Kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishida ta’lim sifatini oshirish masalasi ko‘rildi
23-oktabr kuni Xalq ta’limi vazirligining navbatdagi kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim sifatini belgilovchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan umumta’lim maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirishi bo‘yicha qilingan tahlil va ko‘rilgan chora-tadbirlar natijadorligi hamda kelgusidagi vazifalar muhokama etildi, deya xabar berdi XTV axborot xizmati.
Xalq ta’limi vazirligining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan ta’lim sifatini ko‘tarish masalasi Hay’at yig‘ilishi kun tartibiga qo‘yildi. Bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirish natijalarini to‘liq ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekistondagi xorijiy hamda chet el oliy o‘quv yurtlariga kirish natijalari ham tahlil qilindi.
Xususan, attestst.uzedu.uz elektron bazasidagi barcha (282 974 nafar) 11-sinf bitiruvchilarining nomma-nom ro‘yxati (attestat raqami asosida) olinib, bugungi kunda ularning qaysi oliy o‘quv yurtiga kirganligi, davlat granti yoki kontrakt asosida ekanligi, o‘qishga kirmagan bitiruvchilarning bugungi kunda ishga joylashganligi haqida hududiy boshqarmalardan tezkor ma’lumotlar olindi.
Tahlillarga ko‘ra, 282 794 nafar bitiruvchilardan 34 837 nafari (yoki 12.3%) oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan. Ularning 25 280 nafari (73%) respublikamizdagi davlat oliy ta’lim muassasalariga, 2 794 nafari (8%) O‘zbekistondagi xorijiy oliy o‘quv yurtlariga, 6 793 nafari chet eldagi xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan. Shuningdek, bitiruvchilarning 6 958 nafari (28%) davlat granti asosida, 27 879 nafari (72%) to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan.
Bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirish natijalarini hududlar kesimida tahlil qilinganda birinchi uchtalikda Toshkent shahri (36%), Navoiy viloyati (21,9%), Buxoro viloyati (18,4%) o‘rin egalladi. Afsuski, so‘nggi o‘rinlarda Qashqadaryo (14-o‘rinda 7,4%), Jizzax (8,0%), Andijon (8,2%) viloyatlari qolib ketgan.
Birorta ham bitiruvchisi oliy o‘quv yurtiga kirmagan maktablar soni ham tahlil qilindi. Bu borada “anti rekordsmen” hududlar ro‘yxatiga Qashqadaryo (44 ta – 39,7%), Jizzax (189 ta - 34,9%), Samarqand (374 ta 30,8%) viloyatlari kirdi. Nisbatan yaxshi natijalar Toshkent shahri (1 ta 0.3%), Buxoro (33 ta -6.2%), Xorazm (43 ta 8.2%) viloyatlarida ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Hay’at yig‘ilishida bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidagi 21-maktab direktori Z.Kimsanova muvaffaqiyatga erishishda maktabda to‘plangan tajriba va tavsiyalarini quyidagicha izohladi:
— Muvaffaqiyatga erishish uchun, eng avvalo, har bir maktab o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib olishi lozim. Shuningdek, butun pedagogik jamoa birgalikda maqsad sari intilishi zarur. Buning uchun albatta, yaxshi pedagoglar kerak. Bu borada dars soatlarini taqsimlashda tajribasi yuqori va fidoyi o‘qituvchilarga ko‘proq e’tibor qarataman.
Hay’at majlisida oliy o‘quv yurtiga kirishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan viloyat, tuman (shahar) va maktab rahbarlari rag‘batlantirildi. Aksincha, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan, ta’lim sifatini oshirishda mavjud imkoniyatlardan foydalanmagan, tashabbus ko‘rsatmagan viloyat, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri va maktab rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Yig‘ilish so‘ngida hududiy xalq ta’limi boshqarmalari, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va maktab rahbarlariga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha 10 ta ustuvor vazifalarni belgilab olish va ularni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda yaxshi natija ko‘rsatgan ta’lim muassasalari direktorlari rag‘batlantirilib borilishi, yomon natija ko‘rsatadigan maktab rahbarlari jazolanishi ta’kidlandi.
Shu o‘rinda, yomon natija ko‘rsatgan tuman va viloyat xalq ta’limi bo‘limi hamda boshqarmalar rahbarlariga intizomiy chora ko‘rildi. Natijasi past bo‘lgan maktab direktorlariga ham qonunchilik doirasida intizomiy chora ko‘rish vazifasi berildi.
Xalq ta’limi vazirligi doimiy ravishda ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratib boradi.