Pedagog mehnati samaralari
Bekobod shahridagi 16-maktabni hududdagi eng namunali maktablardan biri deyishadi.
Bu yil O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami arafasida “UzAvto Motors” kompaniyasining o‘qituvchilar uchun tashkil etgan aksiyasida ko‘p yillar ta’lim sohasiga salmoqli hissa qo‘shgan, ilg‘or pedagoglar qatorida 16-maktabning ikki nafar o‘qituvchisi — Oysanam Jo‘lanova va Gulchehra Turonova imtiyozli avtokredit asosida “Neksiya 3” avtomobiliga ega bo‘ldi.
Mazkur bayram arafasida Prezidentimiz farmoniga binoan, kimyo fani o‘qituvchisi Gulchehra Turonova “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Gulchehra Turonova mehnatsevar, jonkuyar o‘qituvchi. O‘quvchilarga nisbatan talabchan, mehribon va xushmuomalaligi bilan jamoa mehrini qozongan. Darslarida imkon qadar yangi pedagogik texnologiyalar, noodatiy usullardan unumli foydalanadi. Har bir o‘quvchini mashg‘ulotga qiziqtira oladi, shogirdlarini mustaqil mantiqiy fikrlashga o‘rgatadi.
Gulchehra Turonova o‘tkazgan namunali darslar maktab ma’muriyati va shahar metodika kengashi tomonidan yuqori baholanib, ko‘p marta shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlangan. Muallim 2013-yildan buyon kimyo fani bo‘yicha Bekobod shahrida tuman kimyo fani o‘qituvchilariga mahorat darslari o‘tmoqda. Bundan tashqari, umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘quvchilarda kompetensiyaviy yondashuvni shakllantirishga yo‘naltirilgan DTS va o‘quv dasturlari loyihalarini tajriba-sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kimyo fanidan eksperimentator o‘qituvchi sifatida ish olib boradi.
U 2015-yili viloyatda o‘tkazilgan “Eng yaxshi kimyo fan kabineti mudiri” tanlovida 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan.
— Gulchehra jamoamiz faxri, — deydi maktab rahbari Ortiqjon Ma’rufova. — Berilgan har qanday vazifani sidqidildan bajaradi. Jamoada ham, oilada ham mas’uliyatni chuqur his etadigan inson. O‘z kasbining mohir ustasi bo‘lgan bunday ijodkor o‘qituvchidan ko‘p narsani o‘rgansa, arziydi.
— Bu yuksak mukofot zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshiradi, — deydi “Do‘stlik” ordeni sohibasi Gulchehra Turonova. — Bundan-da ko‘proq ishlashim, tinimsiz izlanishim zarur. Qolaversa, ushbu yuksak mukofot faqat menga emas, jamoamga, meni kamolga yetkazgan ustozlarimga berilgan mukofot deb bilaman.
Ashurali BOYMURODOV