O‘qituvchilikni majburiy kasbiy litsenziyalash nechog‘lik dolzarb ?
Davlatimiz tomonidan taʼlimga kuchli eʼtibor - soʻngi uch yillikdagi eng muhim islohotlardan biri boʻldi. Bunda asosiy maqsad Oʻzbekistonning yangi taʼlim tizimini yaratish, Vatanimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan, yurt ravnaqi yoʻlida munosib hissa qoʻshuvchi malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan.
Joriy yilning 23-avgust kuni Prezidentimiz boshchiligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida maktab taʼlimini rivojlantirish buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi, ustozlarga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatish – jamiyatimizda oliy qadriyat darajasiga koʻtarilishi zarur ekanligi belgilandi. Shuningdek, joylarda barcha rahbarlar va mutasaddilar “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik” shiorini dasturilamal qilib, maktab taʼlimini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga yetakchilik qilishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Shunga muvofiq, oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, taʼlim sifati nazoratini kuchaytirish hamda tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qoʻllash ishlarini tashkillashtirish maqsadida turli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan tarkib topgan Respublika Ishchi guruhlari tuzilib, uch oydan buyon barcha hududlarda faoliyat olib borishmoqda. Mazkur ishchi guruh tarkibidagi Taʼlim inspeksiyasi vakillari tomonidan viloyatdagi maktab oʻqituvchilariga doimiy metodik xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy dars oʻtishda ilgʻor texnologiyalardan foydalanish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish maqsadida uchrashuvlar va mahorat darslari oʻtkazilmoqda.
Bugun jamiyatda oʻqituvchilar mavqeyini oshirish, ularni majburiy mehnatga jalb qilmaslik, turli imtiyozlar yaratish va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha huquqiy asoslar yaratilmoqda. Xususan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻrnak koʻrsatgan oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida direktor jamgʻarmasi tashkil etilgan boʻlib, u oʻquv-tarbiya jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishni ragʻbatlantirish, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlariga oylik ustama belgilash, pedagog xodimlarni mukofotlash va ularga moddiy yordam berish, oʻqituvchilarning kasb mahorati va malakasini oshirishini ragʻbatlantirishga xizmat qilib kelmoqda. Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi PQ–1875-sonli “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida taʼlim muassasalarining chet til oʻqituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga 15-30 % hajmda oylik ustama belgilash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Uchinchidan, ayrim fanlar chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlari va ijod maktablarida dars berayotgan oʻqituvchilarga (20%) qoʻshimcha ustama haqlar toʻlanadi. Toʻrtinchidan, oʻquv fani boʻyicha malakasi, dars oʻtish mahorati, mehnati samaradorligi va ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirgan pedagog kadrlarni ragʻbatlantirish, ish haqi miqdorini oshirish imkoniyatlarini yaratish maqsadida pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalarini belgilash yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, joriy yilda pedagog kadrlar attestatsiyadan oʻtkazish tartibi yangilandi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori bilan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, tizimdagi amaliyotchi oʻqituvchilar hamda YUNISEF tashkiloti xalqaro ekspertlari bilan birgalikda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda tayyorlangan ushbu Nizomda pedagog kadrlarga qulayliklar yaratish maqsadida attestatsiya jarayoni soddalashtirildi hamda joriy yilda mart-aprel oylarida navbatdagi va may-iyun oylarida navbatdan tashqari attestatsiya tashkil qilindi.
Yillar mobaynida pedagoglarning eʼtiroziga sabab boʻlib kelgan holatlarni bartaraf etish maqsadida ushbu jarayonga bir qator yangiliklar kiritildi. Xususan, pedagog kadrlar attestatsiyasining malaka (test) sinovlari real vaqt rejimida, onlayn tarzda, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlangan Oliy taʼlim muassasalari va Taʼlim inspeksiyasining binolarida Xalq taʼlimi vazirligi hududiy boshqaruv idoralari vakillari ishtirokida oʻtkazildi. Bu esa oʻz navbatida attestatsiya jarayonlarining shaffof va xolis oʻtkazilishida asosiy omil sifatida xizmat qilmoqda. Bundan tashqari endi pedagoglarimiz oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishlari mumkin.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, ushbu attestatsiyalarda xalq taʼlimi tizimida faoliyat olib borayotgan 56 500 nafar pedagoglar ishtirok etib, ulardan 4457 nafari (7,9%) oliy malaka toifasiga, 24 500 nafari (43,3%) birinchi malaka toifasiga ega boʻlishdi. 2018-yilga nisbatan oliy toifali oʻqituvchilar ulushi 2,5% dan 3,5% ga, birinchi malaka toifalilar 10,2% dan 14,2% ga oshdi.
Bilamizki, bugun taʼlim tizimini isloh qilishda xalqaro tajribalardan va xalqaro ekspertlarning tavsiyalaridan keng foydalanamiz. Ammo mamlakatimizda xalqaro ekspertlar bilan taʼlim sohasida yangi loyihalar muhokama qilinganda, ular har doim bir narsani alohida taʼkidlashadi yaʼni bir islohot qilaman deb, mavjud yaxshi tajribalarni yoʻqqa chiqarmaslik kerak. Chunki bir davlatda yaxshi ishlagan tizim boshqa mamlakatda toʻliq ishlab ketmagan holatlar ham koʻp kuzatilgan.
Yuqorida aytilganidek, oʻqituvchilarning attestatsiya tizimi yaqindagina yangi nizom asosida joriy qilinganiga qaramasdan, bu tizimni boshqa nomlar bilan atash orqali oʻzgartirishga takliflar berilmoqda. Aslida oʻqituvchilarni motivatsiya qilish uchun jarayonni qanday nomlash muhim emas, asosiysi, joriy etilgan muayyan tizimning davomiy va sifatli ishlashini hamda pedagoglarga yetarli shart-sharoit yaratishni mustahkamlash lozim. Chunki taʼlim sohasida olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, yutuq va kamchiliklari, mohiyati va oqibatlari hisobga olinmasdan taklif etilayotgan ayrim loyihalar keng jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan, pedagoglarga majburiy kasbiy litsenziya berish masalasi shular jumlasidandir. Bu jarayon oʻqituvchilar orasida turli tushunmovchilik va eʼtirozlarni yuzaga keltirmoqda. Pedagoglar mazkur masala yuzasidan aniqlik kiritishni soʻrab Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga murojaat qilishmoqda.
Shu oʻrinda pedagog kadrlar faoliyatini attestatsiya qilish, litsenziyalash, sertifikatsiyalash masalasida xorijiy davlatlar tajribasiga nazar solsak. Haqiqatdan ham ayrim davlatlarda oʻqituvchi boʻlib ishlash uchun sertifikatsiyadan oʻtkaziladi. Masalan, Janubiy Koreyada, Yaponiyada yoki Fransiyada pedagogika yoʻnalishida oliy taʼlim muassasalarini bitirgach, oʻqituvchilik kasbi bilan shugʻullanish uchun markazlashgan vakant joylar boʻyicha eʼlon qilingan tanlovlarda qatnashadi. Bu tanlovlardan oʻtish oson emas, unda talabgorning oʻz sohasi boʻyicha bilimlari, pedagogik, metodik mahorati, dars oʻtishi kabi salohiyatlari baholanadi, natijasiga koʻra ish joyi aniqlanadi va qoʻliga sertifikat beriladi. Tanlov eʼlon qilinishining sababi esa, aksariyat hollarda bir oʻqituvchi oʻrniga bir necha talabgor kutib turadi. Davlat oliy taʼlim bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash kafolatini boʻyniga olmaydi, raqobat katta, kim oʻtsa unga “davlat xizmatchisi” kafolatlangan oʻqituvchi lavozimi beriladi.
Oʻzbekistonda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan oʻqituvchilarning sifat tarkibini belgilash va ular mehnatini ragʻbatlantirib borish ularni attestatsiyadan oʻtkazish orqali amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda esa xalq taʼlimi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan 466462 nafar pedagog xodimlarning 64622 nafari (14,6%)ni oʻrta maxsus maʼlumotli, 3,1 % oliy malaka, 14,6% birinchi malaka, 29,4% ikkinchi malaka toifasiga ega, qolgan 52,9% oʻqituvchi toifaga ega emas, pedagog kadrlarga boʻlgan qoʻshimcha ehtiyoj 1 stavka hisobidan 3396 nafarni tashkil qiladi.
Shunday ekan, maktablarda, ayniqsa, olis, chekka hududlardagi maktablarda oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyoj toʻliq qoplanmayotgan bir vaqtda amaldagi tizimni oʻzgartirmasdan yaʼni attestatsiya jarayonlarni yuqori saviyada tashkil qilish orqali ham koʻplab maqsadlarga erishish mumkin. Pedagoglarni ortiqcha sinash va ulardan talab qilish orqali bilim va salohiyatlarini oshirib boʻlmaydi. Dastlab pedagoglar oʻz ustida ishlashi uchun sharoit yaratish, sifatli malaka oshirish tizimini yoʻlga qoʻyish hamda maktablarda oʻqituvchiga boʻlgan mavjud ehtiyojni qoplash lozim.
Yana bir muhim masala, xorijiy tajriba tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyati uchun litsenziya berish umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining yuqori turuvchi organi tomonidan emas, xolislik va shaffoflik prinsipidan kelib chiqib, taʼlim muassasalari uchun neytral boʻlgan vakolatli organ tomonidan amalga oshirilishi zarur. Ammo taklif etilayotgan loyihalarda ushbu jarayonning yuqori turuvchi vazirlik oʻz tizimida amalga oshirishi xolislik darajasini pastga tushirib yuboradi.
Shu bilan birga bugun oʻqituvchilarni qiynayotgan yana bir jihatga toʻxtalsak. Mutaxassis malaka toifasidan ikkinchi malaka toifasiga oʻtish Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ammo 2019-yilda ikkinchi malaka toifasiga talabgor 55 mingga yaqin mutaxassis pedagoglar uchun oʻtkazilishi kerak boʻlgan attestatsiya jarayoni shu kunga qadar kechikmoqda. Ushbu jarayon ham oʻqituvchilar orasida noroziliklarga sabab boʻlmoqda. Shu oʻrinda, oʻqituvchi obroʻsi, nufuzi va malakasini oshirish asosiy maqsadimiz boʻlgan bir paytda, ular uchun yana yangi tizim joriy etish ne chogʻli foydali boʻladi? Aslida oʻqituvchilarni oʻz ustida ishlashga va toifa olishga boʻlgan qizishlarini oshirish uchun haq toʻlashda toifalar oʻrtasidagi tafovutni oshirish ustida oʻylab koʻrish muhim, nazarimizda. Bu borada taʼlim tizimini isloh qilishga oid mavjud qarorlarni sifatli ijro etilishi taʼminlash hamda muammolarni joyida oʻrganib oʻqituvchilarga amaliy koʻmak berishda barcha vazirlik va idoralar hamkorlikda ishlashi lozim.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi