“O‘zbek tilim — iftixorim” mavzusidagi insholar va videolavhalar tanlovi g‘oliblari aniqlandi
O‘zbek tilining davlat tili sifatida maqomini oshirish, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish va yoshlarda o‘zbek tiliga bo‘lgan yuksak hurmatni shakllantirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” Qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” 2019-yil 4-oktabrda PQ-4479-sonli qarori hamda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 21-oktabrda PF-5850-sonli Farmoni imzolandi.
Prezidentimiz tomonidan 21-oktabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi.
Ushbu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “O‘zbek tilim - iftixorim” mavzusida insholar va videolavhalar tanlovi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur tanlovda respublika bo‘yicha ta’lim 7 tilda olib boriladigan barcha umumta’lim maktablarining 4-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Jumladan, respublika bo‘yicha:
600 mingdan ortiq 4-sinf o‘quvchilari tomonidan o‘zbek tilida diktant yozildi;
4 mln.ga yaqin 5-11-sinf o‘quvchilari tomonidan o‘zbek tilida insho yozildi;
5-11-sinf o‘quvchilari tomonidan she’r, qo‘shiq, nutq, kreativ bayram tabrigi ko‘rinishidagi videolavhalar tayyorlandi.
Hakamlar hay’ati tomonidan insholar va videolavhalar tahlil qilinib, g‘oliblar aniqlandi.
Unga ko‘ra:
insholar tanlovida 49 ta 1-o‘rin, 49 ta 2-o‘rin, 49 ta 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi;
videolavha tanlovida 1 ta 1-o‘rin, 1 ta 2-o‘rin, 1 ta 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi;
Mazkur tanlovlar g‘oliblariga tadbir tashkilotchilari tomonidan esdalik sovg‘a sifatida 1-o‘rin uchun 50 dona noutbuk, 2-o‘rin uchun 50 dona planshet, 3-o‘rin uchun 50 dona smartfon ajratildi.
Mazkur tanlovni o‘tkazish orqali:
5 mln. ga yaqin o‘quvchilar o‘zbek tilida diktant va insholar yozishdi;
o‘quvchilarning o‘zbek tili bo‘yicha imloviy savodxonligi oshirildi;
o‘quvchilar insho yozish jarayonida o‘zbek tilining jahon miqyosida tan olinganligini yana bir bor anglashdi;
maktablarda o‘zbek tili nufuzi va mavqeini oshirishga urg‘u berildi;
o‘quvchilar insho yozish orqali real hayotda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeiga sovuqqon va loqayd munosabatda bulayotgan aksariyat yurtdoshlarimizga o‘zlarining tanqidiy munosabatlarini bildirishdi;
o‘quvchilar o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatlarini videolavha shaklida ijtimoiy tarmoqlar (facebook, instagram), messenjer (telegram) va veb-sayt sahifalariga (uzedu.uz, youtube.com, letogram.com) joylashtirishdi;
Bu tanlov yurtimizda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirish borasidagi qadamlardan biridir.