Boshlang‘ich sinflarni baholash usuli
Respublika ta’lim markazida Xalq ta’limi vazirligi AQShning USAID tashkiloti bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari uchun “Boshlang‘ich sinflarning o‘qish imtihoni (Early Grade Reading Assessment, EGRA) va boshlang‘ich sinflarning matematika imtihoni (Early Grade Mathematics Assessment, EGMA)ni moslashtirish” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Seminar o‘quv dasturlari hamda o‘quv adabiyotlari mazmuniga o‘zgartirishlar kiritish, xalqaro tadqiqotlarni joriy etish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, maktab o‘quvchilarining yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish bo‘yicha ilg‘or milliy va xalqaro tajribalarni o‘rganishga qaratildi. Bir hafta davomida xalqaro seminar qatnashchilari USAID tashkiloti mutaxassislari Margaret Peggy Dubek xonim va janob Jonathanning “Boshlang‘ich sinflarda o‘qish hamda matematika fanlaridan imtihonlarni tashkil etish” mavzusi bo‘yicha tajribalarini o‘rgandilar. Shuningdek, Indoneziya davlatida o‘tkazilgan test sinovi jarayonlari aks etgan videorolik namoyish etildi. Unda o‘qituvchi (ya’ni imtihon qabul qiluvchi) va 2-sinf o‘quvchisining o‘qish fani bo‘yicha test topshirayotgan jarayoni aks ettirilgan.
Seminar doirasida o‘tkazilgan mahorat darslarida Peggy xonim ekspertlarga hikoya tuzish tartibini o‘rgatdi. Masalan, 2-sinf o‘quvchilari uchun hikoya hajmi 70 so‘zdan oshib ketmasligi, har bir jumlada 7 tadan ko‘p so‘z bo‘lmasligi va hikoya ichidan 5 ta savol tuzish kerakligi tushuntirildi. Shundan so‘ng Yasmin Sitabkhan xonim boshchiligida 5 nafar ekspert boshlang‘ich sinflar uchun matematikadan test savollari tuzish va ishlab chiqish bo‘yicha mahorat darsi o‘tdi. Test topshiriqlarini tayyorlashda UNESCO tomonidan chop etilgan “O‘qish va matematika fanlaridan 2—6-sinflar uchun mo‘ljallangan xalqaro talablar (Global proficiency framework: Reading and mathematics grades 2 to 6) hamda TIMSS me’yorlari asosidagi test namunalaridan foydalanildi.
Seminar yakunida Yasmin Sitabkhan xonim boshchiligidagi ekspertlar guruhi tomonidan poytaxtimizdagi 196-maktabning 4-5-sinf o‘quvchilaridan matematika bo‘yicha olingan testlar tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Taqdimotda ishtirok etgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov shu paytgacha umumta’lim maktablarida imtihonlar xalqaro sinovlar asosida olinmagani, bu borada xorij tajribasini o‘rganish o‘z samarasini berishini ta’kidladi.
G‘ayrat HAMROYEV, Respublika ta’lim markazi metodisti