Pedagoglik men uchun san’at
Malakali muallim darsni hayotiy voqealar bilan bog‘lab, bolaga tarbiya ham beradi. O‘quvchini borliqni his etishga, mustaqil fikrlashga o‘rgatadi. Bolani hayratga solish, uning diqqatini jalb eta olish bugungi kun o‘qituvchisidan katta tajriba va mahorat talab etadi.
Buning uchun pedagog kuchli bilim, ko‘rgazmali qurollar, pedtexnologiyalarga ega bo‘lishi kerak. O‘qituvchi avvalo sinfdagi bolalarning fe’l-atvori, qobiliyat va iqtidoridan kelib chiqib har biriga alohida e’tibor qaratishi zarur. Chunki ularning fikri, dunyoqarashi, ma’lumotni qabul qilish darajasi har xil. Ko‘rgazmali qurollar rang-barang va qiziqarli bo‘lishi lozim. Masalan, matematika darslarida gramm, kilogramm, sentner kabi tushunchalar tarozi va uning toshlari aks etgan ko‘rgazmalar orqali tushuntirilsa, o‘quvchilarning iqtisodiy bilimi oshadi, qolaversa, mustaqil savdo qila olish malakasi shakllanadi. Texnologiya hamda tasviriy san’at darslarida qo‘llaniladigan, mavzular kesimida tayyorlangan ko‘rgazmali qurollar ham muayyan maqsad(atrof-muhitni asrash, ona Vatanga sadoqat)ga qaratilib tayyorlanishi maqsadga muvofiq. O‘qituvchi ko‘rgazmali qurollarni yasashda uni tayyorlash talabi va ko‘rsatmalariga rioya qilishi juda muhim. Ko‘rgazmali qurollarning yozuvlari me’yoriy kattalikda bo‘lishi, tushunarli, biroq o‘ta jimjimador bo‘lmasligi kerak. Ko‘rgazmali qurollarni yaratish bilim va did talab etadigan san’at bo‘lsa, uni darsda qo‘llay olish ham alohida mahoratdir. Shu bois bugun pedagoglarga ta’rif berilganda mohir, bilimdon, izlanuvchan, tirishqoq kabi so‘zlar qatoriga “mukammal pedagogik san’at egasi” degan jumlani ham qo‘shishni istayman. Zero, pedagoglik men uchun san’atdir.
Nargiza RAHMONOVA, Qo‘qon shahridagi 35-maktab o‘qituvchisi