Inkor etilayotgan ingliz tili darsliklari
So‘nggi yillarda ingliz tilini o‘rganish tizimini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda, bu borada qator qarorlar ham qabul qilindi. Ammo ingliz tilini o‘rganish uchun mukammal dastur va darsliklar yaratilmayapti. Shu bois ham hozirgacha yaratilganlari o‘qituvchi va o‘quvchilar tomonidan tan olinmayapti. Achinarli tomoni shundaki, 1-sinfdan 11-sinfga qadar ingliz tili darsliklari sistemali tayyorlanmagan, grammatik mavzular tartibsiz va tushunarsiz berilgan (imlo xatolaridan ko‘z yumib aytganda). Nega oliy o‘quv yurtiga tayyorlanayotgan abituriyent boshqa, masalan, tarix, kimyo, biologiya, matematika fanlariga oid darsliklardan yetarlicha foydalanadi-yu, ingliz tili fanidan tayyorlanish uchun bizning darsliklarga tayanmay, chet el qo‘llanmalarini o‘qib-o‘rganyapti?
Demak, ingliz tili darsliklarimiz bugungi kun talabiga javob bermaydi. Masalan, 1-sinf ingliz tili mavzulari har xil morfologik mavzudagi gap va iboralar bilan berilgan. Fonetik qiyinchilikka va grammatik muammolarga e’tibor berilmagan. Aslida, tartibsiz rasmlar o‘rniga sodda gap va iboralardan til mashqlari yoki she’rlar, qo‘shiq va maqollar soddalashtirilib, grammatika va fonetikaga moslashtirilib berilishi kerak.
2-sinf darsligida ham xuddi shunday palapartishlik mavjud. Bu kitobda o‘qishni o‘rgatadigan yoki fonetikaga e’tibor qaratilgan birorta mavzu yo‘q! Axir 26 harf, 40 dan ziyod tovushni o‘rgatishning dastlabki bosqichini 2-sinfdan boshlashimiz kerakmasmi? 3- va 4-sinf darsliklari mavzusi esa deyarli bir xil. Ozgina grammatik va fonetik mashqlar berilsa va ularni o‘quvchilar qiziqarli tarzda sinfda maza qilib bajarsa, kitob biroz foydaliroq bo‘lardi.
5–7-sinf darsligida birinchi mavzu oddiy darak gap bo‘lsa, ikkinchi mavzuda ko‘rsatish olmoshiga “sakrab” o‘tib ketilgan. 8- va 9-sinf ingliz tili darsliklarida esa tushunarsiz va eskirgan siyosiy mavzular ham bor. Yaqindagina nashrdan chiqqan 10- va 11-sinf darsligi esa shundoqqina kollej darsligidan ko‘chirilgan.
Chet tili o‘qituvchisi sifatida shuni aytishim mumkinki, bugungi kun ingliz tili darsligini barcha uchun foydali va asqotadigan qilib yaratish uchun, avvalo, o‘quvchining talabini, respublikamizdagi OTM va xorijiy universitet filiallariga kirish imtihonlari darajasini o‘rganish maqsadga muvofiq. Xorijiy ingliz tili fani darsligi va qo‘llanmalarining samarali jihatlarini o‘rganib, ularni o‘z darsliklarimizga tatbiq qilsak, maktablarda ingliz tili fanini o‘qitish yanada takomillashadi. Ko‘plab o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliq kamayadi.
Olimjon JALILOV, Jizzax shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi