O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda respublikamizdagi yetakchi tilshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh mutaxassis-izlanuvchilar, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo‘ldoshev, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori N.Mahmudov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid so‘zga chiqib, “Davlat tili haqida”gi qonunning ahamiyati, shuningdek, o‘tgan davr mobaynida ona tilimizning nufuzini oshirish borasida bajarilgan ishlar, istiqboldagi rejalar to‘g‘risida gapirdi.
— Shu zamon donishmandlarining biridan xalqning ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va ilmiy jihatdan yuksalayotganini qanday bilish mumkinligi to‘g‘risida so‘ralganda, donishmand uch narsani sanagan ekan. Birinchisi, o‘sha xalqning qahramonlik eposi jonli ijroda yozib olingan bo‘lishi, ikkinchisi, o‘sha xalq tiliga oid izohli lug‘at tuzilgan bo‘lishi, va nihoyat, shu xalqning Milliy ensiklopediyasi mavjud bo‘lishi lozim ekan. Shukrki, bizda har uchalasi bor. E’tibor bersak, bularning asosida til turibdi, — deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi To‘ra Mirzayev. — O‘tgan davr mobaynida biz ona tilimizning fonetikasini, sintaksisini, morfologiyasini, dialektologiyasini, etimologiyasini va boshqa bo‘limlarini muayyan darajada o‘rgandik, o‘rganyapmiz. Endi tilni shunchaki aloqa vositasi sifatida emas, uni millat nufuzi sifatida ko‘tarishimiz kerak. Bu kabi anjumanlar ana shu maqsad yo‘lida ilk qadam bo‘lishi lozim.
Shundan so‘ng “Mustaqillik davrida o‘zbek tili rasmiy ish uslubi va uning taraqqiyoti masalalari”, “Til — millat tafakkurinining bebaho xazinasi”, “O‘zbek pragmalingvistikasining dolzarb muammolari”, “Mustaqillik davrida o‘zbek tili vazifaviy uslublarining taraqqiyoti”, “Rasmiy xatlarning kommunikativ-pragmatik xususiyatlari”, “Qadimgi turkiy tilning rasmiy ish uslubi”, “Terminlarni tartibga solish — davr talabi”, “Jadid ma’rifatparvarlari va davr lug‘atchiligi”, “O‘zbek shevalari leksikasining lingvomadaniy xususiyatlari”, “O‘zbek bolalar nutqida obrazli tafakkurning voqealanishi”, “O‘tkir Hoshimov asarlarining o‘zbek tili badiiy uslubi taraqqiyotidagi o‘rni” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Kunning ikkinchi yarmida konferensiya ishi “Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili vazifaviy uslublarining taraqqiyoti”, “O‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari” va “O‘zbek tili ta’limining dolzarb muammolari” sho‘balarida davom etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etdi.
Sardor MUSTAFOYEV,
“Ma’rifat” muxbiri