydigan pedagog. O‘rgangan bilimlarini ko‘pchilikka tarqatish uning hayotdagi shioriga aylangan. Dilnoza nafaqat ingliz tili o‘qituvchisi, balki jamiyatimizning faol a’zosi hamdir. Uning dolzarb mavzularda xalqaro minbarlardan turib qilgan ma’ruzalari ko‘pchilikka manzur bo‘lgan. Dilnoza respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. 2017-yili Hindistonda 2 oy, 2018-yili Isroilda 1 oylik malaka oshirish kurslarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Malaka oshirish davomida xorijiy davlatlardagi maktab ta’limini o‘rganib, ko‘plab ta’lim muassasalarida bo‘ldi. Dars jarayonlarini kuzatib, til o‘rgatishning yangi metodlarini o‘zlashtirdi. Tahsilni tugatib, yana ish faoliyatiga qaytar ekan, Hindiston va Isroil ta’lim sohasida kuzatgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni O‘zbekistonda ham joriy qilishga kirishdi. Bu yangi metodlardan u nafaqat o‘zi dars beradigan sinflarda foydalandi, balki tuman xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida har hafta chet tili o‘qituvchilarining metodika kunida ularni bir joyga to‘plab, volontyor sifatida mahorat darslari tashkil qildi. Dilnoza Shomirzayeva bugun tumanda yangicha yondashuv, zamonaviy pedagog qiyofasiga ega o‘qituvchi namunasiga aylangan.
Tumandagi 32-maktabda 18 yildan buyon boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Shahnoza Badalxo‘jayeva ham bilimli va tajribali o‘qituvchi sifatida tanilgan. U hamisha ta’limga yangiliklar olib kirishga intiladi. Shundan bo‘lsa kerak, o‘quvchilarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi doimo yuqori.
12-maktabning rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Gulnora Yunusaliyeva ham 38 yil davomida bolalarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz. Har yili uning o‘quvchilari bilimlar bellashuvi va fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan bu uchala pedagogning ta’lim-tarbiya sohasiga qo‘shgan hissasi, mehnatlari va shaxsiy hayotida uyga bo‘lgan ehtiyoji mavjudligi inobatga olinib, tuman hokimligi tomonidan 2 xonali uy taqdim etilgani katta yangilik bo‘ldi. Bu yurtimizda o‘qituvchi nufuzining oshishi, uning turmush sharoitini, moddiy ta’minotini yaxshilashga qaratilayotgan katta e’tibor natijasidir.
Tanlov g‘olibiga “Spark” avtomobili
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Ustozlar — kasaba uyushmalari e’zozida” tanlovining respublika bosqichida ham g‘olib o‘qituvchilar munosib rag‘batlantirildi. Tanlov g‘olibi, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 1-maktabning o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Lobarxon Rustamovaga “Spark” avtomobili taqdim etildi.
— Bunday katta rag‘batdan juda ham hayratlandim, — deydi Lobarxon Rustamova. — Bu voqea yurtimizda o‘qituvchilar nufuzining ortib borayotganidan dalolat beradi. Endi faoliyatimga yanada mas’uliyat bilan yondashib, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. O‘qituvchining mehnati qadr topadigan shunday yorug‘ kunlarga yetganimizdan cheksiz quvonchdaman.
Darhaqiqat, bunday quvonchli hodisalarni kuzatib turib, yurtimizda o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini oshirish borasida Prezidentimiz boshlagan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatayotganini ilg‘aymiz.
Yuqorida tilga olganimiz “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Prezident qarorida ham mana shu yuksak maqsadlar ko‘zlangan. Hali bu qaror asosida o‘qituvchilarga yana ko‘plab imtiyozlar berilsa ajab emas. O‘tgan yili o‘qituvchilar nufuzini oshirish bo‘yicha ilk qadamlar ularning huquqlarini muhofaza qilish, majburiy mehnatdan xalos etish, qog‘ozbozlik va ortiqcha ishlarni qisqartirish bilan tashlangan bo‘lsa, joriy yilda bu ezgu amallar muallimlarni moddiy rag‘batlantirish bilan davom etmoqda. Zero, ta’limda erishiladigan yuksak muvaffaqiyatlarning bosh omili — muallim. Shunday ekan, o‘qituvchiga berilayotgan rag‘bat yurtimizning yorug‘ kelajagi yo‘lida tikilayotgan sarmoyadir. Bunday muhim shaxs esa ma’nan va jismonan sog‘lom, moddiy jihatdan to‘q bo‘lishi kerak. Bugun mana shu sog‘lomlik va to‘qlik masalasiga davlat siyosati darajasida katta ahamiyat qaratilmoqda.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri