O‘quvchi talaba bo‘lolmasa… kim aybdor?
Shu yil 23-oktabr kuni Xalq ta’limi vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda mamlakatimizdagi har bir viloyat, tuman (shahar) kesimida umumta’lim maktablari bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga qamrab olinishi ko‘rsatkichi tahlil qilindi. Tahlillar asosida hududlardagi ta’lim sifatiga baho berildi. Hay’at majlisida oliy o‘quv yurtiga kirishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktab rahbarlari rag‘batlantirilishi, aksincha, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan, ta’lim sifatini oshirish uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanmagan, tashabbus ko‘rsatmagan viloyat, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri va maktab rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Yig‘ilishdan so‘ng, tizimda faoliyat yuritayotgan pedagoglar o‘quvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichiga qarab maktab rahbarlari va o‘qituvchilarga jazo choralarini ko‘rish xususida turli qarama-qarshi fikrlarni bildirdi. Gazetamizning “Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida ham bu mavzuda qizg‘in bahs yuritildi.
Ravshan:
— Shu masala bo‘yicha ikkita holatni ko‘z oldimizga keltiraylik. Birinchisi, deylik, biror-bir umumta’lim maktabidan 5 nafar o‘quvchi yuqori nufuzli OTMga hujjat topshiradi. Ular o‘rtacha 150 ball to‘playdi, lekin o‘qishga qabul qilinmaydi.
Ikkinchisi, boshqa bir umumta’lim maktabidan 5 nafar o‘quvchi yuqori nufuzga ega bo‘lmagan OTMga hujjat topshiradi. Ular o‘rtacha 76 ball to‘playdi, lekin o‘qishga qabul qilinmaydi. Bu holatda umumta’lim maktabi rahbarining aybi nima?
Shohida DONIYOROVA:
— Bir sinfda 35–38 nafargacha o‘quvchiga dars o‘tadigan o‘qituvchi qaysi biri bilan ishlasin?! Yana ko‘plab maktablarda dars ikki smenada olib boriladi...
Dilnoza AHMEDOVA, Toshkent tumanidagi 17-maktab direktori:
— Repetitorga qatnab, OTMga o‘qishga kirgan bola uchun direktor rag‘batlantirilsa yoki oliy ta’limda davlat budjeti asosida o‘qishni ko‘zlab, ammo bali yetmay, shartnoma pulini ham to‘lolmay, talaba bo‘lolmagan o‘quvchi uchun ham direktor jazolansa... Bu qanchalik adolatli yechim?
Sohiba SHOKIROVA:
— Bu muammoda hududiy omillarni ham hisobga olish kerak. Aholisi asosan hunarmandchilik yoki savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan hududlar bor. Bu hududdagi oilalar uchun farzandlarining OTMlarda o‘qishi unchalik ahamiyatga ega emas. Tinimsiz tashviqot olib borib, muayyan natijaga erishish mumkindir, lekin bu ko‘rsatkich ham uncha yuqori bo‘lmaydi.
G‘ayrat QORABEKOV, Bulung‘ur tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi:
— Men bu qarorni to‘g‘ri deb hisoblayman. Sababi, maktab ta’limi, kadrlar masalasi direktorga bog‘liq. Maktab reytingi o‘quvchilar bilimi, o‘qituvchilarning malaka toifasi bilan belgilansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu vaqtgacha fan olimpiadasi, bilimlar bellashuvi va ko‘rik-tanlovlarda yaxshi natijaga erisholmagan maktab o‘qituvchilari ham ustama olgan. Adolat yuzaga chiqishi uchun o‘quvchilar bilimini aniqlab, o‘qituvchi va maktab rahbarlariga rag‘bat yoki jazo qo‘llash o‘rinli.
Xurshida NISHONOVA, Namangan shahridagi 43-maktab o‘qituvchisi:
— Maktabda ta‘lim sifati yuqori, o‘quvchining o‘zi OTMda o‘qishni xohlaydi, ammo ota-onasi rozi bo‘lmagan holatlarga guvoh bo‘ldik. Bu muammoga hudud nuqtayi nazaridan ham yondashish kerak. Ma’lum vaqt ziyoli qatlamning qadri tushgani sabab o‘qishdan ko‘ra hunar o‘rganib, pul topgan yaxshi, degan fikr ko‘pchilikning ongiga singib qoldi.
Nurxon BEKNIYOZOV: — O‘quvchilarining OTMga o‘qishga kirgan yoki kirmaganiga qarab maktab rahbarlariga baho berish qanchalik to‘g‘ri? O‘qishga to‘lov-shartnoma summasi oshirilgan qo‘shimcha kvota asosida qabul qilingan abituriyentlarning bilimi haminqadar-ku! Bundan tashqari, maktabda ta’lim sifati yaxshi bo‘lsa, bitiruvchilarning aksariyati nufuzli OTMlarda o‘qishni xohlaydi. Ba’zan o‘qishga kirolmay qolishi ham mumkin. Ayrim maktab o‘qituvchilari o‘quvchilaridan nufuzi pastroq OTMga hujjat topshirishini talab qiladi. Natijada bitiruvchilar minimal ball bilan o‘qishga kiradi. Yana bir holat: aytaylik, maktabda a’lo bahoga o‘qib, oilaviy sharoiti og‘irligi tufayli OTMda o‘qiy olmagan o‘quvchilarning bilimi yo‘qmi? Nazarimda, OTMga necha nafar o‘quvchisi hujjat topshirgani va ularning o‘rtacha bilim samaradorligi necha balni tashkil etishiga qarab maktab jamoasi mehnatiga baho qo‘yilsa to‘g‘ri bo‘lardi. Agar bitiruvchilarning bitiruv imtihonlari respublika darajasida bir xil talab asosida o‘tkazilib, tahlil qilinsa, unda adolat ancha qaror topardi. Hozirgi tahlillar esa maktab jamoasining mehnati mahsulini to‘laqonli ko‘rsatib berolmaydi. Bu tahlillardan respublika bo‘yicha maktablarning umumiy reytingini aniqlashning 10 dan 1 bo‘lagi sifatida foydalansa bo‘ladi, deb hisoblayman.
Hoshim HAKIMOV, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:
— OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichining pastligi bir necha omillarga borib taqaladi. Masalan, maktablarning shart-sharoitini ham hisobga olish kerak. 400 o‘rinli maktabda 800 nafar o‘quvchi o‘qisa, to‘garaklar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun xonalar mavjud bo‘lmasa... Fikrimcha, avval shu muammolarni hal qilish kerak. Maktab rahbariyatining ayni masalada jazolanishi, xuddi dars tayyorlamagan o‘quvchisining muammolarini o‘rganib, amaliy yordam berish o‘rniga, hech narsadan bexabar turib uni jazolayotgan mahoratsiz pedagogning ishiga o‘xshaydi.
Muzaffar QOSIMOV, Farg‘ona tumanidagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Natijaga qarab baho berilsa — bu yaxshi: o‘sish bo‘ladi, harakat qilinadi. Ammo repetitor masalasini ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, maktabda olingan bilim bilan ham o‘qishga kirsa bo‘ladi. Ammo o‘quvchilar va ota-onalarda repetitorga bormagan o‘qishga kirolmaydi, degan tushuncha shakllanib qolgan. Bu holat esa OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichiga qarab maktablar reytingini aniqlash noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Biz yashaydigan hududda bolalar o‘qishdan ko‘ra ko‘proq dehqonchilik, chorvachilik yoki hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Shu kasb orqasidan o‘ziga to‘q hayot kechiradi. Institut, universitetda o‘qimagan bo‘lsa-da, ular o‘z kasbining ustasi. Maktabimiz reytingini o‘ylab ularni OTMga jalb etishimizga nima hojat bor?! Axir hayotimizda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, ammo o‘z kasbining ustasi bo‘lgan insonlarga ham muhtoj bo‘lamiz-ku. O‘quvchining talaba bo‘lish-bo‘lmasligi direktorga bog‘liq emas. Bitiruvchi talaba bo‘lsa, u bunga o‘z ilmi, mehnati bilan erishadi. Hamma OTMda o‘qiyman, deyaversa, kim hunarmand bo‘ladi, kim usta, santexnik bo‘ladi?
Gulchehra ASHUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Toshkent shahriga mo‘ljalni balandroq qo‘yish kerak. Sababi, poytaxt maktablaridagi sharoit bilan viloyat, qishloqlardagi maktablar o‘rtasida farq katta. Shuningdek, o‘quvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichi pastligiga ko‘plab sabablarni keltirish mumkin. Masalan, birinchi vaj — maktab direktori. O‘quvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun maktab rahbarining jazolanishini quvvatlayman. Ammo o‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-quruq barobar yonishi ham ma’qul emas. Maktab rahbari — maktabning bosh lokomotivi. U muassasadagi ta’lim-tarbiya jarayoni va sifatiga bosh javobgar. Fidoyi rahbarlar bor. Jonkuyarligi, tinimsiz izlanishi, maktab reytingi uchun jon kuydirishi tahsinga loyiq! Ammo shunday maktab rahbarlari borki, ularni nafaqat jazolash, tizimdan chetlatish lozim. Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan rahbar kadrlarni to‘g‘ri tanlamaslik, tanish-bilishchilik, korrupsiya kabi holatlar tufayli maktablarga salohiyatsiz rahbarlar keladi. Buning natijasida kadrlar qo‘nimsizligi yuzaga chiqadi. Guruhbozlik, laganbardorlik avj oladi. Mehnat qilgan qadrlanmay, bilimsizlar rag‘batlantiriladi. Mana shunday nosog‘lom muhitda ta’lim ham oqsayveradi.
Barnogul YO‘LDOSHEVA:
— Tuman markazidan 200 km uzoqda yashaymiz — tog‘ning tepasida. Ammo maktabimizda ta’lim jarayoni juda ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Fikrimcha, maktablarda o‘quvchilarning bilimli bo‘lishi, ilm olishga qiziqishi to‘liq direktor va o‘rinbosarlariga bog‘liq.
Shohrux ABDURAIMOV:
— O‘quvchilari OTMga o‘qishga kirishda yaxshi natijaga erishganlarni rag‘batlantirish kerak. Umuman o‘quvchisi kirolmaganlarni esa jazolash to‘g‘ri emas. Olis qishloqlar bor. U yerlarda mutaxassislar yetishmaydi. Ulardan buni talab qilish noto‘g‘ri. O‘sha maktab bolalari o‘qishni tamomlagach, tuman markazidagi repetitorlarga qatnab, keyin talaba bo‘ladi.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— OTMga o‘qishga kirish uchun puxta bilim kerak. Bunga ega bo‘lish uchun o‘quvchilar repetitorga qatnayapti. Repetitorsiz talaba bo‘lish mumkin emasmi, degan savol tug‘iladi. Axir maktabda ham barcha imkoniyatlar yaratilyapti! Maktab rahbari jonkuyar, fidoyi, har tomonlama intiluvchan bo‘lsa, o‘sha muassasa o‘quvchisi ham repetitorsiz o‘qishga kira oladi.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi:
— Maktabdagi ta‘lim-tarbiyaning sifati mahoratli rahbarga bog‘liq. Talabchan rahbarlar bor joyda ota-ona, o‘qituvchilar, mahalla faollari — hamma yaxshi ishlaydi. Rahbar qanday bo‘lsa, xodim ham shunday bo‘ladi. Ijobiy ma’noda ham, salbiy ma’noda ham.
Zilola MADATOVA tayyorladi.