Nega o‘qituvchi va o‘quvchi kelisha olmayapti?
Xalq ta’limi tizimi mutaxassislarining ma’lum qilishicha, pedagogika oliy o‘quv yurti diplomiga ega mutaxassislarning ayrimlari har doim ham maktabda dars berishga tayyor bo‘lmayapti. O‘sha mutaxassisda pedagogik va bolalar bilan ishlash ko‘nikmasi yo‘q. Bolalar psixologiyasini bilmaydi. Natijada o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida turli nizolar kelib chiqmoqda.
Shu bois 2021-yil 1-yanvardan boshlab xalq ta’limi muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan iborat, o‘qituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy litsenziyalash tartibi bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Litsenziyalash tartibi joriy etilishi malakali, bilimli, pedagogik mahoratga ega va psixologik bilimga ega o‘qituvchilarni tanlash imkonini beradi. Bu bolalarni himoya qilish va ta’lim sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yangi tizim o‘qituvchilar uchun motivatsiya hisoblanadi. Malaka toifasi bo‘lmagan o‘qituvchi kasbiy litsenziya olganidan so‘ng uning mehnatiga haq to‘lash shartlari ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarga tenglashtiriladi. Litsenziyaga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning maoshlari bunday hujjatga ega bo‘lmagan mutaxassisga qaraganda yuqoriroq bo‘ladi.
Litsenziya imtihoni uch bosqichda bepul amalga oshiriladi. Xalq ta’limi tizimida kasbiy litsenziyalash maqsadining pul ishlash bilan bog‘liq joyi yo‘q. Imtihonlar bepul o‘tkaziladi.
Imtihon uchta bosqichda – o‘z fanini bilish, pedagogik mahorat, psixologik barqarorlik bo‘yicha o‘tkaziladi. Bu amaliy imtihonlarda muallimlarning sohasi bo‘yicha bilimini tekshiradi, o‘quvchilarni dars jarayoniga jalb qilish mahorati sinovdan o‘tkaziladi va bola bilan ishlay olish ko‘nikmasi qay darajada ekani hisobga olinadi. Imtihonlarni o‘tkazishda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
– O‘qituvchilarga imtihonlarni ko‘paytirmaslik uchun litsenziya imtihonini mavjud “Ikkinchi toifali o‘qituvchi” degan sinovning o‘rniga joriy etish mo‘ljallanyapti, – deydi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov. – Bundan tashqari, litsenziya sinovini topshirgan o‘qituvchining oyligi bir necha barobar yuqori etib belgilanadi. Bunday o‘qituvchilarga alohida nishon berish ham rejada bor. Yaponiyada ustozlik nishoni bor odamlarga alohida hurmat ko‘rsatilishi haqida ko‘p eshitganmiz. Biz uchun bu xayoliy hikoya bo‘lishi mumkin, biroq xayoliy hikoyani nega hayotiy hikoyaga aylantira olmaymiz?
Kasbiy litsenziyalash tartibi bir necha yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tartibi belgilangani bois kelasi yil imtihon topshirmaganlar ishsiz qolib ketadi degan turli taxminlar tarqalmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, bu kabi taxminlar va gap-so‘zlar asossiz.
2021-yilda faqatgina 5 foiz o‘qituvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy litsenziya berish ko‘zda tutilgan. Xalq ta’limi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, o‘zini imtihonga tayyor deb hisoblagan o‘qituvchi belgilangan bosqichlardan o‘tadi, unga litsenziya beriladi va oylik maoshi oshiriladi.
Ayni paytda muhokamasi tugallangan “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilyapti. Shundan so‘ng hujjat bo‘yicha boshqa tashkilotlar fikri o‘rganib chiqiladi, so‘ng hujjat Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Barno Meliqulova
Manba: www.uza.uz