“EduMarket” zamonaviy ko‘rinishdagi bilim
Maktabdan kelgan bola darrov telefonga “yopishadi”, onasi ovuta olmagan go‘dakni ham telefon aldaydi. Xalq ta’limi vazirligi xodimlari boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqqan “EduMarket” interaktiv virtual ta’lim loyihasi gajetlar nafaqat ermak, balki ta’lim olish vositasi ekanini namoyon etdi.
Mazkur loyiha xalq ta’limi tizimida islohotlarni yanada jadallashtirish va ta’lim sifatini oshirish maqsadida vazirlik huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan joriy etilmoqda.
― “EduMarket” loyihasi 6 oy davomida ishlab chiqildi. Unda 50 dan ortiq ishchi guruh a’zolari qatnashdi, ― deydi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi direktori Rustam Karimjonov. ― Bugun nafaqat yurtimizda, balki jahonda ham bolalarni o‘qishga qiziqtirish jiddiy masalaga aylangan. Shu bois o‘quvchilarni bilim olishga qiziqtirish uchun o‘yin tarzidagi virtual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘ydik. Dasturga joylangan turli amallar bolalarni mantiqiy fikrlashga, o‘ylashga undaydi. Bu orqali xotira kuchayadi, diqqat oshadi, o‘qishga rag‘bat ortadi.
Dasturning yana bir afzal tomoni — bolalarning ta’limning qaysi yo‘nalishiga qiziqishini statistik ma’lumotlarga asoslanib aniqlash imkoni mavjudligidir. Hozircha loyiha faqat boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Keyinchalik yuqori sinflar uchun ham dastur yaratish ko‘zlanmoqda. U orqali 1300 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Loyiha Toshkent shahridagi 94-maktabda pilot sifatida sinovdan o‘tkazildi. Buning uchun o‘quvchilarning har biriga mobil planshetlar taqdim etildi. Bolalar dasturga joylangan mantiq, vaqt, alifbo, o‘qish va grammatika, shakllar, farq va o‘xshashlik, diqqat va xotira, 100 gacha hisoblash, mozaika kabi amallardan o‘zi xohlagan blokni tanlab, mashqlarni bajardi. Topshiriqlarni qiziqish bilan bajarayotgan 4-“E” sinf o‘quvchisi Mahmudbek Habibullayevga ko‘proq hisoblash amali ma’qul bo‘ldi.
“EduMarket” loyihasi doirasida mashg‘ulotlarni kuzatish, ko‘rsatkichlarni takomillashtirish, boshqa foydalanuvchilar bilan erishilgan natijalarni taqqoslash asosida darslarning dastlabki ta’sirini baholash qator natijalarga olib keladi.
Bu dastur keyinchalik barcha hududda ommalashtirilishi rejalashtirilmoqda. Ishlar tugallangach, mobil yuklamani istalgan odam shaxsiy mobil telefoniga yuklab olishi mumkin. Ota-onalar uchun login parol orqali farzandlarining natijalarini kuzatib, monitoring qilib borish imkoni mavjud.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri